JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada o’qish vaqtida yapon tilini o’qish haqida maslahatlar

Yaponiyada o’qish vaqtida yapon tilini o’qish haqida maslahatlar

Yaponiyaga borib, faqat yapon tili maktabiga qatnash orqali tilni o'rganish qiyin bo'lishi mumkin. Chet elda o'qib, haqiqatan ham yapon tilini ravon gapira olish uchun nimalarga e'tibor berish kerak? 

Yaponiyaga borishdan oldin iloji boricha ko‘proq o’qib o’rganing 

“Yaponiya borsam yapon tilini tabiiy ravishda o‘rganib ketaman” deb noto'g'ri tushunib, yaxshi tayyorgarlik ko'rmasdan Yaponiyaga borishdan saqlaning. Agar chet elda o'qishdan yaxshi natijalar olishni istasangiz, Yaponiyaga ketishdan oldin uzoq muddat davomida yaxshi tayyorgarlik ko'rish juda muhimdir. Yaxshi tayyorgarlik ko'rib Yaponiyaga ketsangiz, minimal tayyorgarlik bilan o'qishni boshlagan odamlarga qaraganda, tezroq yapon tilida gaplasha olasiz. 

O‘z mamlakatingizda yaxshi  yapon tili maktabini tanlang

Yaponiyada o'qishni xohlovchilar vatandagi yapon tili maktablari yoki yapon tili markazlari (chet elda o'qishni tashkil qiluvchi agentliklar) orqali o'qish joylarini tanlashadi va oldindan yapon tili ta'limini olishadi. Maktablar yoki markazlar quyidagi jihatlarda farqlanadi.

  • O’qish to’lovi 

  • Darslar sifati va soni (muddati) 

  • Yaponiyalik o‘qituvchining borligi yoki yo‘qligi 

  • Komissiya to‘lovlari 

◆ Sarf -xarajatlar 

Yapon tili Maktablar yoki markazlar talabalarning tanishtiruvchisi(broker)ga mukofot puli to'lashlari va bu to'lovni talabalar to'loviga qo'shishlari ham mumkin. Bunday xarajatlardan tashqari, chet elda o'qish joyidagi maktabning bir yillik o'qish to'lovi va kirish to'lovini oldindan to'lash talab qilinadi, bu esa oilalarning katta miqdorda qarz olishlariga sabab bo'lishi mumkin. 

Qarz juda ko'p bo'lsa, talabalar pul ishlash va uyiga pul yuborish uchun ko'proq ishlashga harakat qiladilar. Ammo, haddan tashqari ishlash charchoq keltiradi va natijada o'qishga vaqt qolmaydi. Bundan tashqari, belgilangan ish vaqtini oshirib ishlaganliklari uchun, Migratsiya idorasi (Kirish va mamlakatda bo’lishni boshqarish agentligi) tomonidan o'qishni davom ettirishga ruxsat berilmagan va oxir-oqibat o'qishdan chetlatilgan talabalar ham bor. 

Bunday holatlarning oldini olish uchun, to'lovlari o'rtacha va maqbul bo'lgan maktab va markazlarni izlab topishga harakat qiling.

◆ Maktabning ta’lim berish salohiyati 

Ma'lumot to'plab, ta'lim sifati yuqori bo'lgan maktablar va markazlarni tanlang. Ba'zi maktablar bir yildan ortiq vaqt davomida yuqori darajadagi yapon tili ta'limini berib, talabalarni yotoqxonada yashashga imkon yaratib, keyin Yaponiyaga o'qishga yuborishadi. 

Arubaito (soatbay ish)

Yuqori darajada yapon tilini o'zlashtirgan ko'plab talabalar, mijozlar yoki hamkasblar bo'lgan yaponlar bilan ko'p gaplashish imkoniyatiga ega bo'lgan yarim kunlik ishlarni tajribadan o'tkazganlar. Masalan, izakayada (yaponcha pub) xizmat ko'rsatuvchi yoki supermarket va konbinida (qulaylik do'koni) kassir bo'lib ishlash kabi. Darhol bunday ishlarni topa olmasligingiz mumkin, lekin tezroq shunday yarim kunlik ishlarni qila olish uchun o'qishni davom eting. 

Yapon tili bilish darajangiz past bo‘ladigan bo‘lsa siz faqat yapon tili unchalik talab qilinmaydigan ish o‘rinlarida ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Bunga omborlarda yuklarni saralash va oziq-ovqat fabrikalarida bento qutilarini yig‘ish kabi soatbay ish o‘rinlari kiradi. Bu ishlar ko‘pincha oqshomdan to ertalabgacha bo‘lgan ish vaqtini o‘z ichiga olganligi bois, sizning uyqu vaqtingizni qisqartiradi, sizda uyquchanlik va dars qilaolmaslik xavfini tug'diradi. Buning oqibatida esa sizning yapon tili bilim darajangiz ko‘tarilmaydi.

Shunday holatlarning oldini olish uchun Yaponiyaga bormasdan oldin yaxshi tayyorgarlik ko'rish juda muhimdir. 

Yapon tilini ishlatish imkoniyatlarini iloji boricha ko'paytiring 

Maktabdan tashqarida ham yapon tilida muloqot qilish imkoniyatlarini oshiring. Maktabdagi sinfdoshlar, to'garakdagi do'stlar, ish joyidagi tajribali xodimlar va hamkasblar bilan yapon tilida muloqot qiling. Imkoniyat topib, yapon do'stlar orttiring. Faqat vatandoshlardan iborat guruhlarga qo'shilishdan saqlaning va yaponlar hamda boshqa davlatlardan kelgan talabalar bilan yapon tilida muloqot qilish vaqtini ko'paytiring. 

Agar Yaponiyada o‘qish davringizda yapon tili bilim darajangizni yana ham kengaytirishda kerakli maslahatlarni bilmoqchi bo’lsangiz, quyidagi link maqolalari bilan ham tanishib o‘qib chiqing. 

Yaponiyada o'qish davomida til darajasini ko'tarishning 6 ta usuli|KOKORO

 

Ma’lumot manbasi: JP-MIRAI portali (https://portal.jp-mirai.org/ja/study/s/study-abroad/improving-japanese-by-studying-abroad)

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz