Migratsiya agentligi islohotlari: yangi yo‘nalishlar va istiqbollar
Migratsiya agentligi islohotlari: yangi yo‘nalishlar va istiqbollar
2024-yil oktabr oyida O‘zbekistonning migratsiya siyosatini isloh qilish bo‘yicha bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar qatoriga 2024-yil 17-oktabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni (№ PF-162) va 2024-yil 17-oktabrdagi Prezidentning "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori (№ PQ-367) kiradi. Ushbu hujjatlar migratsiya agentligining maqomini, xususiy bandlik agentliklarini va Yaponiya bilan bog‘liq siyosatni o‘zgartirishga yo‘naltirilgan ayrim qoidalarni o‘z ichiga oladi.
※O‘zbekiston fuqarolarini mehnat migratsiyasiga yuborishning avvalgi tartibi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin: «Jo'natish jarayoni haqida umumiy ma'lumotlar ».
1.Migratsiya agentligi: jo’natuvchi tashkilotdan davlat organigacha
Avval Migratsiya agentligi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tarkibida, mehnat migrantlarini xorijga yuborish bo‘yicha davlat unitar korxonasi sifatida faoliyat olib borgan. Ammo yangi Prezident farmoniga muvofiq, u "Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi"dan "Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi"ga aylantirilib, davlat ijro hokimiyati organi maqomini oldi. Yangi Agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga va Respublika migratsiya komissiyasiga (avvalgi nomi – Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi) bo‘ysundirilgan.
Yangi o‘zgarishlar natijasida Agentlikning vakolatlarida o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, mehnat migrantlarini xorijga yuborish sohasida nazorat funksiyalari kuchaytirildi, shuningdek, asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagicha belgilandi.
1. Tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, fuqarolarni xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish ishlarini nazorat qilish hamda ushbu fuqarolarning hisobini yuritish.
2. Xususiy bandlik agentliklarining faoliyatini litsenziyalash, ular tomonidan litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish.
3. Migratsiya sohasida xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni xorijda vaqtincha ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha chet davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish.
4. Xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish ishlarini tashkil qilish, rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish.
5. Chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashish.
6. O‘zbekistonning xorijdagi va xorijiy davlatlarning respublikamizdagi diplomatik muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilish, o‘zbek diasporalari va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish.
2025-yil 1-yanvardan boshlab Agentlik xususiy bandlik agentliklarining faoliyatini tekshirish bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi, bunda Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organni majburiy tartibda xabardor qilish talab etiladi. Rejaga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvargacha fuqarolarni ishga yollash, ularni xorijga yuborish va ishga joylashtirish funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.
2. Xususiy bandlik agentliklarini tashkil etish talablarini liberallashtirish va ularning faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish
Islohot xususiy bandlik agentliklarini tashkil etish uchun yanada moslashuvchan sharoitlarni yaratishni, shu bilan birga, ularning faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirishni nazarda tutadi.
•Litsenziya olish uchun zaxira mablag‘lari hajmini kamaytirish
Eng katta yangiliklardan biri shundaki, litsenziya olish uchun talab qilinadigan zaxira mablag‘lari hajmi ikki baravardan ko‘proq kamaytirilishi rejalashtirilmoqda – 8 500 bazaviy hisoblash miqdoridan 4 000 bazaviy hisoblash miqdorigacha. Xususiy agentliklar ushbu mablag‘larni tijorat banklarining depozitlarida joylashtirishlari va ulardan foiz daromadlarini olishlari mumkin bo‘ladi.
•Kasb va chet tillarini o‘rgatish kurslarini tashkil etish huquqi
Xususiy bandlik agentliklariga xorijda ishlashni istagan fuqarolar uchun kasblar va chet tillarini o‘rgatish kurslarini tashkil etish huquqi beriladi. Buning uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘sh turgan binolarni xususiy bandlik agentliklariga taqdim etadi.
•Xususiy bandlik agentliklari xodimlarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni oshirish
Xususiy bandlik agentliklarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash doirasida davlat agentliklarning moddiy-texnik bazasi va rahbarlari malakasiga oid aniq standartlarni belgilaydi. Masalan: Firibgarlik, odam savdosi, terrorizm yoki ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki amnistiyadan o‘tmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki boshqarilayotgan agentliklarga O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan tartibda ishga yollash uchun litsenziya olish taqiqlanadi. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklariga bunday shaxslar bilan mehnat shartnomalari, fuqarolik-huquqiy yoki agentlik shartnomalari tuzish qat’iyan man etiladi. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari xodimlari uchun professional etika me’yorlari joriy etiladi, ularning faoliyatini baholash mezonlari belgilanadi va muntazam ravishda reytinglar tuzib boriladi.
3. Yaponiya – strategik hamkor
Islohotlarda Yaponiya bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston hukumati 2025-yilda iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda 200 ming fuqaroni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Shu munosabat bilan 2024–2026-yillarda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida yaponiyalik yirik ish beruvchilar bilan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvlar imzolash rejalashtirilgan. 2025-yil mart oyiga qadar yapon ish beruvchilar talablariga mos keladigan kadrlar bazasi yaratiladi, 2025-yil iyun oyida esa yapon kompaniyalari bilan asosiy kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Yaponiya tomonlari bilan birgalikda qurilish, tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalari va yapon tiliga oid yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Xulosa
Yuqorida keltirilgan Prezident farmoni va qarori mehnat migratsiyasini boshqarish samaradorligini oshirish, xususiy sektor rolini kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan. Xususan, mehnat migrantlarini xorijga yuboruvchi xususiy bandlik agentliklarni tashkil etish jarayoni soddalashtirilmoqda, bu ularning sonini oshirish imkonini beradi (2024-yil holatiga ko‘ra, bunday agentliklar soni atigi 16 tani tashkil etadi). Yaponiya tomon mehnat migrantlarini yuborish bilan shug‘ullanuvchi agentliklar haqida ma'lumot olish uchun quyidagi maqolaga qarang: «Jo'natuvchi tashkilotlar (Bandlik agentliklari) ro‘yxati».
Bundan tashqari, Yaponiya O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash sohasida muhim strategik hamkor sifatida belgilangan, bu esa ushbu davlatga mehnat migrantlarini yuborish tizimini yanada mustahkamlash va kengaytirishni nazarda tutadi.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid