JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada soatbay ishlash haqida umumiy ma'lumotlar va tajribalardan namunalar

Yaponiyada soatbay ishlash haqida umumiy ma'lumotlar va tajribalardan namunalar

Talaba yoki oila bilan yashash kabi yashash maqomiga (vizaga) ega bo‘lgan shaxslar Yaponiyada arubaito (soatbay ish) qilishi mumkin.

Arubaito (baito) — Yaponiyada keng qo‘llaniladigan atama bo‘lib, asosan talaba va chet ellik talabalar, uy bekalari va shu kabi shaxslar qisqa vaqt ishlaydigan ishlarni anglatadi. Rasmiy ma’noda u “part-time job” (yarim stavkali ish) tushunchasiga yaqin, biroq Yaponiyada bu so‘z ko‘proq talabalar va yoshlar yashash xarajatlari yoki o‘qish to‘lovini qoplash uchun qiladigan ish sifatida tasavvur qilinadi.

Talaba yoki oila bilan yashash kabi yashash maqomi asosida Yaponiyada arubaito (soatbay ish) qilish uchun “malakadan tashqari faoliyatga ruxsat” (資格外活動許可) olish shart. Ushbu ruxsatnoma ayrim hollarda yashash kartasi (在留カード) beriladigan aeroportlarda, Yaponiyaga kirish vaqtida aeroportning o‘zida berilishi mumkin. Agar u yerning o‘zida berilmagan bo‘lsa, mahalliy immigratsiya (kirdi-chiqdi va yashashni boshqarish) idorasiga murojaat qilib, ariza topshirish orqali olish kerak.

“Malakadan tashqari faoliyat (資格外)” degani — Yaponiyada bo‘lishning asosiy maqsadidan tashqari ish bilan shug‘ullanishni anglatadi. Masalan, agar siz Yaponiyaga talaba vizasi bilan kelgan bo‘lsangiz, asosiy maqsadingiz o‘qish hisoblanadi. Shunga qaramay, bo‘sh vaqtlaringizda qo‘shimcha daromad sifatida soatbay ish (arubaito) qilishingiz mumkin. Biroq yashashning asosiy maqsadiga (o‘qishga) xalaqit bermaslik uchun ishlash soatlari cheklangan. Umumiy qoida bo‘yicha, haftasiga 28 soatdan oshmasligi kerak.

Soatbay ish (arubaito)larda restoran va kafelar, konbini (kichik do‘konlar), zavod-fabrikalar, tozalash ishlari, mehmonxonalar kabi maxsus malaka yoki litsenziya talab qilinmaydigan ishlar juda ko‘p uchraydi.

Soatbay ish bo‘yicha tajribalar

Endi haqiqiy o‘zbekistonliklarning Yaponiyadagi arubaito tajribalari bilan tanishib chiqamiz.

1.【Oziq-ovqat sohasi Diyora
Ish mazmuni: 
Men McDonald’sda oshxona xodimi sifatida ishladim. Asosan gamburger tayyorlash bilan shug‘ullandim. Oshxonada ishlar bo‘linadi: kimdir bulochkani qizdiradi, boshqasi sous va go‘sht qo‘yadi, yana boshqalar mol yoki tovuq go‘shtini pishiradi. Yapon tilim yaxshilangach, menga ichimlik tayyorlash va mijozlarga xizmat ko‘rsatish ham topshirila boshlandi. Shu orqali mijozlar bilan muloqot qilish imkoniyatim ko‘paydi.

Yaxshi tomonlari: 
Eng yoqqan jihati — hamkasblar bilan muloqot bo‘ldi. Ular menga yaponcha iboralarni o‘rgatishdi, men esa o‘z vatanim haqida gapirib berdim. Ishdan keyin menejer bilan oddiy suhbatlashish ham juda yaxshi tajriba bo‘ldi. Natijada nafaqat yapon tili ko‘nikmalarim yaxshilandi, balki yangi do‘stlar ham orttirdim.

