JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada yashash qoidalari va odatlari

Yaponiyada yashash qoidalari va odatlari

Ushbu maqola doirasida Yaponiyada yashash qoidalari va odatlari bilan tanishtiramiz. Atrofdagi insonlar bilan bo'lgan munosabatlarda chiqindilarni tashlash usuli va shovqinga sabab bo'luvchi holatlar turli tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Mamlakatingiz va Yaponiya o‘rtasidagi tafovutlarni o‘rganib, Yaponiyaning kundalik turmush tarziga oid axloqiy qoidalarga amal qiling.

Chiqindilarni tashlash usuli

  • Asosiy qoidalar

Chiqindilarni tashlash joyi, turi, tashlash kunlari,  va hududga qarab farqlanadi. Har bir hududning o‘z qoidalari bor, ularga rioya qilmasangiz, chiqindingizni yig‘ib olishmaydi. Agar boshqa joyga ko‘chib o‘tsangiz, o‘sha joydagi chiqindilarni tashlashga oid yo‘riqnoma bilan tanishib chiqing. Ushbu yo‘riqnomani shahar, tuman, shaharcha yoki qishloq hokimiyati bo‘limiga ko‘chib o‘tish to‘g‘risida bildirishnomani topshirganingizda yoki ko‘chmas mulk agentida uy uchun shartnoma imzolaganingizda olishingiz mumkin. Ba’zan ushbu yo‘riqnoma pochta qutingizga solib qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin.

  • Chiqindi turlariga misollar

① Yonadigan axlatlar

Qog‘oz qoldiqlari, organik chiqindilar, oziq-ovqat yog‘i, kiyim-kechaklar, qog‘oz tagliklar, rezina buyumlar, charm mahsulotlari va boshqalar.

※Oziq-ovqat yog‘ini tashlashdan oldin uni kimyoviy vosita bilan qattiqlashtiring yoki gazeta qog‘ozi bilan artib olgandan so‘ng tashlab yuboring.

② Yonmaydigan chiqindilar

Singan likopcha va yelim idishlar, stakanlar, metall buyumlar, shisha idishlar va boshqalar.

③ Qayta ishlashga yaroqli chiqindilar

Shisha idishlar, konserva bankalar, gazeta va jurnallar, plastik qutilar, plastik ichimlik vositalari, karton qutilar va boshqalar.

④ Katta hajmdagi chiqindilar

Mebellar, velosiped va ko‘rpa-to‘shak kabilar.

※Ko‘p hollarda bu turdagi chiqindilarni tashlamoqchi bo'lsangiz, shahar va qishloq hokimiyatiga oldindan murojaat qilish talab etiladi. Shuningdek, chiqindilarni yig‘ish xarajatlari ham paydo bo‘lishi mumkin.

⑤ Maishiy texnika chiqindilari

Har xil elektr jihozlari

※Xizmat ko’rsatuvchi kompaniyadan sovutgich, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, kiyim quritish mashinasi kabilarni yig‘ib olishlarini so‘rab murojaat qilish va “qayta ishlash chiptasi”ni sotib olish talab etiladi. 

※Tushunarsiz holatlar bo’lganida shahar va qishloq hokimiyatga murojaat qiling.

  • Noqonuniy chiqindilarni tashlash

Chiqindilarni belgilangan joylardan boshqa joyga tashlash jinoyat hisoblanadi. Ko‘chaga bo‘sh konserva bankalari, tamaki qoldig‘i kabilarni yo’lga tashlab yuborish ham noqonuniy harakat hisoblanadi. Bundan tashqari, tashlab yuborilgan velosipedlardan o’zboshimchalik bilan foydalanish ham taqiqlanadi. Bu ham noqonuniy harakat hisoblanadi.

Batafsil ma’lumot uchun bu yerni bosing! “Axlatni tashlash usuli”. Faqat yapon tilida (Aichi prefekturasi ko'p madaniy hamkorlikni rivojlantirish idorasining YouTube kanali)

Shovqin

Yaponiyada baland ovozda gapirish atrofdagi odamlarni bezovta qilish hisoblanadi. Ayniqsa, ko‘p qavatli kvartiralar va  ko‘p xonadonli uy-joy majmualarida shovqin chiqarmaslikka e’tibor bering.

  • Xona ichidagi suhbat, ziyofat yoki televizor hamda musiqa kabilarning ovozi me’yoridan ortiq baland bo‘lsa, qo‘shnilarni bezovta qiladi.

  • Erta tongda va yarim tunda kir yuvish mashinasi yoki changyutgichdan foydalanganda ham qo‘shnilarni bezovta qilmaslik uchun e’tiborli bo‘ling.

Batafsil ma’lumot uchun bu yerni bosing! “Shovqin”. Faqat yapon tilida (Aichi prefekturasi ko‘p madaniy hamkorlikni rivojlantirish idorasining YouTube kanali) 

Hojatxona

Hojatxonadan foydalanganda, albatta hojatxonadagi qog‘ozdan foydalaning va uni unitaz ichiga oqizib yuboring.

※Ma’lum bir mamlakat yoki ma’lum bir mintaqa odatiga ko‘ra, foydalanilgan qog‘ozni hojatxona ichidagi chiqindi qutisiga tashlash mumkin, ammo Yaponiyada albatta hojatxonaga oqizish lozim.

Mobil telefondan foydalanish usuli

  • Boshqa yo‘lovchilarga to‘qnash kelishingiz va ularga shikast yetkazishingiz ehtimoli borligi uchun yo‘lda ketayotganda mobil telefonindan foydalanish taqiqlanadi.

  • Avtomobil yoki velosipedda harakatlanayotganda mobil telefondan foydalanish qonunan taqiqlangan.

  • Mobil telefoningizni quvvatlantirish uchun birovning elektr energiyasidan o’zboshimchalik bilan foydalanish mumkin emas. Bunday hatti-harakatlar qonunan ta’qiqlangan.

Poyezd yoki avtobus ichida

Poyezd yoki avtobusda bo‘lganingizda quyidagilarga e’tibor qarating: 

  • Baland ovozda gapirmaslik.

  • Mobil telefonda gaplashmaslik.

  • Baland ovozda musiqa tinglamaslik.

  • Transport saloni gavjum bo‘lganda, ryukzakni oldinga osib olish.

Jinoyatni oldini olish

Jinoyat qurboni bo‘lmaslik uchun quyidagilarni yodda tuting:

  • Tashqariga chiqishda deraza va eshiklarni albatta qulflang.

  • Mototsikl yoki velosipedni albatta qulflangan holda qoldiring.

  • “Ilib ketish” deb nomlanuvchi jinoyat mavjud bo‘lib, jinoyatchi mototsikl yoki velosipedga mingan holda orqadan yaqinlashib keladi va odamlarning sumka kabi boshqa buyumlarini o‘g‘irlab ketadi. 

  • Kechasi odamlar kam bo‘lgan yo‘llardan o‘tmaslikka harakat qiling. Bundan tashqari, piyoda yurganingizda o‘zingiz bilan himoya qo‘ng‘irog‘ini olib yuring.

Ko'proq ma'lumot uchun bu yerni tekshiring!

Turmush va Ish bo‘yicha Qo‘llanma: Chiqindilar| Immigratisya byurosi

Turmush va ish bo‘yicha Qo‘llanma: ovoz va tovushlar | Immigratsiya byurosi

Turmush va ish bo‘yicha Qo‘llanma: Hojatxona | Immigratsiya byurosi

Turmush va ish bo‘yicha Qo‘llanma: Mobil telefon(smartfon)dan foydalanish | Immigratsiya byurosi

Turmush va ish bo‘yicha Qo‘llanma: poyezd va avtobus ichida  | Immigratsiya byurosi

Turmush va ish bo‘yicha Qo‘llanma: jinoyatchilikni oldini olish | Immigratsiya byurosi

 

Ma'lumot manbai: JP-MIRAI  portali (https://portal.jp-mirai.org/ja/live/s/rules/living-rules-and-customs)

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz