JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyadagi kundalik hayotimda uchratgan 5 ta hayratomuz holat

Yaponiyadagi kundalik hayotimda uchratgan 5 ta hayratomuz holat

Har kuni — yangi kashfiyot!

1. Har joyda mavjud bo‘lgan lokkerlar: qulayligi meni hayratga soldi

Yaponiyaga birinchi bor tashrif buyurgan inson uchun ajablanarli holatlardan biri — vokzal, savdo markazlari yoki sayyohlik joylarida tanga bilan ishlaydigan lokkerlar (coin locker)ning ko'p uchrashidir. Lokkerlar nafaqat qulay, balki Yapon madaniyatini ham aks ettiradi. Aholining ko‘pchiligi jamoat transportidan foydalangan holda harakatlanadigan mamlakatda yirik yuklarni lokkerga topshirish orqali sayohat yoki xaridni yengilroq o'tkazish mumkin.Yaponiya xavfsiz mamlakat bo‘lganligi sababli, odamlar o‘z yuklarini yo'qolib qolishidan xavotirlanmasdan, lokkerlardan foydalanishadi. Lokkerlarning turlari ham xilma-xil: kichik sumkalardan tortib, yirik chamadonlargacha sig'adigan lokkerlargacha mavjud. Shuningdek, IC- karta yordamida to'lov qilsa bo'ladigan elektron lokkerlar ham keng qo'llaniladi.
Men Nagoya shahriga sayohat qilganimda, Nagoya qal’asi kirishidagi lokkerlardan foydalandim.Yukimni topshirgach, bamaylixotir qal'ani sayr qilish imkonim bo'ldi.Ayniqsa, lokker kaliti juda ajoyib, u bilakuzuk shaklida bo'lib, qo'lga taqib yuriladi.Nafaqat qulay, balki yo'qotish xavfini ham kamytiradi.Men uchun bu kichik detallar ham Yaponoyadagi qulayliklarni his qilishga yordam berdi.

2. Shahar ichida chiqindi qutisi deyarli yo‘q

Yapon jamiyatida "boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaslik" degan kuchli, yozilmagan qoida mavjud. Bu fikr kundalik hayotning turli jabhalarida seziladi: poyezdda ovoz chiqarib telefon qilmaslik, kafeda past ovozda suhbatlashish, va eng ko‘p — chiqindini ko‘chaga tashlamay, o‘zi bilan olib yurish. Shu sababli, Yaponiyaga borishda e’tiborga olinadigan jihatlardan biri — ko‘pchilik jamoat joylarida chiqindi qutilari yo‘qligidir.Yaponiyaliklar va sayyohlar odatda chiqindilarini uyga yoki belgilangan joylargacha olib borib tashlashadi. Chekuvchilar uchun esa maxsus cho‘ntak kuldonlar sotiladi va tamaki qoldiqlarini yerga tashlash qattiq taqiqlangan.

3. Chekish mumkin bo‘lgan joylar juda cheklangan

Yaponiyada chekish qoidalari juda qat’iy belgilangan. Davlat idoralari, temir yo‘l vokzallari, piyodalar yo‘laklarida chekish taqiqlangan. Faqatgina maxsus ajratilgan joylargina chekishga ruxsat berilgan, va bu joylar maxsus belgi bilan ko‘rsatilgan.Chekuvchilar uchun bu noqulay tuyulishi mumkin, biroq bu sog‘lom jamiyat yaratishga qaratilgan chora sifatida qabul qilinadi.

4. Eskalatorda qaysi tomonda turish hududga bog‘liq

Yaponiyada eskalatordan foydalanishda ham etiket (odob) qoidalari bor. Biroq bu odatlar hududga qarab farq qiladi. Masalan, Tokyoda odatda odamlar chap tomonda turadi, o‘ng tomoni esa shoshayotgan yo'lovchilar uchun bo‘sh qoladi.Boshqa tomondan, Osakada esa teskari: jamoat trasnporti foydalanuvchilari o‘ng tomonda turadi, chap tomoni esa yuruvchilar uchun ochiq qoladi. Agar bu ma'lumotdan bexabar bo‘lgan bo'lsangiz, boshqa yo'lovchilar bilan to‘qnashib ketishingiz yoki noqulaylik tug‘dirishingiz mumkin. Sayohat yoki ko‘chib o‘tish paytida mahalliy odatlarga e’tiborli bo‘laylik.

5. Gapiradigan avtobus va poyezdlar

Yaponiyada jamoat transporti — avtobus va poyezdlar — favqulodda holatlar, kechikish yoki nosozlik yuzaga kelganda, tezkor ovozli e’lonlar orqali yo‘lovchilarga xabar beradi. Bu tizim juda qulay bo‘lib, yo'lovchiga xavfsiz his qilish imkonini beradi.Qiziqarli jihati shundaki, Yaponiyada avtobuslar va poyezdlar hatto harakat paytida ham “chapga burilamiz”, “o‘ngga burilamiz” deb ovozli ogohlantirish beradi. Harakat boshlanishida yoki silkinish ehtimoli bo‘lgan vaziyatlarda “Iltimos, oyoq ostiga ehtiyot bo‘ling” yoki “Iltimos, mahkam ushlang” kabi ogohlantirishlar yangraydi.

Xulosa

Yaponiyaga borganingizda, yangi muhitga asta-sekin ko‘nikar ekansiz, go‘yo butunlay yangi dunyo ochilgandek tuyuladi. Ana shu tajribalar orqali madaniyatni chuqurroq tushunish va jamiyatga tezroq moslashish mumkin bo‘ladi.Yaponiyada o'z tajribamda kuzatgan boshimdan 5 ta hayratomuz holatni siz bilan baham ko‘rishni istadim.
                                                                                                                                                                                         Sitora O'rinboyeva

・Ko'proq ma'lumot bilmoqchi bo'lsangiz, bu yerda batafsil o'qing!
Yaponiyada jamoat transportlari (poyezdlar, avtobuslar, uzoq yo'lga qatnaydigan avtobuslar)dan foydalanish usullari
Yaponiyada yashash qoidalari va odatlari


Izoh qoldiring
Profile picture