JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

O‘zbekistonda yapon tilida olib borilayotgan Yaponiya huquqi bo‘yicha ta’lim — Nagoya universiteti tajribasi

O‘zbekistonda yapon tilida olib borilayotgan Yaponiya huquqi bo‘yicha ta’lim — Nagoya universiteti tajribasi

1990-yillarning o‘rtalaridan boshlab Yaponiya hukumati Osiyo davlatlariga qonunchilik tizimlarni takomillashtirishda yordam ko‘rsatib kelmoqda. Shu munosabat bilan, Nagoya universiteti Osiyodagi bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davlatlarda huquqiy institutlarni rivojlantirish, yuridik ta’limni mustahkamlash va sud tizimini isloh qilishga ko‘maklashish orqali muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, 2000-yilda “Osiyo huquqiy axborot almashinuvi markazi” tashkil etilgan bo‘lib, 2002-yilda u “Xalqaro huquqiy ta’lim bo‘yicha hamkorlik markazi (CALE)”ga reorganizatsiya qilindi. CALEning asosiy missiyasi quyidagi uch yo‘nalishni qamrab oladi:

1. Osiyo huquqi tadqiqotlari va huquqiy tizimlarni takomillashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatish;

2. Yuridik ta’limni qo’llab-quvvatlash;

3. Mahalliy kadrlarning salohiyatini oshirish.

Ikkinchi yo‘nalish doirasida Nagoya universiteti O‘zbekiston, Mongoliya, Vyetnam va Kambodjadagi universitetlar bilan hamkorlik qilib, ushbu mamlakatlarda yapon huquqini yapon tilida o‘qitish faoliyatini amalga oshirmoqda. Ushbu muassasalar “Nagoya universitetining Yapon huquqini tadqiq etish markazi” deb nomlanadi.

Oʻzbekistondagi Yapon huquqini tadqiq etish markazi (CJLU) haqida

O’zbekistondagi Nagoya universitetining Yapon huquqini tadqiq etish markazi (CJLU) toʻrt davlatda tashkil etilgan shunday markazlar orasida birinchisi boʻlib ochilgan. 2000-yilda Nagoya universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) oʻrtasida akademik hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan bo‘lib, ushbu bitim asosida 2005-yilda CJLU tashkil etilgan.

O‘quv dasturi

Toshkent davlat yuridik universiteti

TDYU(Toshkent davlat yuridik universiteti)da o‘qish muddati to‘rt yilni tashkil etadi. Bu davr davomida talabalar universitetning asosiy darslariga qatnashish bilan birga, markazdagi mashg‘ulotlarda ham ishtirok etadilar. Markazdagi darslar haftasiga 5–6 marta o‘tkaziladi va talabalar birinchi kursdan to‘rtinchi kursgacha yapon tilini o‘rganadilar. Bundan tashqari, ikkinchi kursning ikkinchi semestrida talabalar «Yaponiya tarixi» va «Jamiyatshunoslik» kabi fanlarni o‘rganadilar. Uchinchi kursda esa «Yaponiya huquqiy tizimi» fani o‘qitiladi. Unda qiyosiy huquqshunoslikning asoslari, Meydzi davridan boshlab yapon qonunchiligi tarixi hamda yapon jamiyati bilan huquq o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganiladi. To‘rtinchi kursda esa Yaponiya fuqarolik huquqi o‘qitiladi.

Uchinchi kursda talabalar yapon tilida kichik ilmiy tadqiqot ishi – «kurs ishi» (学年論文) yozadilar. Ushbu ishni muvaffaqiyatli topshirgan ikki nafar talaba Nagoya universitetida bir yillik ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Tadqiqot mavzulari talabalar tomonidan mustaqil tanlanadi — masalan, konstitutsiyaviy huquq doirasida «O‘zbekiston Fermerlar kengashiga majburiy a’zolik yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligini cheklaydimi?» kabi mavzular yoki «O‘zbekistonda sudlar sonining yetarli emasligi tufayli adolatni yetarli darajada ta’minlash imkonining yo‘qligi» kabi muammolar.

2023-yil Nagoyada bo‘lib o‘tgan qisqa muddatli seminarda ishtirok etgan talabalar

Bundan tashqari, 4-kursda talabalar Nagoya universiteti Huquq fakulteti magistraturasiga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday o‘qishga kirish uchun talabalar tadqiqot rejasini yozishlari va tavsiya asosidagi imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishlari lozim. Tavsiya imtihoni yozma va og‘zaki imtihonlardan iborat bo‘lib, yozma imtihonda yapon tili va Yaponiya huquqiga oid test savollari hamda amaliy holatlar asosidagi savollar beriladi. Tanlov nafaqat O‘zbekistonlik talabalar, balki qolgan uch davlatdagi markazlarda tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida ham o‘tkaziladi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan talabalar Nagoya universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Nagoya universiteti, Xigashiyama kampusi

Shuningdek, Kanazava universiteti bilan hamkorlik doirasida talabalar ushbu universitetning magistratura bosqichida ham o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun talabalardan yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talab etiladi hamda hujjatlar asosidagi tanlov va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tishlari zarur.

Kundalik hayot

Markaz nafaqat ta’lim maskani, balki talabalar har tomonlama rivojlanadigan makondir. Bu yerda ular qimmatli tajriba orttiradilar, do‘stlar topadilar, o‘zlarini ustida ishlaydilar va tadqiqotchilik ko‘nikmalarini egallaydilar. Huquq darslaridan tashqari, talabalar yapon tilida notiqlik tanlovlarida, yapon an’anaviy karta o‘yini da ishtirok etadilar, sushi tayyorlash,  kalligrafiya yozish, birgalikda sayohat qilishadi, tushlik va kechki ovqatni ham birga iste’mol qiladilar. Bundan tashqari, iyerogliflar bo‘yicha tanlovlar hamda Markaz ichida boshqa ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Kursdoshlar o‘rtasidagi munosabatlar iliq, katta va kichik kurslar o‘rtasidagi aloqalar esa mustahkamdir. Katta kurs talabalari kichik kursdagilarga tushunarsiz bo‘lgan yapon tili grammatikasi yoki Yaponiya huquqiy tizimi haqida tushuntirish beradilar hamda o‘z tajribalariga asoslanib, o‘quv uslublari yoki duch kelayotgan qiyinchiliklar bo‘yicha maslahatlar beradilar. Bunday muhitda har bir kishi boshqalarni qo‘llab-quvvatlash orqali birgalikda o‘sib borayotganini his qiladi.

Sushi tayyorlash
Chimyonga sayohat
Xattotlik darsi

Talabalarning o’ziga xos xususiyatlari

Toshkent davlat yuridik universiteti — O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, universitetga kirish uchun talab etiladigan eng kam ball yuqori bo‘lib, raqobat juda kuchli. Shuning uchun markazda, asosan, juda iqtidorli va motivatsiyali talabalar tahsil olishadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ingliz tilida gaplashadigan kishilar soni ortib bormoqda, shuning uchun markaz talabalari orasida ingliz va yapon tillarida birdek gaplashaoladiganlar ham kam emas. Darslar har kuni o‘tkaziladi va yapon tili mutaxassisligi bo‘lmasada, 2- yoki 3-kursda yapon tili bilim darajasi bo‘yicha N3 yoki N2 sertifikatini oladigan talabalar ko‘p.Biroq Markazning asosiy o‘ziga xos jihati shundaki, talabalar yapon tilida Yaponiya huquqini o‘rganadilar. Ular universitetda O‘zbekistonning huquqiy tizimini o‘rganish bilan birga, markazda Yaponiya huquqining asosiy bilimlarini yapon tilida egallaydilar. Shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, talabalar yapon tilida ilmiy maqola yoki tadqiqot rejasi yozish orqali Yaponiyadagi standartlarga mos keladigan tadqiqot ko‘nikmalarini shakllantira oladilar. Albatta, Yaponiya va O‘zbekiston talab qiladigan darajalar orasida farq mavjud, shuning uchun hali o‘rganilishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Biroq, kamida, talabalar bu ko‘nikmalarni egallash yo‘lida bosqichma-bosqicholdinga intilmoqdalar.

Bitiruvchilarning tajribasi

2025-yil iyul holatiga ko‘ra, Markazni 110 nafar talaba tamomlagan. Ulardan 30 nafardan ortig‘i Nagoya va Yaponiyaning boshqa universitetlarida magistratura dasturlarida tahsil olishgan.

Bitiruvchilar orasida Yaponiyadagi universitetlarda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotganlar, yapon kompaniyalarida faoliyat yuritayotganlar, shuningdek, O‘zbekistonda davlat idoralari, ta’lim muassasalari va xususiy kompaniyalarda mehnat qilayotganlar ham mavjud.

Quyida ayrim bitiruvchilar faoliyati bilan yaqindan tanishishingiz mumkin:

Yaponiya universitetida professor bo’lib faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz

O'zbekistonga kirib kelayotgan kompaniyalarni qo'llab-quvvatlovchi advokat

Toyota Tsusho korxonasida faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz!

Izoh qoldiring
Profile picture