Qiyin bo‘lgan tomonlari: 
Ish davomida doim tik oyoqda turishga to‘g‘ri kelardi va dam olish uchun vaqt kam edi. Shuningdek, smenalar (ish jadvali) tizimi tushunarsiz bo‘lib, boshida ancha adashdim.

O‘rgangan ko‘nikmalar: 
Vaqtga qat’iy rioya qilish odati shakllandi. Bir marta 1 daqiqa kechikib kelib ogohlantirilganimdan so‘ng, ishlarimni oldindan rejalashtirib harakat qilishga o‘rganib oldim.

2.【Konbini Elbek
Ish mazmuni:
FamilyMartda asosan kassa bilan ishlash, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish, ichimliklarni to‘ldirish, chegirma yorliqlarini yopishtirish, qovuriladigan mahsulotlarni tayyorlash kabi juda keng turdagi vazifalarni bajardim.

Yaxshi tomonlari:
FamilyMartda ba’zan yaroqlilik muddati tugayotgan oziq-ovqatlarni olib ketishga ruxsat berilar edi, bu esa kunlik xarajatlarni tejashga yordam berdi. Do‘kon egasi bo‘lgan er-xotin juda mehribon bo‘lib, ishga astoydil harakat qilganimizda ichimlik yoki ovqat olib berishlari ham ko‘p bo‘lardi.

Qiyin bo‘lgan tomonlari:
Walk-in sovutkich (katta muzlatkich) ichida sovuqda ishlash hamda qovurish yog‘ini almashtirish ishlari ancha mashaqqatli edi. Bundan tashqari, kassada turli xil mijozlarga xizmat ko‘rsatish ba’zan stress keltirib chiqarardi.

O‘rgangan ko‘nikmalar:
Bir yarim yildan ortiq tajriba davomida mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan tortib ombor (zaxira) boshqaruvigacha bo‘lgan ko‘plab ishlarni bajara oladigan bo‘ldim. Shuningdek, yapon tilida xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalari va oddiy menejment qobiliyatlari ham shakllandi.

3.【Zavod Shohjahоn
Ish mazmuni:
Yamazaki Pan zavodida nuqsonli mahsulotlarni tekshirish va ajratish, shuningdek konbini uchun tayyorlanadigan oziq-ovqat buyurtmalari bilan jo‘natilayotgan mahsulotlarning mosligini tekshirish ishlari bilan shug‘ullandim. Har bir ish kunida bajariladigan vazifalar oldindan belgilanar, men esa ularga moslashib ishlardim.

Yaxshi tomonlari:
Soatbay to‘lov yuqori bo‘lgani sababli qisqa muddat ichida yaxshi daromad topish imkoniyati bo‘ldi.

Qiyin bo‘lgan tomonlari:
Ish vaqti kechki 6:00 dan ertalab 5:00 gacha davom etgani va doim tik oyoqda ishlash jismonan juda mashaqqatli edi.

O‘rgangan ko‘nikmalar:
Diqqatni yo‘qotmasdan, aniq va tezkor ishlash qobiliyati shakllandi.

4.【Go'sht do'kon】 Nodir
Ish mazmuni:
Go‘sht do‘konida sotuv va mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullandim. Taxminan 100 turdagi o‘lchab sotish, o‘rash, yorliq yopishtirib go‘shtni yod olish, mijoz xohishiga ko‘ra topshirish kerak edi. Shuningdek, xaridor qaysi turdagi go‘shtni xohlayotganini tushunish uchun go‘shtning xususiyatlarini ham bilish muhim edi.

Yaxshi tomonlari:
Yapon tilini hali yaxshi bilmagan davrimda ham, kuniga 200 nafardan ortiq mijoz bilan suhbatlashish orqali so‘zlashuv ko‘nikmalarim ancha rivojlandi. Ish joyida esa katta tajribali xodimlar va do‘kon mudiridan qoidalar va odob-axloqni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim.

Qiyin bo‘lgan tomonlari:
Go‘sht turlari juda ko‘p bo‘lgani uchun yodlab olish qiyin edi va hatto ishni tashlab ketgim kelgan paytlar ham bo‘ldi. Ayniqsa cho‘chqa go‘shti turlari ko‘pligi va diniy sabablarga ko‘ra tatib ko‘ra olmasligim muammo tug‘dirardi. Biroq vaziyatni tushuntirgach, menga mol go‘shti va tovuq go‘shti bilan ishlashni topshirishdi. Shuningdek, keksalarning gaplarini tushunish ham ancha qiyin bo‘lardi.

O‘rgangan ko‘nikmalar:
Yapon xalqining mehribonligini his qilib, har qanday vaziyatda to‘g‘ri munosabat bildirish qobiliyatini egalladim. Bundan tashqari, vaqt va qoidalarga rioya qilish, hamda “Hourenso-hisobot berish – xabar qilish – maslahatlashish” ning muhimligini o‘rgandim.

5.【Kutubxona Ruzigul
Ish mazmuni:
Fakultet kutubxonasida soat 18:00 gacha xodimlar, 18:00 dan keyin esa talabalar tomonidan bajariladigan soatbay ish mavjud edi. Foydalanuvchilar kam bo‘lgan vaqt oralig‘ida bo‘lsa-da, kitob va jurnallarni berish va qabul qilish, yangi jurnallarni almashtirish, qaytarilgan darsliklarni to‘g‘ri javonlarga joylashtirish kabi ishlarni amalga oshirdim. Shuningdek, Yaponiyaning nam va issiq iqlimiga moslashish uchun omborxonalarga namlik yutkich o‘rnatilgan bo‘lib, ularning ichidagi suvni bo‘shatib turish ham mening vazifam edi.

Yaxshi tomonlari:
Kitoblar bilan o‘ralgan, sokin muhitda ishlash menga juda yoqardi. Ish hajmi kam bo‘lgan paytlarda ilmiy tadqiqotlar yoki darslarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham vaqt topilardi.

Qiyin bo‘lgan tomonlari:
Men ishlagan kutubxonada 4 ta ombor bor edi. Qaytarilgan kitoblar ko‘p bo‘lgan kunlarda og‘ir kitoblarni bir nechta omborlarga tashish ancha mashaqqatli edi. Shuningdek, ijaraga berish tizimi (loan system) bilan ishlashga ko‘nikish uchun biroz vaqt ketdi.

O‘rgangan ko‘nikmalar:
Kutubxona boshqaruv tizimi bilan ishlashni o‘rgandim. Bundan tashqari, talabalar o‘rtasida vazifalarni taqsimlab ishlash jarayonida jamoaviylikning ahamiyatini tushundim va hamkorlikda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirdim.

Soatbay ish bo‘yicha maslahatlar

Yapon tilidan foydalanish mumkin bo‘lgan ishni tanlash
Soatbay ish orqali yaponlar bilan ko‘p muloqot qilish yapon tili darajasining tez oshishiga yordam beradi. Agar boshidanoq mijozlarga xizmat ko‘rsatish (接客) bilan bog‘liq ish tanlansa, tilni ishlatish imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi va til ko‘nikmalari tezroq rivojlanadi.

Ish vaqtiga katta e’tibor berish
Haddan tashqari ko‘p ishlash o‘qish yoki ilmiy tadqiqot uchun ajraladigan vaqtni kamaytirishi va keyinchalik afsusga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ta’lim va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlab, ish soatlarini to‘g‘ri rejalashtirish juda muhim.

Soatbay ish haqida oldindan ma’lumot to‘plash
Ba’zan ishni boshlagandan keyingina ish joyi haqida tassurot yoki qanchalik qiyinligi ma’lum bo‘ladi. Soatbay ishni boshlashdan oldin internet orqali sharhlar va tajribalarni o‘rganish keyinchalik pushaymon bo‘lish xavfini kamaytiradi.

Shodiyorova Ro’zigul

Izoh qoldiring
Profile picture