JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiya tajribasidan foydalanib O'zbekistonda ishlash

Yaponiya tajribasidan foydalanib O'zbekistonda ishlash

Vatanga qaytgandan keyingi karyera rejasi va ish qidirish (O’zbekistondagi yapon kompaniyalari, yapon tilidan foydalanadigan ish o'rinlari)

Yaponiyada o'qish yoki ishlashni tugatib, vatanga qaytayotgan barchaga.

Yaponiyada o'tkazgan yillaringiz nafaqat yapon tilini o'rganish, balki yaponcha ish yuritish uslubi, biznes odob-axloqi, vaqtga rioya qilish, jamoaviy ishlash kabi ko'plab qimmatli tajribalarni ham egallagan davr bo'lgan, deb o'ylaymiz.

Hozirgi kunda O'zbekiston bilan Yaponiya o'rtasidagi iqtisodiy va biznes aloqalari yildan-yilga kengayib bormoqda, shu bois Yaponiyada tajriba orttirgan mutaxassislarga bo'lgan talab ham oshib bormoqda. Biroq, yapon tilidan foydalanish mumkin bo'lgan ish o'rinlari hali ko'p emas. Shu sababli, vatanga qaytgandan so'ng darhol istagan ishingizni topa olishingiz biroz qiyin bo’lishi mumkin. Yetarlicha tayyorgarlik ko'rib, ish qidirishni rejali ravishda olib borish muhim.

Ushbu maqolada Yaponiyadagi tajribangizdan foydalanib, yapon kompaniyalari yoki yapon tilini talab qiladigan ish o'rinlariga joylashish uchun muhim jihatlarni tanishtiramiz.

1.Vatanga qaytishdan oldin karyera rejangizni o'ylab qo'ying.

Yaponiyada "段取り八部- “Dandori Hachi Bu”- Ishning muvaffaqiyatli bo’lishi 80% , tayyorgarlikka bog'liq " degan maqol bor — ya'ni biror ishni boshlashdan oldin puxta tayyorgarlik ko'rish kerak degan ma'noni anglatadi. Vatanga qaytishga qaror qilgan paytdanoq puxta tayyorgarlik ko'ring. O'zbekistondagi vaziyat va muhit o'zgarishlari Yaponiyaga qaraganda ancha jadal kechadi. Shuning uchun O'zbekistonga qaytish uchun ruhiy tayyorgarlik ko'ring, vaziyat istalgan payt o'zgarishi mumkinligini yodda tuting va ma'lum darajada moslashuvchan bo'lishni o'rganing.

Ish qidirishni esa vatanga qaytishdan oldin boshlang:

  • Qanday ish qilishni xohlaysiz

  • Ishga joylashmoqchimisiz yoki o'z biznesingizni ochmoqchimisiz

  • Yapon tilidan foydalanadigan ish siz uchun qiziqmi yoki Yaponiyada egallagan boshqa ko'nikmalaringizni ishlatmoqchimisiz

  • Yapon kompaniyasida ishlashni xohlaysizmi yoki mahalliy kompaniyadami yoki davlat idorasi sizga to’g’ri keladimi

  • Kelajakda qanday karyera qurishni istaysiz

Maqsad aniq bo'lsa, qaysi kompaniyalarga murojaat qilish va nimalarga tayyorgarlik ko'rish kerakligi ham ravshan bo'ladi.

2.O'z-o'zingizni tahlil qiling va ko'nikmalaringizni qog’ozga tushuring

"Yaponiyada ishlaganman" degan gapni o'zi, ular sizni ishga olishi uchun yetarli emas. Kompaniyalar bilishni xohlaydigan narsa — "Yaponiyada nimani tajriba qildingiz, qanday qobiliyat-ingiz bor va buni O'zbekistonda qanday qo'llayolasiz" degan savollardir.

