Turistik sohada faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz
Turistik sohada faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz
Mehmonxonadagi ish tajribasi, kelajakda karyerani rivojlantirishda qoʻl keladi.
Abdurashidov Davlatshoh
Tugʻilgan joyi: Samarqand
Yoshi: 29
Ish joyi: Kandeo Hospitality Menejment kompaniyasi
Faoliyati: mijozlarni qabul qilish va mehmonxona boshqaruvi
Ish va oʻqish tajribasi:
Samarqand turizm kolleji
Makuhari yapon tili maktabi (2013-2015)
Keiai universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti (2015-2019)
Kandeo Hospitality Manegment kompaniyasi (2019-2020, 2024-)
Yaponiyada taʼlim olish
Men Samarqandlikman va mening oilam Registon maydonidagi esdalik sovgʻalar sotadigan doʻkonda ishlaganliklari uchun bolaligimdan ularga yordam berib kelaman. Samarqand mashhur sayyohlik markazi boʻlganligi uchun, koʻplab yaponiyalik sayyohlar ham tashrif buyurishardi. Ular bilan yuzma-yuz suhbatlashganligim sayin, Yaponiyaga boʻlgan qiziqishim ortib, yapon tilini oʻrganishni boshladim. Shuningdek, Yaponiyada oʻqigan qarindoshlarim va ularning doʻstlariga havas qilib, oʻzim ham albatta Yaponiyada oʻqishni niyat qildim. Qarindoshlarim tavsiya qilgan yapon tili maktabiga qiziqib, 2013-yilda Chiba prefekturasida joylashgan Makuhari yapon tili maktabiga oʻqishga bordim.
Keiai universitetiga oʻqishga kirish va ishga joylashish
Makuhari yapon tili maktabidagi baholarim yaxshi boʻlgani uchun tavsiya asosida universitetga kirish imkoni boʻldi. Tavsiya imtihoni faqat insho yozish va suhbatdan iborat edi. Yapon tili maktabida yaxshi baholar olish kelajakda oʻqishga kirish imkoniyatlarini oshiradi, shuning uchun puxta oʻqib, yaxshi baholarni olish juda muhim deb oʻylayman.
Universitetning 3-kursining ikkinchi semestridan boshlab ish qidirishni boshladim, lekin Yaponiya uslubidagi ish qidirishga moslashish qiyin boʻldi. Masalan, Oʻzbekistonda oʻzini tanitish yoki oʻziga xos malakasi, qobiliyatlari haqida rezyumega yozish yoki suhbatda shular haqida tanishtirish odati shakllanmagan. Shuningdek, ish qidirish jarayonining aniq tasavvuri yoʻqligi sababli oʻqituvchilar va yapon doʻstlarimdan maslahatlar olib, ularning yordami bilan ish qidirishga tayyorgarlik koʻrdim.
Men turizm sohasiga qiziqqanim sababli, sayyohlik agentligi va mehmonxona sohasida faoliyat olib boradigan kompaniyalarida ish qidirib koʻrdim. Natijada, ikki kompaniyadan ishga kirish taklifini oldim va yakunda mehmonxonada ishlashga qaror qildim.
Mehmonxondagi ishimning tafsilotlari
Ishga qabul qilinganimdan soʻng dastlab uch oylik oʻquv dasturida qatnashdim. Ushbu oʻquv jarayonida mijozlarga xizmat koʻrsatishda eʼtibor berilishi kerak boʻlgan jihatlar, mijozlar bilan muloqot qilish (xonalar turi va narxlari haqida maʼlumot berish kabi) usullari haqida oʻrgandim. Oʻquv dasturi tugagandan soʻng, mehmonlarni roʻyxatdan oʻtkazish va roʻyxatdan chiqarish xodimi sifatida ish boshladim. Koʻplab xorijiy sayyohlar keladigan mehmonxona boʻlganligi uchun mijozlar bilan muloqot qilishdan zavq olaman. Ish boshlaganimdan keyin ingliz tilini bilish darajam ham sezilarli darajada yaxshilandi.
Shuningdek, ushbu kompaniya xodimlarning xohish istaklarini hurmat qiladigan kompaniya boʻlib, kompaniya bilan oʻtkazilgan suhbatlarda qanday ishlarni bajarishni istashimiz haqida fikrimizni soʻrashadi. Men mehmonxona boshqaruviga ham qiziqish bildirganim sababli, boshqaruvga oid ishlarni bajarish istagimni bildirdim. Shundan soʻng, boshqa xodimlarning xizmat koʻrsatish sifati tekshirish, mehmonxona narxlarini belgilash, jihozlarning sanitariya holatini nazorat qilish, buyurtmalarni joylashtirish kabi turli ishlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldim. Agar ishga boʻlgan qiziqishingiz yuqori boʻlsa, muvaffaqiyatli karyera qilishingiz imkoniyatini beradigan muhit va ish joyi desa boʻladi.
Ish sharoitlari va muhiti
Oʻrtacha oylik ish haqi qoʻlga tegadigan summa (soliqlarni chegirib tashlaganda) 200 ming yen atrofida boʻladi. Sayyohlik mavsumlarida ish vaqtidan tashqari qoʻshimcha ishlash holatlari koʻp boʻlib, bu ish haqining oshishiga olib keladi. Bunday miqdordagi ish haqi bilan yashashda qiyinchilik boʻlmaydi. Shuningdek, mukofot pullari ham berilishi mumkin. Yillik taʼtil olish oson boʻlganligi sababli, bu juda qulay ish muhiti deb oʻylayman.
Kelajakdagi karyeram haqida
COVID va oilaviy sabablar tufayli qariyb 4 yil davomida Yaponiyani tark etdim, lekin 18 yoshimdan boshlab Yaponiyada yashab, unga oʻrganib qolganim uchun Yaponiyaga qaytishga kuchli istak paydo boʻldi va avval ishlagan mehmonxonaga qayta ishga joylashdim. Men sayyohlik sohasini yaxshi koʻraman va turli yangi sohalarda ham oʻzimni sinab koʻrishni xohlaydigan insonman. Shu sababli, hozirgi kompaniyamda oʻz qobiliyatimni oshirib borish bilan birga, kelajakda sayyohlik kompaniyasiga oʻtish yoki Oʻzbekiston va Yaponiya bilan bogʻliq boʻlgan ishlarda faoliyat yuritishni ham oʻylayapman.
Yoshlarga maslahatlarim
Yaponiyada oʻqishni xohlaganlarga, Yaponiyaga kelishdan oldin yapon tilini iloji boricha yaxshilab oʻrganishni tavsiya qilaman. Bu Yaponiyadagi hayotga moslashish yoki soatbay ish (arubaito) topish uchun zarur boʻlgan til koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Kelajakda Yapon kompaniyasiga ishga joylashishni yoki shu yerda faoliyat yuritishni rejalashtirayotgan kishilarga talabalik davridan zavqlanishni tavsiya qilaman, lekin ishga joylashish jarayoniga ham jiddiy tayyorgarlik koʻrish zarur.
Mehmonxona sohasida ishlash orqali yaponcha usulda xizmat koʻrsatishni oʻzlashtirish mumkin, bu esa turli sohalarda karyera rivojlanishiga yoʻl ochadi. Kelajakda Oʻzbekistonga qaytganda ham Yaponiyada oʻrgangan tajriba va koʻnikmalarni qoʻllash mumkin. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar soni ortib bormoqda. Agar ularning mentaliteti va ehtiyojlarini tushunish koʻnikmasiga ega boʻlsangiz, ular uchun qoniqarli xizmat koʻrsatishingiz mumkin. Shuning uchun Yaponiyada tajriba toʻplash juda katta ahamiyatga ega deb oʻylayman.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid