JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

O'zbekistonda universitet ochgan yapon kompaniyasi

O'zbekistonda universitet ochgan yapon kompaniyasi

Yaponiyaning sifatli ta'limini butun dunyoga yetkazmoqchimiz

1. Tarjimai hol

Ism-sharif: Haga Hiroaki

Kogakuin universitetining elektronika bo‘limini tamomlaganidan so‘ng, Fuji Electric va Fujitsu kompaniyasining qo‘shma korxonasida asosiy dasturiy ta'minot ishlab chiqish bilan shug‘ullandi. 1995-yil dekabr oyida "Digital Knowledge" kompaniyasini tashkil etib, bosh direktor lavozimini oldi. 2020-yilda esa O‘zbekistonning Toshkent shahrida “Japan Digital University (JDU)”ni tashkil etdi.

2. Kompaniyangizning O'zbekistondagi faoliyati haqida ma'lumot bering.

Biz "Japan Digital University-Yaponiya raqamli universiteti (JDU)" nomli universitetni tashkil etganmiz va uni boshqarish bilan shug’ullanamiz. Uning kampusi Toshkentda joylashgan bo‘lib, talabalar kampusga qatnash bilan birga, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda Yaponiyadagi hamkor universitetlarning darslarida ishtirok etishadi. JDU talabalarga bir vaqtda ikkala davlatning bakalavr darajasini olish va keyinchalik Yaponiyada ishga joylashishga yo‘naltirilgan ta'limni taqdim etadigan universitetdir.

3. O‘zbekistonda bu kabi loyihani tashkil qilishga nima turtki bo‘lgani haqida aytib bering

Men Yaponiyada "Digital Knowledge" nomli e-learning (masofaviy ta’lim) texnologiyasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyani boshqaraman va JDU shu kompaniyaning 100% sho‘ba korxonasi sifatida tashkil etilgan. Digital Knowledge Yaponiyada taxminan 3,000 ta mijoz kompaniyalarga e-learning xizmatlarini taqdim etadi.
O‘zbekistonda bu loyihada tashkil qilishga turtki bo‘lgan narsa, bir necha yil avval Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan tashkil etilgan loyihada qatnashganimiz bo‘ldi. Ushbu loyiha rivojlanayotgan davlatlarda ta'lim darajasini oshirishni maqsad qilgan edi va biz O‘zbekiston bo‘ylab boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘qituvchilarining ta'lim darajasini e-learning orqali oshirish bo’yicha harakatlarda ishtirok etdik. Ushbu loyiha shahar va qishloq joylaridagi o‘qituvchilarga bir xil ta'lim imkoniyatini taqdim etish orqali ta'limdagi tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan edi.
Loyiha yakunlanganidan so‘ng, men O‘zbekistonda JICA va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurdim. Ushbu tashrif chog‘ida O‘zbekiston oliy ta’limidagi muammolar  va ta’lim muassasalari soni hamda sifatini oshirish bo‘yicha hukumatning istaklari haqida eshitdim va shu joyda mazkur tashabbusni muhokama qildik. JDUning tashkil topishida JICA va Yaponiya elchixonasining yordami beqiyos deb hisoblayman. Shu asosda, Yaponiyada taqdim etilayotgan e-learning xizmatlarini xorijda ham joriy etish mumkin degan xulosaga keldik va JDUni tashkil etish g‘oyasini ishlab chiqib, amalga oshirdik.
Bundan tashqari, Yaponiyada ichki bozor qisqarishi va O‘zbekistonda yoshlar sonining ko‘payishi ham mazkur loyihaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, o‘sha vaqtda O‘zbekiston Prezidenti Yaponiyaga tashrif buyurgani tufayli loyihaning yanada ijobiy tarzda oldinga siljishga yordam berdi.

4. O‘zbekistonda bu loyihani ishga tushirish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz yoki duch kelyapsiz?

Biz kompaniyamiz bilan Yaponiyada 30 yildan ortiq e-learning xizmatlarini taqdim etib kelmoqdamiz, ammo bu safar birinchi marta xorijga chiqib xizmatlar ko’rsatishimiz va birinchi marta universitet tashkil etishga bo‘lgan urinishimiz edi. Shu sababli, bu jarayonni "qiyinchilik" deb aytishdan ko‘ra, hech narsani bilmasdan boshlagan holat deb tasvirlash mumkin.
To’g’ri yo‘lni topishga urinayotganimizda, JETRO, JICA, elchixona va Yaponiyaning Uryu & Itoga yuridik firmasi Toshkent ofisi rahbari Yarashev janoblari kabi ko‘plab insonlar bizga yordam berishdi. Ayniqsa, universitetni tashkil etish uchun litsenziya olish katta to‘siq bo‘ldi, ammo ushbu insonlarning ko‘magi tufayli 2019-yil may oyida birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurganimdan so‘ng, taxminan bir yil ichida universitetni tashkil eta oldik.
Bundan tashqari, "talabalarni yig‘a olarmikanmiz?" degan savol bizni qiynardi. O‘zbekistonda yoshlar ko‘p va universitetlar soni Yaponiyadagi taxminan 800 ta universitetga nisbatan o‘sha paytda atigi 50 ga yaqin edi, shuning uchun bozor imkoniyatlari mavjud deb o‘ylagan edik. Biroq, Yaponiya ta'limini olishga bo‘lgan ehtiyoj qanchalik borligiga to‘liq ishonchimiz yo‘q edi.
Shu sababli, O‘zbekiston yoshlari faol foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlari (Telegram, Instagram, Facebook)dan foydalanib, so‘rovnomalar va ehtiyojlarni tahlil qildik. Shuningdek, mahalliy seminarlarda qatnashish orqali talabalar qiziqishini o‘rgandik. Natijada, ko‘plab talabalar Yaponiyaning ta’limiga qiziqish bildirganini va seminarlarda kutilganidan ko‘proq ishtirokchilar to‘planganini ko‘rdik. Ushbu natija bizga ishonch bag‘ishladi va universitetni barpo etishga xotirjamlik bilan kirishish imkonini berdi.

5. Sizning kompaniyangiz xodimlari xususan o‘zbekistonlik kadrlarning farqli jihati, kuchli va zaif tomonlari haqida qanday fikrdasiz?

Biz O‘zbekiston kadrlarini tayyorlab, ularni Yaponiyada ishga joylashishiga yo‘naltirishni maqsad qilganimiz sababli, ushbu masalaga katta ahamiyat beramiz.
Kuchli tomonlar:
O‘zbekistonlik kadrlar juda to’g’ri so’z, bu esa yaponiyaliklar bilan o‘xshash xususiyatdir. Ushbu to’g’rilik Yaponiyada ishlashning asosi bo‘lib, yapon kompaniyalari tomonidan ham yuqori baholanadi.
Zaif tomonlar:
Biroq, zaif tomonlari sifatida quyidagilarni ta’kidlashim mumkin:

  • Savol berish qobiliyati

  • Mantiqiy fikrlash qobiliyati

  • Muddat va va’dalarni bajarish mas’uliyati

  • Hisobot berish, xabar berish va maslahatlashish (報・連・相-Hourensou) tizimining qat’iy amal qilinishi

Talabalar, ayniqsa, “savol berish qobiliyati”da kamchiliklar borligi sababli, ta’limda ushbu ko‘nikmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Yaponiyada biror narsa tushuntirilganda, faqat tushunib olish emas, balki savollar berib, samimiy muloqot orqali fikr almashish talab qilinadi. Savol berish qobiliyati Yaponiyadagi kompaniyalarda muloqot qilish va intervyularni muvaffaqiyatli o‘tishda juda muhim ko‘nikmadir.
Yapon tili qobiliyatining ahamiyati:
Shuningdek, Yaponiyadagi kompaniyalar ishga olingan xodimlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berishadi, ammo yapon tilini bilish ishga olish va ish joyida muvaffaqiyat qozonishda muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun yapon tili qobiliyatini oshirish ham juda zarur deb hisoblaymiz.

6. Agar "Nega O‘zbekiston bozoriga kirdingiz?" deb so‘rashsa, qanday javob berasiz?

O‘zbekiston tug‘ilish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan va aholi sonining o‘sishi bilan rivojlanish jo‘shqinligini sezish mumkin bo‘lgan mamlakatdir. Butun mamlakatning rivojlanishga intilish holati juda ta’sirli va kelajakda katta imkoniyatlarni his qildiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqi juda to’g’ri so’z, va bu to’g’rilik biznes yuritishda katta ishonch beradi. Ko‘plab tanlovlar orasida O‘zbekiston biznesni rivojlantirish uchun eng yaxshi variantlardan biri deb hisoblayman.

7.O‘zbekistonlik kadrlarning Yaponiyada bandlik darajasini oshirish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

2024-yil JDUning ilk bitiruvchilari o’qishni tamomladi va ularning barchasi Yapon kompaniyalarida ishlash taklifini oldilar. Bu natija bizni juda xursand qildi. Ushbu holat o‘zbekistonlik kadrlarning to’g’riligi Yaponiyadagi kompaniyalar tomonidan yuqori baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yaponiyada bandlik imkoniyatlarini yanada ko’paytirish uchun, avvalo, yapon tilini bilish juda muhim. Yapon kompaniyalarida ishga qabul qilingan xodimlarni rivojlantirish odati mavjud va ish jarayonida muloqotning asosi sifatida yapon tilidan foydalanish talab etiladi. Yapon tilini o‘zlashtirish darajasini oshirish orqali ko‘proq insonlar Yaponiyada ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin, deb o‘ylayman.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan ham Yaponiyada ishlashning jozibadorligi va afzalliklarini targ‘ib qilish faoliyatini olib borish zarur. Yaponiyada karyerani rivojlantirish imkoniyatlari va muvaffaqiyatga erishgan insonlardan namunalar keltirish orqali yoshlarning qiziqishini uyg‘otish va ularni Yaponiyada ishlashga intilishlari uchun turtki bo’lishi mumkin deb o‘ylayman.

8.O‘zbekistonga kirishni rejalashtirayotgan Yapon kompaniyalariga yetkazmoqchi bo’lgan so’zlaringiz

JDU besh yil avval o‘z faoliyatini boshlagan edi. Ushbu besh yillik sa’y-harakatlar natijasida bu yil ilk bitiruvchilarimiz o’qishni tamomladi va ularning barchasi ishga kirish bo‘yicha taklif oldilar. Orqaga nazar tashlasam, "Bu ishni amalga oshirganimiz juda yaxshi bo‘lgan" va "Buni albatta qilishimiz kerak edi", degan ishonch yanada mustahkamlanadi.
Yaponiyaning yuqori sifatli ta’limini dunyoga yetkazish ehtiyoji mavjud bo‘lib, biz uni Yaponiyaning asosiy eksport yo‘nalishlaridan biriga aylantirishni maqsad qilganmiz. Biroq bu bilan cheklanib qolmasdan, Yaponiyaning yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlariga ega kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga kirishni jiddiy o’ylab ko’rishga chaqiraman.
O‘zbekistonning ijobiy tomonlari– aholining asosiy qismini tashkil qiladigan yoshlar va jadal iqtisodiy o‘sish sur’atlaridir. Bu mamlakatda o‘sish va rivojlanishning jonli muhitini his qilish mumkin. Yaponiya bilan keskin farqlarga ega bo‘lgani uchun, yapon kompaniyalari uchun O‘zbekistonga kirish katta foyda va imkoniyatlar yaratadi, deb ishonaman.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz