JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiya universitetida professor bo’lib faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz

Yaponiya universitetida professor bo’lib faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz

Umirdinov Alisher

Tug’ilgan joyi: Farg’ona viloyati, Bog’dod tumani

Ish joyi: Nagoya universiteti

O’qish va mehnat faoliyati:

2003-yil: Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavr bosqichiga kirish
2007-yil: Nagoya universiteti huquqshunoslik fakulteti magistratura bosqichiga kirish
2009-yil: Nagoya universiteti doktorantura bosqichiga kirish
2012-yil: Nagoya universiteti doktorantura bosqichini bitirish
2013-yil:  Buyuk Britaniyada ilmiy tadqiqot bo‘yicha o‘qish (ilmiy stajirovka).
2014-yil: Nagoya universiteti, Oliy tadqiqotlar instituti  xodimi
2017-yil: Nagoya iqtisodiyot universitetida dotsent
2024-yil: Nagoya iqtisodiyot universitetida professor
2025-yil: Nagoya universitetida professor

Toshkent davlat yuridik universitetida joylashgan Nagoya universiteti “Yapon huquqini tadqiq qilish markazi”da o’qish

Men 2003-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirdim. O‘sha davrda korrupsiya keng tarqalgan vaqtlar edi, hattoki, kirish imtihonlari oldidan ayrim odamlar orasida imtihon savollari tarqalishi holatlarini ham uchratish mumkin edi. Ammo, men o‘qishga kirgan yilda bunday holatlar bo‘lmagan ko‘rinadi va haqiqiy iqtidorlilar imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishgan deb o’yladim. Shu tufayli, men ham taxminan 4000 nafar abituriyent orasida 3-o‘rinni egallab, universitetga qabul qilindim.

Nagoya universiteti “Yapon huquqini tadqiq qilish markazi” (quyida “Yapon huquq markazi”) haqida 1-kursga kirgan yilimning dekabr oylarida bilib oldim. Dars vaqtida o‘qituvchimiz, “Yapon huquq markazi” tashkil etilayotgani va ingliz tilini yaxshi biladigan talabalar u yerga borishi kerakligini aytdi. Ingliz tilini bilganim sababli men va do‘stlarim dars jarayonida sinfdan chiqarilib, markazga yuborildik. Keyinroq markazning kirish imtihonidan o‘tib, 2004-yil yanvar oyidan boshlab yapon tili darslariga qatnay boshladik. Yapon huquq markazida guruhli mashg‘ulotlar va tadbirlar orqali yapon o‘qituvchilari hamda talabalar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. O‘sha davrda yuridik universitetida hech qanday to‘garak yo‘qligi sababli, markazga a’zo bo‘lmagan talabalar bizga havas qilardi.

O‘sha davrda Yapon huquqi markazi endi tashkil etilgan edi, shuning uchun hali o’quv dastur va rejasi yo‘q edi, shuningdek, zarur jihozlar ham yetarli emas edi. Harakat va xatolardan saboq chiqarib, hammamiz birgalikda  markazni barpo qildik, deb o’ylayman.

2005-yilda “Yapon huquqi markazi” rasman ochildi. Yaponiyadan parlament a’zolari tashrif buyurganida yoki Yaponiyaga oid tadbirlar Toshkentda tashkil etilganda, men ham talaba sifatida taklif qilinib, yapon tilida tabrik nutqlari bilan chiqish qilardim. Hatto O‘zbekiston davlat teleradiokompaniyasiga taklif qilinib, intervyu ham berganman. O‘sha paytda chet elga chiqqan odamlarga josuslik qilish ehtimoli bor deb shubha bilan qaraladigan va sudya yoki prokuror bo‘lish imkoniyati berilmaydigan davr edi. Ammo ushbu tajribalar va Yaponiyada qisqa muddatli seminarlarda ishtirok etish orqali Yaponiyani o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan keyin, men uchun chet elda o‘qish orzusi yanada mustahkam bo‘ldi.

Magistratura va doktorantura davridagi tajribalar

Astoydil o‘qiganligim natijasida Nagoya universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Yaponiyaga kelganimning ilk kunlarida ko‘p qiyinchiliklarga duch keldim. JLPT N1 sertifikatini olganim sababli o‘zimga bo’lgan ishonchim baland edi, ammo ilk dars kunlarida o‘qituvchilarning yapon talabalarga qarata aytgan gaplarini tushunib olish juda qiyin bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘zimning tadqiqot mavzuyimni yaxshi tushunmaganligimni ham anglab yetdim. Men xalqaro investitsiya huquqi sohasidan tadqiqot mavzusini tanladim, lekin aslida ichki investitsiya huquqini o‘rganayotgan edim. Xalqaro investitsiya huquqi davlatlararo shartnomalar va investitsiya bitimlariga asoslangan xalqaro investitsiya arbitrajlari qarorlarini o‘rganuvchi soha ekanligini O‘zbekistonda bo‘lganimda bilmagan edim. O‘zbekistonda xalqaro investitsiya huquqiga oid darsliklar va ushbu sohada maslahat bera oladigan professorlar yo‘q edi. Shuning uchun Yaponiyadagi magistratura bosqichida ushbu bilimlarni noldan boshlab qayta o‘rgandim.

Ammo o‘sha paytda yapon tilidagi manbalar juda kam edi va xalqaro investitsiya huquqini o‘rganish uchun ingliz tilidagi manbalarni o‘qib tushunish kerak edi, bu esa ancha qiyin bo’ldi. Menga rahbarlik qilayotgan professor birinchi yilda o‘qishga e’tibor qaratishni maslahat berdi. Shuning uchun magistraturaning birinchi yilida asosiy bilimlarni mustahkamlash va mutaxassislik sohasini chuqurroq o‘rganishga e’tibor berdim. Ikkinchi yilda esa magistrlik dissertatsiyasi ustida ishladim va uni topshirdim. O‘qish davomida doktorantura bosqichiga o‘tish imkoniyati borligini bildim. Imtihon topshirib, doktorantura bosqichiga o‘qishga qabul qilindim.

Doktorantura bosqichida men ko‘plab ilmiy seminar va tadqiqot yig‘ilishlarida ishtirok etdim. Magistrlik dissertatsiyasida O‘zbekiston muammolarini o‘rganganim sababli, doktorlik dissertatsiyasi uchun dunyo miqyosidagi mavzuni tanlashni xohladim, ammo mavzuni toraytirishda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldim.

Dissertatsiyani yozishni doktoranturaning uchinchi yilidan boshladim. Yozish jarayonida masalaning asosiy jihati soliq sohasiga tegishli ekanligini angladim va shu asosda doktorlik dissertatsiyasini yakunlashga muvaffaq bo‘ldim. Go‘yoki mavzu boshidan aniq belgilangan emas, balki yozish jarayonida tadqiqot mavzusi aniqlashgan edi.

Shuni ta’kidlash kerakki, har bir holat o‘ziga xos, ammo dissertatsiya yozish jarayonida rahbar professordan tashqari boshqa o‘qituvchilar bilan maslahatlashish ham juda foydali bo‘ladi. Mening holatimda, boshqa professorlardan yaxshi fikr-mulohazalar oldim va kelajakdagi kasbiy faoliyatim haqida maslahatlashdim.

Yaponiyada tadqiqotchi bo‘lish

Doktorantura davrida men Yaponiyada tadqiqotchi bo‘lishni orzu qilardim. Ammo o‘sha vaqtda Nagoya universitetiga kelgan O’rta Osiyolik talabalardan tadqiqotchi bo‘lganlar deyarli yo‘q edi, shuning uchun men uchun namuna bo’ladigan inson mavjud emas edi. Shunday bo‘lsa-da, ishonchli bir professor bilan maslahatlashganimda, u ijobiy javob berdi va men tadqiqotchi bo‘lish yo‘lida jiddiy harakat qila boshladim. Ushbu professor menga juda katta yordam berdi. Doktorlikni tamomlaganimdan so‘ng, 2013-yilda men bir yil davomida Buyuk Britaniyada xorijiy tadqiqotchi bo‘lib ishladim. Ammo, Buyuk Britaniyaga ketishdan oldin, kelajakdagi faoliyatim haqida o‘ylashni maslahat berishdi. Shu sababli, professorning yordami bilan Nagoya universitetining Oliy tadqiqotlar instituti tomonidan e’lon qilingan ilmiy tadqiqotga ko’maklashuvchi xodim lavozimiga ariza topshirdim. Ushbu lavozim asosan tibbiyot va muhandislik fakultetlari uchun mo‘ljallangan edi va huquqshunoslik sohasidan bunday lavozimni olgan odam yo‘q edi. Shunga qaramay, men muvaffaqiyatli o‘tdim va bu holat huquqshunoslik fakulteti professorlarini hayratga soldi. Bunga o‘qish davrida faqat o‘z dissertatsiyamga e’tibor qaratib qolmay, kengroq sohaga qiziqish bildirganim va turli tadqiqot yig‘ilishlarida faol ishtirok etib, rezyumemni boyitganim sabab bo‘lgan deb o‘ylayman.

Ilmiy tadqiqotga ko’maklashuvchi xodim lavozimida ishlayotgan paytimda, tadqiqotlarga katta e’tibor qaratish bilan birga, har kuni "JREC-IN" deb nomlangan e’lonlar saytini tekshirib, o‘z sohamga tegishli ish o‘rinlariga ariza topshirardim. Bu jarayon oson kechmadi, ammo bir kuni Nagoya iqtisodiyot universiteti "Xalqaro iqtisodiy huquq" bo‘yicha ish o‘rni e’lon qilganini ko‘rdim. Ushbu lavozim mening mutaxassisligim bilan to‘liq mos kelishini tushunib, darhol ariza topshirdim. Natijada, ushbu lavozimga qabul qilindim va 2017-yildan boshlab universitetda dotsent sifatida ishlay boshladim. Sa’y-harakatlarim va yillar davomida to‘plangan tajribamning samarasida, 2024-yilning aprel oyida professor unvoniga ega bo‘ldim.

Nagoya iqtisodiyot universitetidagi faoliyatim

Nagoya iqtisodiyot universiteti (名経大) xususiy universitet bo‘lib, unda ma’ruza, seminar va ta’lim jarayonlari katta ahamiyatga ega. Ushbu universitetning yaxshi tomoni shundaki, professorlar tomonidan talabalar uchun juda sinchkov va ehtiyotkorlik bilan ta’lim beriladi.

Men ishlashni boshlashimdan oldin, universitetda faqat bitta o‘zbekistonlik talaba bor edi, ammo hozirgi kunga kelib ularning umumiy soni 30 nafar yetdi. Men xalqaro almashinuv qo‘mitasi a’zosi sifatida chet ellik talabalar bilan ishlashga mas’ulman. 2018-yildan boshlab Toshkentda “Ta’lim yarmarkasi” (study abroad fair) o‘tkazila boshlandi va men ushbu tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqdaman.

Bundan tashqari, doimiy ishga qabul qilinganimdan so‘ng, xotirjam holda kelajak haqida o‘ylash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Nagoya iqtisodiyot universitetida ishlash davomida O‘zbekiston bilan bog‘liq imkoniyatlar ko‘paydi va hanuzgacha O‘zbekistonda sifatli huquqshunoslik darsliklari yetishmayotganini angladim. Bu davrda yuridik universitetlarda islohotlar amalga oshirilayotgan edi. Shuning uchun sifatli darsliklar yaratish hamda Yaponiyada yoki G‘arbda foydalanilayotgan darsliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish kabi loyihalar zarurligini tushundim. Shu bois, men o‘zbek tilida huquqshunoslik darsliklari yozish va Yapon huquqi bo‘yicha darsliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ustida ishlamoqdaman.

Nagoya universitetida o‘qib yurgan paytimdan boshlab, o‘zbekistonlik talabalarning ilmiy tadqiqot yig‘ilishlarini tashkil qilish bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Ushbu tashabbus hozirga qadar davom etmoqda. Garchi shu kabi tashabbuslar boshqa mamlakatlarda o‘zbekistonliklar tomonidan o‘tkazilmayotgan bo’lsada, bu juda mazmunli va foydali faoliyat deb hisoblayman.

2024-yildan boshlab Osaka va Tokioda bo‘limlar tashkil etilib, muntazam ravishda tadqiqot yig‘ilishlari o‘tkazishni boshladik. Tadqiqot yig‘ilishlaridan so‘ng, ishtirokchilar birgalikda ovqatlanib, kundalik hayot, stipendiyalar, ilmiy maqola yozish kabi mavzularda tajriba almashmoqdalar. Janubiy Koreya kabi boshqa davlatlarda ham o‘zbekistonlik talabalar ko‘p bo‘lganligi sababli, kelajakda boshqa mamlakatlarda ham shunday yig‘ilishlarni tashkil etish uchun tizim yaratishni rejalashtirmoqdaman.

Keyingi avlodlarga aytmoqchi bo‘lganlarim

Ko‘plab o‘zbekistonliklar ilmiy tadqiqotga qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, "raqobat kuchli Yaponiyada o‘qituvchi bo‘lish mumkinmi?" degan savollarni o‘zlariga berishadi. Ba’zilar mening tajribamni eshitib, buni hammaga nasib qiladigan narsa emas deb o‘ylashlari mumkin.

Biroq, Yaponiya Xitoy, Janubiy Koreya va G‘arb davlatlaridan kelgan tadqiqotchilarni o‘z ichiga olgan akademik jihatdan ochiq davlatdir. Men Yaponiyaga kelib, tadqiqotchi bo‘lishni hamma uchun oson imkoniyat deb ayta olmayman. Biroq, agar talabalar yaxshi ta’lim sharoitiga ega universitetga o‘qishga kelsa, astoydil o‘qib, ilmiy rahbarining ko‘magi va yo‘l-yo‘rig’idan foydalansa, Yaponiyada tadqiqotchi bo‘lish imkoniyati yetarlicha deb hisoblayman.

Shu sababli, yosh avlodlarga o‘zlarini shu yo’lda sinab ko‘rishlarini tavsiya qilaman. Albatta, kompaniya xodimi sifatida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ko‘prik bo‘lish ajoyibdir, lekin tadqiqotchi sifatida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlar ham juda ko‘p. Hozirda Yevropa va AQShdan tashqari mintaqalardan kelgan global mutaxassislarni izlayotgan universitetlar kam emas. Yaponiyaga kelib, ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ko‘plab insonlar bor.

Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, Yaponiyada professor bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni hozirda 10 nafarga yetgan. O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi islohotlar davrini boshdan kechirmoqda va dunyoning turli mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari kuchaymoqda. Masalan, Nagoya Iqtisodiyot Universitetiga har ikki oyda bir marta O‘zbekiston universitetlaridan delegatsiyalar tashrif buyuradi. Bu kabi imkoniyatlar orqali O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Faqat huquqshunoslik sohasi bilan cheklanmasdan, aniq va texnik fanlar kabi boshqa yo‘nalishlarda ham jasorat bilan harakat qilib ko‘rishlarini istayman. Bunday imkoniyatlar kelajak uchun katta qadam bo‘lishi mumkin.

Izoh qoldiring
Profile picture