Avvalo, o'z tajribangizni tartibga soling. Masalan:

  • Yapon tili darajangiz yetarlimi (JLPT N2 va undan yuqori yoki biznes darajasi bo'lsa, afzallik)

  • Nimalarni o'rgandingiz yoki tadqiq qildingiz

  • Qanday ishlarni bajardingiz

  • Qanday natijalarga erishdingiz

  • Qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va ularni qanday yengib o'tdingiz

  • Yaponiyada o'rgangan bilimlar, ko'nikmalar (hard skills), sertifikat yoki malaka guvohnomalaringiz bormi

  • Qanday yumshoq ko'nikmalarni (soft skills) egalladingiz

Bularni yozib chiqib qo'ysangiz, suhbat vaqtida ham o'zingizga ishonch bilan gapira olasiz.

3.Yaponiyada egallagan ko'nikmalaringizni kuchli tomon sifatida taqdim eting.

O'zbekistonda Yaponiya ish tajribasiga ega mutaxassislar hali ko'p emas. Shu sababli, Yaponiyada egallagan ko'nikmalaringiz sizning katta kuchli tomoningizga aylanadi.

Masalan:

  • Vaqtga rioya qilish odati

  • Hisobot berish, Aloqada bo’lish, Maslahatlashish (hōren-sō) madaniyati

  • Biznes odob-axloqi

  • 5S (tartibga solish, joylashtirish, tozalash, tozalikni saqlash, intizom)

  • Kaizen (uzluksiz takomillashtirish) g'oyasi

  • Sifat nazoratiga bo'lgan e'tibor

  • Xavfsizlik muhim me’zonligi

  • Jamoaviy ishlash

  • Mas'uliyat hissi

  • Yapon tilida muloqot qilish qobiliyati

Bular nafaqat yapon kompaniyalarida, balki yapon kompaniyalari bilan hamkorlik qiluvchi o'zbek kompaniyalarida ham yuqori baholanadi. Rezyume va suhbatda shunchaki "egallaganman" deb yozish o'rniga, aniq tajriba va voqealar orqali tushuntirib bering.

4.Rezyume va ish tajribasi bayonini puxta tayyorlang.

Yapon kompaniyalarida, xuddi Yaponiyaning o'zidagidek, hujjatlar bo'yicha saralashga katta e'tibor beriladi.

Shu sababli:

  • Rezyume (CV yoki 履歴書)

  • Ish tajribasi bayoni (職務経歴書-shokumu keirekisho)

  • Aynan shu yerda ishlashni tanlaganingiz sababi (志望動機) kabi hujjatlarni yetarlicha vaqt ajratib tayyorlang.

Ayniqsa, nega aynan shu kompaniya yoki tashkilotda ishlamoqchisiz (志望動機)? O'z tajribangizni qanday qo'llay olasiz? degan savollarga aniq javob berish muhim. Barcha kompaniyalarga bir xil matnni yubormasdan, har bir ariza uchun mazmunni qayta ko'rib chiqib, o’sha tashkilot uchun moslab tayyorlashnini tavsiya qilamiz.

5.Yapon tilida rezyume tayyorlang.

Yapon kompaniyalari ba'zan rezyumeni (履歴書) yapon tilida taqdim etishni talab qilishi mumkin. Yaponcha rezyume O'zbekistonda odatda ishlatiladigan rezyumedan farqli yozish tartibi va qoidalariga ega. Tashkilotga yuborishdan oldin to'g'ri yozish uslubini bilib oling va puxta tayyorlang.

  1. Yaponcha rezyume yozish qoidalari (maqola), (video).

  2. Yaponcha rezyume shabloni

Rezyume shakli quyidagi havoladan bepul yuklab olinishi mumkin:

Yaponcha rezyume shabloni

6. Ish qidirish yo’llari.

O'zbekistonda, Yaponiyadagidek, barcha ish e’lonlarini faqat internet saytlardan topish qiyin.

Shu sababli, bir nechta usulni birgalikda qo'llash muhim.

  1. Yaponiyadan qaytgan aka-uka/opa-singillar (senpai)dan maslahat so'rang

Sizdan oldin O’zbekistonga qaytib yapon kompaniyasida ishlayotgan tanishlarda ish taklifi bo’lishi mumkin. Avvalo ular bilan maslahatlashib ko'ring.

  1. Yaponiya bilan bog'liq tadbirlarda ishtirok eting

Yapon kompaniyalari bilan uchrashuvlar yoki yaponiyaga oid tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan tadbirlarda yangi ish imkoniyatlariga olib keladigan tanishuvlar bo'lishi mumkin. Faol ishtirok eting.

  1. Ish qidirish saytlaridan foydalaning

O'zbekistonda ham ish qidirish saytlari mavjud. 

Asosiylari:

Yuqoridagi saytlarda ko'p bo'lmasa-da, Yaponiya bilan bog'liq bo'sh ish o'rinlari joylashtirilishi mumkin. Saytlarga ro'yxatdan o'ting va "Yaponiya" kabi kalit so'zlar orqali qidirib ko'ring.

  1. Yaponiya bilan bog'liq tashkilotlar ma'lumotini kuzatib boring

Yaponiya bilan iqtisodiy aloqalar olib boruvchi tashkilotlar yoki kompaniyalarning veb-saytlarida ham ish e'lonlari chiqishi mumkin.

Masalan:

UJC (Uzbekistan-Japan Center), (Telegram kanali) kabi ma'lumotlar, saytlar va telegram kanallarini muntazam kuzatib turing.

  1. U-Senpai Club bilan maslahatlashing

Yaponiyadan qaytgan vatandoshlarimiz tomonidan boshqariladigan U-Senpai Club orqali Yaponiyadagi tajribangizdan foydalanib karyerani rivojlantirish haqida maslahat olish mumkin. Xuddi shunday tajribaga ega kishilar bo'lgani uchun amaliy maslahat va ish e'lonlarini ham tavsiya qilishlari mumkin. (Telegram guruh)

7. Shoshilmang, reja bilan ish qidiring.

Yapon tilidan foydalanadigan ish o'rinlari ko'payib bormoqda, ammo hali yetarlicha ko'p emas. Shu sababli, "vatanga qaytishim bilanoq istagan ishimni topaman" deb o'ylamang. Kompaniyalarni o'rganish va o'zingizga mos kompaniyani topish uchun ham vaqt kerak bo'ladi. Shuningdek, ish qidirish jarayonida ham yapon tilini o'rganishni davom ettirish yoki yaponlar bilan muloqotni davom ettirish orqali yapon tili darajangizni saqlab qolishingiz mumkin.

Xulosa

Yaponiyadagi tajribangiz — faqat sizning katta boylikingizdir. Muhimi "Yaponiyada ishlaganman" degan tajriba emas, balki "Yaponiyada nimani o'rgandim va buni O'zbekistonda qanday qo'llayman" degan savoldir.

Vatanga qaytgandan keyingi ish qidirish jarayonida shoshilmasdan tayyorgarlik ko'ring va o'z tajribangiz hamda kuchli tomonlaringizni ishonch bilan gapirib bering.

Japan Career Portal bundan buyon ham yapon kompaniyalari va yapon tilidan foydalanadigan ish o'rinlari haqidagi ma'lumotlarni, shuningdek, karyerani rivojlantirish uchun kerakli bo’ladigan foydali maqola va videolarni muntazam joylashtirib boradi. Yaponiyada egallagan tajribangizni O'zbekistonning rivojlanishi va Yaponiya-O'zbekiston o'rtasida ko'prik bo’lishingizni chin dildan tilaymiz.

 

Keyingi maqola

Ushbu maqolada Yaponiyadagi tajribadan foydalanib yapon kompaniyalari yoki yapon tili talab qiladigan ish o'rinlariga joylashish yo’llari bilan tanishdik.

Shu bilan birga, Yaponiyadan qaytganlar orasida yapon tili ishlatilmaydigan ishlarda, O'zbekistondagi xususiy kompaniyalarda yoki davlat xizmatchisi sifatida faoliyat yuritayotganlar ham ko'p.

Keyingi maqolada Yaponiyadagi tajribadan foydalanib O'zbekiston ichidagi kompaniyalar yoki davlat muassasalariga ishga joylashish yo’llari va qabul jarayonlarining muhim jihatlari haqida batafsil to'xtalamiz.


 

Izoh qoldiring
Profile picture