Yaponiya to‘rt faslining o'ziga xos jozibasi
Yaponiya to‘rt faslining o'ziga xos jozibasi

Yapon tilini endi o‘rganishni boshlagan o‘zbekistonliklarning aksariyati uchun “shiki- to’rt fasl” degan so‘z birinchi marta uchrashi mumkin. Yaponiyada “to‘rt fasl” tushunchasi juda muhim bo‘lib, yaponlar bundan faxrlanadigandek tuyuladi. Sababi shundaki, har bir faslda o‘ziga xos zavqlar bor, tabiat o‘zgarishi bilan birga madaniyat va turmush ham yanada boyiydi. Bu yerda, Yaponiyaning to‘rt faslining asosiy xususiyatlari haqida so‘z yuritamiz.
※Yaponiya shimoldan janubga uzun cho‘zilgani uchun hamma hududlarda bir vaqtning o‘zida bir xil iqlim bo‘lmaydi, lekin quyida keltirilganlar umumiy tendensiyadir.
Bahor: Iliq, yomg‘irlar ko‘p bo‘lsa-da, yashash uchun qulay
Yaponiyada bahor deyilganida eng avvalo sakura esga tushadi. Dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lgan sakura gullari ochiladigan davr juda go‘zal bo‘lib, yaponlar “ohanami”dan zavqlanadilar. “Hanami” so‘zi “hana” (gul) va “miru” (ko‘rmoq) kanjilaridan tarkib topgan bo‘lib, sakurani tomosha qilib zavqlanish marosimini bildiradi. Ko‘pchilik odamlar bog‘larga to‘planib, piknik qiladilar, suratga tushadilar va dam oladilar. Bu joylarning aksariyatini bepul foydalanish mumkin.

Yaponiyada Sakura daraxtlari juda ko‘p ekilgani uchun, bekatdan uyingizgacha bo‘lgan yo‘lda yoki ishga borish vaqtida ham sakuradan zavqlanish mumkin. Shuningdek, ibodatxonalar, buddaviy monastirlar yoki qal’alarda kechqurun chiroqlar bilan yoritib qo‘yiladigan joylar ham bo‘lib, nafaqat kunduzi, balki kechqurun ham sakuradan bahramand bo‘lish mumkin. Bu davrda sakura tasviri tushirilgan mahsulotlar ko‘p sotuvga chiqariladi, pushti rangdagi (sakura rangi) desertlar va ichimliklar ham juda ommabop. Bundan tashqari, qulupnaydan tayyorlangan shirinliklar ham bozorga chiqarilib, boshqa fasllarga qaraganda arzonroq narxda sotib olish mumkin bo‘ladi.
Yoz: Issiq va nam bo‘lsa-da, tadbirlar ko‘p bo‘lib, juda gavjum bo‘ladi.
Yaponiyaning yozi juda issiq va nam bo‘ladi. Yaponiya yozi haqida yanada ko'proq bilishni istasangiz mana bu maqolani o‘qib ko‘ring: 【Yaponiya yozi boshqacha! O’ziga xos xususiyatlari va e'tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar】
Yozning eng zavqli tomonlaridan biri – bu mushakbozlik (hanabi) festivali bo‘lib, nafaqat o‘zbekistonliklar, balki barcha chet elliklar uchun ham juda hayratlanarli tadbir hisoblanadi. Hanabi festivalida, bir soatdan bir yarim soatgacha davom etadigan mushakbozliklar namoyish etiladi. Ko‘pchilik odamlar yapon milliy kiyimi – yukata kiyib, ertaroq borib joy egallashadi va tabiat qo’ynidagi piknikdan zavqlanishadi.

Bundan tashqari, yoz faslida kungaboqar, gortensiya va lotus kabi turli xil gullar ochiladi, odamlar esa gulzorlar va mashhur sayyohlik joylariga tashrif buyurishadi. Yaponiya dengiz bilan o‘ralgan mamlakat bo‘lgani uchun, yoz kelganda ko‘pchilik odamlar dengizga borib cho‘miladi yoki mushakbozlik (hanabi) bilan vaqt o‘tkazadi.

Yeguliklar ichida esa, Yaponiyaga xos “kakigōri” juda mashhur. Kakigōri – bu kichik qilib maydalangan muz ustiga sirop quyib tayyorlanadigan desert bo‘lib, issiq yozda juda mos keladi. Shuningdek, qovun, shaftoli, tarvuz kabi mevalar ham yozda ko‘p iste’mol qilinadi.

Iyuldan sentyabrgacha bo‘lgan davr tog‘ga chiqish mavsumi hisoblanadi va ko‘plab odamlar sayohatga chiqib, tog‘larga ko‘tarilishadi. Ayniqsa, “Fujisan” (Fudzi tog‘i) juda mashhur bo‘lib, ko‘pchilik hech bo‘lmaganda bir marta chiqishni xohlashadi. Birinchi marta tog’ga chiqayotganlar uchun ham maxsus tayyorlangan xavfsiz yo‘llar borligi sababli, bemalol sinab ko‘rish mumkin.
Kuz: Barglarning to‘kilishi, tadbirlar va mazali taomlar fasli
Issiq va nam yoz tugagach, salqin kuz keladi va Yaponiyada yashovchi odamlar yengil tortadi. Kuz, avgustdan bo’ladigan tayfun mavsumi bilan boshlanib, bu davrda havo asta-sekin soviy boshlaydi. Kuzning kirib kelganining yana bir belgisi bu “momiji” – daraxt barglarini rang-barang o’zgarishidir. Yaponiya o‘rmonlarga boy mamlakat bo‘lgani uchun, turli hududlarda rang-barang daraxt barglarni tomosha qilish mumkin. Bahordagi “ohanami” singari, kuzda ham tungi chiroqlar bilan yoritib, barglarni tomosha qilish marosimlari o‘tkaziladi.

Kuzgi bayramlar orasida 31-oktabr kuni nishonlanadigan Xellouin juda mashhurdir. Ko‘plab yaponlar va chet elliklar turli kiyimlarda shahar markaziga to‘planishadi. Xellouin tugagach, darhol Rojdestvo tayyorgarliklari boshlanadi va bu tezkor o‘zgarish o‘zbekistonliklar uchun qiziqarli tuyulishi mumkin. Yirik savdo markazlari va 100 yenlik do‘konlarda esa ushbu mavsumiy bayram buyumlar qatorlab qo‘yiladi.

100 yenlik do‘konlarda Xellouin buyumlari sotuvga chiqadi. (24-avgust)
Kuzgi taomlardan biri – kuri bo‘lib, u yapon shirinliklari, pechenyelar va desertlarda keng qo‘llaniladi.
Qishda esa shamollar kuchli bo‘lib, havo sovuq bo‘ladi.
Noyabr oyining oxirlaridan boshlab qish fasli kirib keladi, biroq Xokkaydo kabi shimoliy hududlardan tashqari joylarda qor hali unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Xonsyu va undan janubiy hududlarda esa sovuq shimoliy shamollar esib, havo ancha sovuqlashadi va odamlar sovuqni kuchliroq his qilishadi. Qorning qalin yog‘ishi hali kam uchraydi, biroq shamollarning sovuqligi sababli sovuq keskin sezila boshlaydi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Yaponiyada Rojdestvo (Christmas) tayyorgarliklari noyabr o‘rtalaridan boshlanadi. Hatto bayramdan bir oy oldin ko‘plab odamlar Rojdestvo keksiga (Christmas cake) oldindan buyurtma berishadi.
Boshqa tomondan, Yangi yil (Oshogatsu) nishonlanishi nisbatan sokin bo‘ladi. O‘zbekistondagidek uyda katta bayram qilishdan ko‘ra, Yaponiyada an’anaviy shaklda vaqt o‘tkazish odat tusiga kirgan. Asosiy urf-odatlar – osechi ryori (Yangi yil maxsus taomi) va hatsumode (yangi yilning ilk ziyorati). Osechi ryori – Yangi yil uchun maxsus tayyorlanadigan taom bo‘lib, ko‘pchilik oldindan do‘konlarga buyurtma beradi. Hatsumode – yangi yil kechasidan boshlab 1-yanvar kunlari ibodatxona yoki budda ibodatxonalariga tashrif buyurib, sog‘lik va omad tilab ibodat qilish marosimi. Bu paytda ko‘plab savdo rastalari (yarmarkalar) bo‘lib, tashrif bilan birga ovqatdan ham bahramand bo‘lish mumkin.
Bundan tashqari, qishki qiziqarli tadbirlardan biri – yuki matsuri (“qor bayrami”)dir. Bu “qor” (yuki) va “bayram” (matsuri) so‘zlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan nom bo‘lib, muz va qor bilan yasalgan turli qahramonlar va inshootlar namoyish etiladigan tadbirdir. Asosan Xokkaydo va Tohoku hududlarida o‘tkaziladi.

Qattiq sovuq bo‘lgan qishda onsen (issiq buloqlar) va chang‘i ham juda mashhur. Onsen – bu yer ostidan tabiiy ravishda chiqadigan iliq suv bo‘lib, u odamlarning tanasi va ruhini tinchlantirish, charchoqni ketkazish joyi sifatida tanilgan. Onsen suvlarining turli xil foydali tarkibi bo‘lib, sog‘liq va go‘zallik uchun yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Tabiat qo‘ynida onsen ichida cho‘milish yaponlar uchun o‘zgacha bir rohat bahsh etadi.
Qishning o‘ziga xos taomlaridan biri – sitrus mevalar: mandarin (mikan), limon, yuzu kabi mevalar bo‘lib, ularni jele, tort va boshqa shirinliklarda keng qo‘llashadi. Shuningdek, shirin kartoshka (satsumaimo) ham juda mashhur. Uni issiq toshlarda pishirib “ishiyaki imo” sifatida iste’mol qilishadi, bundan tashqari bug‘lashadi yoki shirin kartoshkadan tayyorlangan “sweet potato” yoki “daigaku imo” kabi shirinliklarda ishlatiladi. Usti xushbo‘y, ichi esa shirin va yumshoq bo‘lib, o‘ziga xos mazaga ega.
Xulosa
Yaponiyada bahor, yoz, kuz va qish – to‘rt fasl mavjud bo‘lib, har bir faslning o‘ziga xos tabiat manzaralari, marosimlari va taomlari bor. Bu fasllarning almashinuvi yaponlarning hayoti va madaniyatiga chuqur singib ketgan. Odamlar tabiat bilan uyg‘un yashab, to‘rt faslni hayotlarining muhim bir qismi sifatida bilishadi. Yapon tilini o‘rganishda ham “shiki” (to‘rt fasl) tushunchasini anglash, yapon madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishishga yordam beradi.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid