Yaponiya soliqlari haqida
Yaponiya soliqlari haqida
Fuqaroligi yoki rezident statusdan qat’i nazar, Yaponiyada ishlaydigan odamlar daromad solig‘i (shotokuzei) va rezident solig‘iga (jyuuminzei) tortiladi. Quyida bu ikkita soliq va iste’mol solig‘i haqida tushuncha beramiz.
Daromad solig‘i nima?
Yaponiyaliklar ham, chet elliklar ham Yaponiyada ishlab, maosh olganlarida “daromad solig‘i” (shotokuzei) to‘lashlari shart.
Daromad solig‘i - bu mamlakatga to‘lanadigan soliq.
Daromad solig‘i qiymati daromadni soliq stavkasiga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi.
Daromad qanchalik yuqori bo‘lsa, soliq stavkasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Daromad solig‘i har oy oylik maoshdan ushlab qolinadi va xodim nomidan kompaniya tomonidan davlatga to‘lanadi.
Daromad solig‘i subyektlari haqida
Yaponiyada ishlab, olingan ish haqi varaqasida quyidagi bandlar mavjud bo‘lib, ularning mazmuni haqida tushuntirib o‘tamiz:
① To‘lov miqdori | Asosiy ish haqi va qo‘shimcha ish haqi kabi kompaniyadan to‘lanadigan barcha pul miqdori. “kyuuyo” (ish haqi) deb ham ataladi. |
②Ijtimoiy sug‘urta | • Tibbiy sug‘urta (kenkou hoken) • Ijtimoiy pensiya sug‘urtasi (kousei nenkin hoken) • Mehnat sug‘urtasi (koyou hoken) • Ish jarayonidagi baxtsiz hodisalar sug‘urtasi (rousaihoken) |
③ Soliqqa tortiladigan miqdor | ①-②ning miqdori |
④Daromad solig‘i | ③ning miqdoriga soliq stavkasini qo‘shganda daromad solig‘i summasi kelib chiqadi. |
Chet ellik talabalarning soatbay ishlari (arubaito) va soliqlar
Chet ellik talabalar ijtimoiy pensiya sug‘urtasi (kousei nenkin hoken) yoki sog‘liq sug‘urtasiga (kenkou hoken) ro‘yxatdan o‘ta olmaganligi sababli, soatbay ish maoshidan ushlab qolinmaydi. Buning o'rniga, ularning o‘zlari mustaqil ravishda davlat sog‘liq sug‘urtasi (kokumin kenkou hoken) va davlat pensiyasi (kokumin nenkin) uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bundan tashqari, chet ellik talabalarga odatda “mehnat sug‘urtasi” (koyou hoken) ham muvofiq bo‘lmaydi va bu uchun mablag‘ ushlab qolinmaydi.
Chet ellik talabalar uchun daromad solig‘i stavkalari miqdori ularning Yaponiyada necha yil yashaganligi va oladigan maoshiga qarab farqlanadi.
※Xitoylik, koreyalik va taylandlik talabalarning soatbay ish maoshlarida odatda daromad solig‘i mavjud emas. Bu har bir davlatning Yaponiya bilan tuzgan shartnomalari bilan bog‘liq holat hisoblanadi. Biroq, Vetnam kabi Yaponiya bilan rasmiy shartnomaga ega bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan talabalar uchun soatbay ish maoshlaridan daromad solig‘i olinadi.
Yashovchilar (rezidentlik) solig‘i (jyuuminzei) haqida
Shahar, tuman yoki qishloq hokimiyatiga to‘lanadigan soliqlar va prefekturalarga to‘lanadigan soliqlar umumiy holda “Rezidentlik solig‘i” (jyuuminzei) deb ataladi. 1-yanvar holatiga ko‘ra, yashash manzili (rezident varaqasi)da ko‘rsatilgan, shahar, tuman yoki qishloq hokimiyatiga ushbu ikkita soliq to‘lanadi.
Rezidentlik solig‘ida o‘tgan yilning yanvar oyidan dekabr oyigacha bo‘lgan barcha daromadlar uchun soliqqa tortilib, o‘sha yilning iyun oyidan boshlab keyingi yilning may oyigacha har oylik maoshdan soliq olinadi. Shu sababli, Yaponiyada endigina ish boshlagan xorijliklardan birinchi yilda faqat daromad solig‘i, ikkinchi yilning iyun oyidan boshlab daromad solig‘i va rezidentlik solig‘i olinadi.
Agar Yaponiyada oilangiz bo‘lmasa va oldingi yillik daromadingiz 1,000,000 yendan kam bo‘lsa, sizdan rezidentlik solig‘i olinmaydi.
Iste’mol solig‘i (shouhizei) haqida
Iste’mol solig‘i - bu mahsulot sotib olish yoki xizmat ko‘rsatishda narx bilan birga to‘lanadigan soliq turi.
Iste’mol solig‘`i stavkasi 10%. Biroq, oziq-ovqat va ichimliklar (alkogolli ichimliklar bundan mustasno) sotib olib ketganingizda iste’mol solig‘i stavkasi 8% ni tashkil qiladi. Bu “chegirmali soliq stavkasi” deb ataladi. Agar do‘kondan tashqarida oziq-ovqat va ichimliklarni iste’mol qilsangiz, chegirmali soliq stavkasi qo‘llaniladi, do‘kon ichida bo’lsa - soliq stavkasi 10% ni tashkil etadi.
Yaponiya soliqlari haqida ko‘proq bilishni istasangiz, quyidagi havolani o‘qing:
Turmush va mehnat yo‘riqnomasi: Iste’mol solig‘i | Immigratsiya xizmatlari agentligi
Ma’lumot manbai: JP-MIRAI portali (https://portal.jp-mirai.org/ja/live/s/money/about-taxes-in-japan)
Izoh qoldiring
Mavzuga oid