Yapon ish odatlari. Yaponiyaliklar bilan muvaffaqiyatli munosabat o’rnatish sirlari
Yapon ish odatlari. Yaponiyaliklar bilan muvaffaqiyatli munosabat o’rnatish sirlari
O’zbekistonda o’zimizga mos ish odatlari bo’lganidek, yapon ish odatlari ham mavjud. Bu odatlar farqini bilish va bilib-bilmas xató qilishni oldini olish bizga faqat va faqat foyda keltiradi.
Bugun sizlarga Yapon ish odatlarining eng kerakli bo’lgan 3tasi haqida to’xtalib o’tmoqchiman.
1-odat: Vaqtga bo’lgan munosabat.
Tassavur qiling yapon hamkoringiz bilan ertaga ertalab 10:00 da uchrashishga kelishdingiz. Xo’sh, 10:00 dan necha daqiqa o’tgangacha kechikish hisoblanmaydi? 10 daqiqa yoki 5 daqiqa deysizmi? Javobi, 10:00 dan 1 soniya o’tsa ham kechikish hisoblanadi. Yapon tadbirkorlari vaqtga bo’lgan munosabatlari juda qattiq. Odatda o’z vaqtida emas, 10 daqiqa, hech bo’lmaganda 5 daqiqa aytilgan vaqtdan oldin aytilgan joyga borib turishga harakat qilinadi. Bordi-yu aytilgan vaqtdan kechikib qolsa, albatta oldindan telefon qilinadi yoki boshqa vositalar orqali kechikish haqida yetkaziladi. Kechikganda albatta kechirim so’rash kerak bo’ladi. Shu yerda ehtiyot bo’lish kerakki, bahona qilish mumkin emas. Bahona degani nima degani? Ya’ni “Ko’chada mashina ko’p va triband edi. Shuning uchun kech qoldim”, yoki “Avtobus yoki metro kech qoldi” deb aytish bahonami? Yaponlar nuqtai-nazaridan aytadigan bo’lsak bular bahona hisoblanadi. Ularning nuqai-nazaridan aytilganda ko’chadagi vaziyatni oldindan inobatga olgan holda reja tuzish, oldinroq yo’lga chiqish kerak bo’ladi. Shuning uchun ham kechirim so’raganda, ortiqcha so’zlarsiz faqatgina uzr so’rash va keyingi safar ehtiyot bo’lishi haqida aytilsa kifoya. Lekin shu yerda bilib qo’ygan afzalki, kechikganda allaqachon siz haqingizda salbiy tushuncha paydo bo’ladi. Salbiy tushunchani bartaraf etish uchun sizdan qo’shimcha harakat va vaqt talab qilinadi. Shuning uchun yapon tadbirkorlari bilan bo’lgan muomalada vaqtga katta e’tibor berish kerak.
2-odat: HORENSO-ga amal qilish.
Aslida HORENSO (ほうれんそう)degan so’z ismaloq degan ma’noni anglatadi. Lekin aytilishi bir xil bo’lgan HORENSO ning Yapon ish odati ma’nosi ham bor. Ya’ni HOUKOKU, RENRAKU, SOUDAN so’zlaridan qisman olib, HORENSO so’zi yasalgan. To’satdan yaponcha so’zlar chiqib kelganiga hayron bo’ldingizmi? Xavotir olmang. Hozir hammasini birma-bir tushuntiraman. Demak, HOUKOKU(報告)- hisobot berish, RENRAKU(連絡)- xabar berish, SOUDAN(相談)- maslahat qilish degan so’zlarni yig’ib HORENSO odatiga nisbatan ishlatiladi. Yaponiyada jamoa bilan ishlash juda yaxshi rivojlangan. Shuning uchun ishdagi har qanday ma’lumot, vodea, hodisa har doim jamoa ichida ulashib boriladi va qaror berishda ham jamoa bilan yaxshi maslahat qilinadi. Yuqoridagi HORENSO odatini misol birma bir ko’rib boramiz.
HOUKOKU(報告)- hisobot berish: sizga yuklatilgan vazifani qisqa va lo’nda qilib boshliqga hisobot berish nazarda tutiladi. Odatda yapon ishxonalari juda ko’p ish bilan shug’ullanadi va boshliqlarda yetarlicha vaqt bo’lmaydi. Shuni hisobga olib xulosadan boshlab (結論ファスト) qisqa va lo’nda hisobot beriladi. Shu o’rinda ishdagi faktlar va o’z fikringizni ajratib aytish ham talab qilinadi. Shunda sizni eshitib turgan boshliq yoki hamkoringiz vaqti oz, ishlari ko’p bo’lishiga qaramay sizni yaxshi tushunadi. HORENSO ga amal qilish sizni yapon ish jamiyatida muvofaqiyatga yetaklaydi.
RENRAKU(連絡)xabar berish. Biror holat yoki video yuzasidan xabar berish. Bunda asosan kundalik bo’layotgan hodisalar nazarda tutiladi. Masalan, loyiha a’zosi bo’lgan kishi betob bo’lib qoldi. Shu haqida xabar berish bu RENRAKU hisoblanadi.
SOUDAN(相談)maslahat qilish ma’nosini anglatadi. Biror muammo, yoki voqea yuzasidan boshliq yoki jamoa a’zolaridan maslahat olish.
Tassavur qilaylik siz ma’lum bir loyihaga mas’ulsiz. Aytaylik loyihangizdagi jamoa a’zosi betob bo’lib qoldi. Shu sababli loyiha rejadan 3 kun kech qolishi ma’lum bo’ldi. Loyihani o’z vaqtida topshrish sizni ishxonangiz va sizni jamoangiz uchun juda muhim. Har qanday kech qolish sizni ishxonangizga katta zarar olib keladi. Siz 3 kun kech qolishi mumkin bo’lgan loyihani kech qolmasligi uchun o’z jamoangiz bilan maslahat qildingiz va betob bo’lgan kishini o’rniga vaqtincha boshqa ishxonadan yordam olish fikri chiqdi. Boshqa ishxonadan keladigan kishining malakasi katta bo’lmaganligi uchun loyihada baribir 1 kun kech qolish kutilmoqda. Shunday vaziyatda qaysi holat HOUKOKU, RENRAKU, SOUDAN ekanligini ko’rib chiqamiz. Jamoa a’zosi betob bo’lib qolgani RENRAKU ya’ni xabar berish hisoblanadi. Loyiha rejadagidan 1 kun kechikishi aniq bo’lgan holatda shu holat yuzasidan boshliqqa xabar berish kerak. Bu xabar berish esa HOUKOKU hisoblanadi. Hattoki 1 kun kech qolganda ham ishxonaga katta zarar olib keladi. Shuni hisobga olgan bolda boshliq bilan maslahat qilish, keying harakat haqida fikr olish bu SOUDAN hisoblanadi.
3-odat: Ish va shaxsiy hayot bir-biriga aralashmasligi.
Yaponiyada bu so’z ko’pincha HONNE(本音)va TATEMAE (建前)deb aytiladi. HONNE deganda kishining asl ichki fikrlari, chin yuragidagi his-hayajon ma’nosi tushuniladi. TATEMAE deganda kishining o’z ish ma’suliyatidan kelib chiqgan holdagi fikri va mulohazalarini ma’nosi anglashiladi. Shuning uchun yaponlar ishda ko’p hollarda TATEMAE ya’ni ishdagi ma’suliyatidan kelib chiqib siz bilan muomala qilishadi. Yaponiyada kishilar bir-biriga hurmat va ehtirom bilan gapirishi, munosabat jarayonida suhbatdoshni ranjitmaslik juda muhim qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun suhbatdoshiga har doim ochiq yuz bilan, jilmayib muomala qilishga harakat qilishadi va to’g’ridan-to’gri yo’q deb aytish yoki rad javobini berishni xush ko’rishmaydi. Ko’p hollarda biror taklifga nisbatan yaponlar “o’ylab ko’raman” deb javob bersa bilingki bu taklifga rozi bo’lishi ancha murakkab masala.
Yapon jamiyatida ish va shaxsiy hayot mutlaqo ajralgan bo’ladi. Ishda kishining shaxsiy hayoti, shaxsiy ma’lumotlari haqida so’rash odobdan hisoblanmaydi. O’zbekistonda aksincha kishining oilasi va boshqa shaxsiy masalalar bo’yicha tez-tez fikrlar almashiladi. Unda qanday qilib yaponlar bilan do’st bo’laman deyapsizmi? Xavotirga o’rin yo’q. Keyingi maqolada yaponiyaliklar bilan qanday qilib do’st bo’lish, yaxshi tanish bo’lmagan kishi bilan suhbatda nima haqida gapirish mumkin, nima haqida gapirish mumkin emasligi haqida aytib boraman.
Shunday qilib sizlar bilan yapon ish madaniyatida eng kerakli bo’lgan 3tasi “Vaqtga e’tibor”, “HOURENSOU”, “HONNE va TATEMAE” bilan tanishdik. Siz qanday yapon odatlarini bilasiz? Siz va yapon hamkasblaringiz o’rtasidagi vodealar haqida izohda aytib bering. Ko’rishguncha!
Izoh qoldiring
Mavzuga oid