O'zbekistonga kirib kelayotgan kompaniyalarni qo'llab-quvvatlovchi advokat
O'zbekistonga kirib kelayotgan kompaniyalarni qo'llab-quvvatlovchi advokat
Yarashev Nodirbek
Tugʻilgan joyi: Xorazm viloyati
Tashkilot: Uryu & Itoga yuridik firmasi, Toshkent ofisi rahbari
(Oʻzbekiston qonunchiligi boʻyicha advokat)
Tarjimai hol
Toshkent davlat yuridik universiteti / Nagoya universiteti “Yapon huquqini tadqiq qilish markazi” bitiruvchisi (2010-yil)
Waseda universiteti huquqshunoslik fakulteti magistratura bosqichi bitiruvchisi (2014-yil)
Uryu & Itoga yuridik firmasi advokati (2012-yildan hozirgi kungacha)
Yaponiyada oʻqishga qiziqishimning sabablari
Bolaligimdan yurist bo‘lishga qiziqqanman. Oʻzbekiston Respublikasi oʻquvchilarining Respublika olimpiadasida tarix fani boʻyicha yuqori natijalarga erishganim tufayli Toshkent davlat yuridik universitetiga imtihonsiz qabul qilindim. Universitetga kirganimdan so‘ng, Nagoya universiteti “Yapon huquqini tadqiq qilish markazi”ga yangi talabalar qabul qilinayotgani va bu markazga kirish uchun yapon tilining hiragana va katakana alifbolari bo‘yicha imtihon topshirish zarurligini eshitdim. Yangi imkoniyatlarga harakat qilib koʻrishga qiziqqanim uchun hiragana va katakanani 3 kun ichida mustaqil o‘rgandim va imtihondan o‘tdim. Markazda o‘qituvchilar bizga juda mehribonlik bilan yapon tilini oʻrgatishdi, bu esa yapon tiliga qiziqishimni yanada oshirdi. 3-kursda Nagoya universitetining yozgi seminarida ishtirok etish uchun Yaponiyaga qisqa sayohatdan so‘ng, Yaponiya universitetlarida magistratura bosqichida ta’lim olishga boʻlgan intilishim yanada kuchaydi va yapon tili hamda yapon huquqini o‘rganishga yanada ko‘proq eʻtibor berdim.
Wasеda universitetiga oʻqishga ketish
Astoydil qilgan mehnatim natijasini berdi va men Yaponiyaning Madaniyat, ta’lim va fan vazirligi (MEXT) davlat stipendiyasi bilan Wasеda universitetining magistratura bosqichiga oʻqishga kirish imkoniyatiga ega boʻldim. Yaponiyadagi yashash sharoiti juda yaxshi. Oʻqish davomida turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan fikr almashish uchun qulay muhit mavjud edi. Wasеda universitetida oʻqishni boshlaganimda barcha mutaxassislik darslari yapon tilida oʻtilardi va bu mendan darslarga oldindan tayyorgarlik koʻrish ancha vaqt talab qilardi. Boshqa talabalar orasida yapon ierogliflarini tabiiy ravishda tezroq oʻqiy oladigan xitoylik va koreys talabalar koʻp boʻlgani uchun yapon tilidagi adabiyotlarni oʻzlashtirishda nisbatan qiyinchiliklarga duch keldim. Shunga qaramay, men "Davlat korxonalarini xususiylashtirish" mavzusida yapon tilida magistrlik dissertatsiyasini yozdim va doktorantura bosqichiga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻldim. Doktorantura bosqichi bilan bir paytda advokatlik amaliyotini boshlaganim sababli doktorantura bosqichidagi ta’limni oʻz ixtiyorim bilan toʻxtatib, keyinchalik davom ettirishga qaror qildim.
Advokatlik firmasidagi faoliyatimning boshlanishi
Yaponiyada oʻqish davomida Uryu & Itoga yuridik firmasining advokatlari bilan uchrashish imkoniyati paydo boʻldi.
O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha advokatlik faoliyati
2014-yilda O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng bank sohasidagi yuristlik faoliyatini hamda mahalliy advokatlik firmasida amaliyotni tamomlab, 2016-yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha litsenziyaga ega advokat sifatida faoliyat yurita boshladim. O‘sha paytlarda O‘zbekistonnin amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan iqtisodiy erkinlashtirish jarayonlari sababli Yaponiyadan keladigan investitsiyalar oqimining yanada ko‘payishini tahmin qilgan holda Uryu & Itoga yuridik firmasining Toshkentdagi ofisi tashkil etildi va men O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha ushbu firmaning vakili etib tayinlandim.
Dastlab, ofis tashkil etilgan paytlarda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yaponiyalik ishbilarmonlar orasida bizni tanishmas edi. O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha muntazam yapon tilida turli platformalarda ma’lumot tarqatish orqali firmamizning nomi asta-sekin tanilib bordi va yaponiyalik kompaniyalar tomonidan O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha huquqiy maslahat uchun murojaatlar soni ko‘paydi. Hozirgi kunda O‘zbekistonga kirib kelayotgan yapon kompaniyalari soni oshmoqda, shuning bilan birga har oy yangi masalalar bilan murojaat qiluvchilar soni ham oshmoqda. Shu sababli, ofisimizda mutaxassislar sonini kengaytirish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Yapon kompaniyalariga ko‘rsatilayotgan huquqiy yordam tafsilotlari
Mijozlarimizning aksariyati Yaponiyaning kompaniyalari bo‘lib, biz ularning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunga yuridik shaxs yoki vakolatxona tashkil qilishda yordam ko‘rsatish, kompaniya va kadrlar boshqaruvi, soliqqa oid masalalar bo‘yicha kundalik yuridik maslahatlar berish, shuningdek, O‘zbekiston qonunlari yuzasidan tadqiqot hisobotlarini taqdim qilish kiradi. Biz mijozlarimizga har tomonlama ko‘mak berishga harakat qilamiz.
Biz JETRO bilan hamkorlikda, "O‘zbekistonda tashkilotlar (yuridik shaxs va vakolatxona) ochish bo‘yicha qo‘llanma" hamda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasida (restoranlar, o‘quv markazlari, bandlik agentliklari) biznes ochish bo‘yicha qo‘llanma" kabi hujjatlarni tayyorladik va ularni JETROning veb-saytida e’lon qilganmiz. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya olishga yordam berish va davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlashda huquqiy ko‘maklashish kabi xizmatlarni ham ko‘rsatmoqdamiz.
O‘zbekistonga kirishni o‘ylayotgan yapon kompaniyalariga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarim
O‘zbekiston Yaponiya bilan mustahkam do‘stlik munosabatlarini qurgan davlatlardan biri bo‘lib, hozirgacha do‘stona aloqalarni saqlab kelmoqda. Yapon kompaniyalari uchun bu mamlakat hali notanish bo‘lishi mumkin, ammo O‘zbekistonga bir marta tashrif buyurib, mahalliy tadbirkorlar yoki rahbarlar bilan uchrashsangiz, qiziqarli g‘oyalar paydo bo‘lishi va muvaffaqiyatli biznes hamkorlik imkoniyatlarini topishingiz mumkin. Biz ko‘mak bergan kompaniyalar orasida muvaffaqiyatli loyihalar ham, tabiiyki, muvaffaqiyatsiz loyihalar ham bo‘lgan. Muvaffaqiyatli loyihalarda ko‘pincha Yaponiyada ish tajribasiga ega bo‘lgan, iste’dodli va samimiy O‘zbekistonliklar ikki tomonlama hamkorlikda asosiy bog‘lovchi bo‘lgan.
O‘zbekistondagi qonunchilik va bozor haqida yapon tilida o‘qish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar cheklangan, ammo JETRO kabi tashkilotlarda ma’lum darajada ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, bu yerda yordam beradigan mahalliy mutaxassislar ham bor. Mavjud imkoniyatlarni inobatga olgan holda mahalliy mutaxassislardan ham foydalanib, O‘zbekistonda biznesingizni rivojlantirishni tavsiya qilamiz.
Yoshlarga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarim
Albatta, ta’limni nafaqat Yaponiyada, balki boshqa mamlakatlarda ham olish mumkin. Biroq, yaponlar fe’l-atvori bilan o‘zbeklarga o‘xshash jihatlari ko‘p bo‘lib, ular bilan muloqot qilish oson va moslashib ketish oson davlat hisoblanadi. Yaponiyaga o‘qishga borgandan so‘ng o‘qishdan bo‘sh vaqtlardagi ish faoliyati (arubaito) orqali pul ishlab topishni asosiy maqsad qilmasdan, uzoq muddatli maqsadlar bilan Yaponiyada tahsil olishingizni istayman. Kelajakdagi muvaffaqiyatingiz uchun nimalar qilish kerakligini o‘ylab, ta’lim olishga jiddiy yondashishingizni va yangi tanishlar orttirishga ahamiyat berishingizni tavsiya qilaman.Yaponiyadagi o‘qish davomida nafaqat yaponlar bilan, balki u yerdagi boshqa xalqaro talabalar guruhlari bilan ham munosabatlar o‘rnatish juda ahamiyatli.
Yaponiyada amaliyot o‘tash orqali yapon kompaniyalarida ishlab ko‘rib, kompaniya va tashkilotlar aslida qanday boshqarilishini o‘rganish bilan yaxshi tajribaga ega bo‘lish mumkin. Bunday tajribalar sizga kelajakda karyerangizni Yaponiyada davom ettirish kerakmi yoki O‘zbekistonda yohud boshqa mamlakatda o‘z kelajakingizni barpo etish ma’qulmi degan qarorlarni qabul qilishda albatta asqotadi.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid