O‘zbekistondagi ta’lim
O‘zbekistondagi ta’lim
O‘zbekiston ta’lim tizimi
BMT ta’rifi bo’yicha, O’zbekiston aholisining 37% ini 24 yoshgacha bo‘lgan aholi tashkil etadi. Shuningdek, o‘rtacha yosh darajasi taxminan 27 yoshni tashkil qilib, bu esa Yaponiya ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda yoshlar soni ko‘proq bo‘lgan aholi tarkibi shakllanganini bildiradi.
Shuningdek, UNICEF (2018) ma’lumotlariga ko‘ra, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushi yuqori bo’lgan va "demografik dividend davri" hali bir muddat davom etishi va shu o‘rinda mamlakat farovonligi oshishi, shuningdek, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish uchun yuqori iqtisodiy o‘sishdan foydalanish mumkin bo‘lgan davr jarayonidaligini bildiradi. Shuning uchun, mamlakat rivojlanishining asosiy omili sifatida yoshlar ta’limi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston hukumati siyosati sifatida, Mirziyoyev prezidentligining birinchi muddatida, 2017-2021- yillarda mamlakatning rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. Ushbu rivojlanish strategiyasida ijtimoiy rivojlanish sohasining ustuvor yo‘nalishi sifatida "ta’lim va ilm-fan rivoji" belgilanib, ta‘lim va o‘qitish sohasidagi asosiy chora-tadbirlar ko‘rsatildi. Unda, maktabgacha ta’limni kengaytirish, boshlang‘ich va o‘rta ta’limda chet tili ta’limini rivojlantirish, IT, matematika, fizika ta’limini yaxshilash, kasb-hunar va professionallarni tayyorlash sohasida bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga mos ta’limni taqdim etish, oliy ta’lim sohasida xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’limni baholash orqali sifatni yaxshilash va ilmiy salohiyatni mustahkamlash kabi bugungi chora-tadbirlar bilan bog’liq reja va yo’nalishlar ko’rsatildi.
Hozirda, yangi O'zbekiston rivojlanish strategiyasi (2022-2026-yillar) va 2030- yilgacha bo‘lgan davlat ta’limi va oliy ta’limni rivojlantirish rejalari asosida, maktabgacha ta’limdan, oliy ta’limgacha bo’lgan bosqichlarda o’quvchilar soni ortib borayotgan bir paytda, ta’limning har bir bosqichida miqdoriy kengayish va sifatni ta’minlashni muvozanatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Quyida, O‘zbekiston ta'lim tizimining umumiy ko'rinishi ko‘rib chiqamiz.
Ta'lim tizimi
Maktabgacha ta’lim (bolalar bog‘chasi 3-7 yosh)
Boshlang‘ich ta’lim (4 yil, 7-11 yosh)
Asosiy o‘rta ta’lim (5 yil, 11-16 yosh)
O‘rta ta’lim (2 yil, 16-18 yosh)
Oliy ta’lim (bakalavriat 3 yildan ortiq, 18 yoshdan boshlanadi, magistratura va doktorantura)
Majburiy ta’lim: Boshlang‘ichdan o‘rta ta’limgacha 11 yil
O'qish davri:Sentabr - kelgusi yil may oyi
Boshlang‘ich ta’lim, asosiy o‘rta va o‘rta ta’lim birlashtirilib, o‘rta ta’lim sifatida belgilanadi. Oliy ta’limda esa universitet va institutlardan tashqari, akademiyalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’lim haqida qonun:1997 yilda qabul qilingan ta’lim haqidagi qonun 2020- yilda o‘zgartirilib, 4-5-2 tizimi asosida 11 yillik majburiy ta’lim tizimi qonunda aniq belgilandi. Shuningdek, ushbu qonunda inklyuziv ta’lim ham keltirilgan bo‘lib, ta’lim muassasalarining ichki va tashqi baholashlari, xususiy-davlat sherikchilik (PPP) vositalari orqali xususiy ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilandi.
Maktabgacha ta'lim
Maktabgacha ta’lim (bolalar bog‘chasi) ga qatnovchilar soni sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda. 2022 yilda taxminan 1.46 million bola ta’lim olishni boshlagan bo‘lib, bu esa 2012-yildagi ko‘rsatkichdan taxminan 3 baravariga oshgan. Hukumatning maqsadi 2030-yilga qadar, maktabgacha ta’limni 80% ga oshirishdir (2022 yildagi ta’lim olish darajasi 68.3%). Shuningdek, boshlang‘ich ta’limga o‘tishdan avvalgi 1 yil (6-7 yosh), majburiy tayyorgarlik bosqichi deb belgilandi.
Umumiy o‘rta ta’lim (Boshlang‘ich ta’lim, Asosiy o‘rta ta’lim, O‘rta ta’lim)
Umumiy o‘rta ta’lim (1-sinfdan 11-sinfgacha) bosqichida taxminan 6.65 million (2022-2023- yillar) o‘quvchi ta’lim olmoqda va maktablar soni har yili ortib bormoqda. Xususiy maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni taxminan 63 mingni tashkil etadi. Bu umumiy miqdorning kichik qismini tashkil etsa ham 2019-2020 yillardan boshlab ushbu ko‘rsatgich 3 barobarga oshgan. O‘rta maxsus ta’lim maktablari sifatida akademik litseylar tashkil etilgan bo‘lib, ular asosan universitetga kirishni maqsad qilgan o’quvchilarga ta’lim beradi. 2022-2023 yillarda esa 85 ta litsey (shulardan 27 tasi Toshkent shahrida) o‘z faoliyatini olib borayotgan bo‘lib, ushbu o‘quv yili talabalarining taxminan 10% i unda ta’lim olmoqdalar.
Kasb-hunar ta'limi:
Boshlang’ich kasb-hunar ta’limi (10-11-sinf, 2 yil), o‘rta kasb-hunar ta’limi (kollej, 5-2 yil), o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi (Texnikum, 2 yildan ortiq) ushbu mezonlarda amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda, 2017-2018 yillarda ta’lim tizimi islohoti amalga oshirilib, unga ko‘ra, 9-sinf tugagach o‘qishga kiriladigan kollej, endilikda 11-sinf tugagach kiriladigan ta’lim muassasasiga aylantirildi. Kollejga o'rniga, 11-sinfni bitirilgandan so‘ng, o'qishni davom ettirish uchun ta’lim muassasalari tashkil etildi. Shuningdek, texnikumlar oliy ta’lim muassasalari nazorati ostida faoliyat ko‘rsatadigan kasb-hunar ta’limi muassasalari sifatida tashkil etildi. Kollejlarda ta’lim, turizm, sanoat, konchilik kabi sohalarda taqdim etilmoqda, Texnikumlarda esa tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat texnologiyalari, axborot texnologiyalari, transport va qurilish kabi sohalarda ta’lim qamrovi mavjud.
Oliy ta'lim:
Oliy ta’lim bosqichida talabalar va universitetlar soni jadallik bilan o‘smoqda. 2023-2024-yillarda universitetlar soni 219 tani tashkil etgan bo‘lib, talabalar soni esa taxminan 1.31 millionni tashkil etadi, shundan taxminan 37% i Toshkent shahridagi universitetlarda ta’lim olmoqda. 2013- yil bilan solishtirganda, talabalar soni taxminan 4 baravarga, universitetlar soni esa taxminan 3,6 baravar oshgan. 2022-yil holatiga ko‘ra, xususiy universitetlar 42 ta va xorijiy universitetlarning filiallari soni esa 26 tani tashkil etmoqda. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2012- yilda oliy ta’limda ta’lim olish darajasi 8% ni tashkil etgan bo'lsa, 2023 yilda bu ko'rsatkich taxminan 41% ga yetdi.
O'zbekistonda talabalar egallagan mutaxassislik sohalari quyidagilarni tashkil etadi. Bunda talabalarning 48% i gumanitar fanlar, 10% i ijtimoiy fanlar, 25% i ishlab chiqarish va texnologiyalar (muhandislik sohalari), 7% i esa tibbiyot yo'nalishlarida ta’lim olishmoqda. Kelajakda, muhandislik va texnologiya mutaxassisliklari jami ulushini 50% gacha oshirish maqsad qilinmoqda.
O‘zbekiston va Yaponiya o’rtasidagi universitetlar va korxonalar bilan aloqalari
O‘zbekiston universitetlari va Yaponiya o‘rtasida (18 ta davlat universiteti, 4 ta hududiy universitet, 20 ta xususiy universitet) universitetlararo hamkorlik shartnomalari tuzilgan bo‘lib, talabalar, o‘qituvchilar va xodimlar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari va boshqa hamkorliklar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Nagoya universiteti, Tsukuba universiteti va Tokio Chet tillari universiteti o'z tarmoqlarini tashkil etgan.
2016- yilda Toshkent texnika universitetida tashkil etilgan O‘zbekiston-Yaponiya Yoshlar Texnologik Taraqqiyot Markazi (UJICY) ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, Yaponiya kompaniyalari tomonidan O‘zbekistondagi biznesni o‘rganish va O‘zbekiston universitetlari, tadqiqotchilari, kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida faoliyat olib bormoqda.
Oliy ta’lim muassasalarining tavsifi
O‘zbekistonda yapon tili bo‘yicha ta’lim beradigan universitetlar, yapon kompaniyalari bilan hamkorlikda talabalarni amaliyotga yuborish va Yaponiyada ishlash imkoniyati taqdim etuvchi universitetlar mavjud. Yapon tili ta’limi va Yaponiyada ishlashga qiziqish bildirayotgan universitetlar soni ortib bormoqda. Quyida ba’zi universitetlar keltirilgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
1918- yilda tashkil etilgan. Sharqshunoslik sohasida ta’lim-tarbiya olib boradigan 7 ta fakultet va 27 ta kafedra mavjud va unda 14 ta xorijiy tilni o‘rgatiladi. 1992- yili Markaziy Osiyoda birinchi yapon tili kafedrasi tashkil etilgan (2019 yilda Yaponshunoslik fakulteti sifatida qayta tashkil etilgan), boshqa davlat universitetlarining yapon tili ta’limi dasturlari ushbu universitetning dasturiga asoslangan. Shu bilan birga ushbu universitet O'zbekistondagi Yapon tili ta’limi markaziga aylangan.
Hozirda universitetning yapon tili fakulteti, tarjimonlik fakulteti, turizm fakulteti kabi bo‘limlarda taxminan 600 nafar talaba yapon tilini o‘rganmoqda. Magistraturaga kirish uchun CEFR C1 darajasi (JLPT: Yapon tili malaka imtihoni N1) ga erishishni maqsad qilinadi. Universitet talabalarni chet elga yuborish maqsadida universitet yapon tashkilotlari bilan hamkorlikda oldindan tayyorgarlik dasturlarini o‘tkazib, yapon kompaniyalarida amaliyotga yuborish ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari, Tsukuba universiteti va Tokio Chet tillari universitetining tarmoqlari ham ushbu universitetda mavjud. Sharqshunoslik universiteti qoshidagi Litseyda 10-11-sinfda (Yaponiya o‘rta maktabi bosqichi) yapon tili birinchi chet til sifatida o'qitiladi. Litsey bitiruvchilarining ko'pchiligi Sharqshunoslik universitetida ta’limni davom ettirish uchun ushbu ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishadi. https://tsuos.uz/
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
1940- yilda tashkil etilgan bo‘lib, 9 ta fakultetning tarkibiga kiruvchi yapon tili hamda 20 ta xorijiy tillar o‘rgatiladi. 2014- yilda, yapon tili yo‘nalishiga asos solingan va hozirda yapon tili yo‘nalishida 600 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Yapon tili bo‘yicha magistraturaga kirish uchun CEFR C1 darajasi (JLPT N1) maqsad qilinadi,shuningdek,Yaponiyaning mahalliy hokimliklari bilan hamkorlikda, talabalarni Yaponiyaga yuborish ishlari ham olib borilmoqda. https://www.uzswlu.uz/
Samarqand davlat xorijiy tillar universiteti
1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yapon tili hamda 8 ta boshqa xorijiy til bo'yicha ta’lim beriladi. Yapon tili yo‘nalishida 500 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda, ularning maqsadi magistraturaga kirishda CEFR C1 darajasiga erishishdir. Yaponiyaga talabalarni yuborish dasturi orqali, universitetlar o‘rtasida almashinuv bo‘yicha hamkorlik amalga oshirilmoqda. https://samdchti.uz/uz/site/page/85
IT sohasi
Japan Digital University (JDU)
2020- yilda tashkil etilgan xususiy universitet bo‘lib, talaba soni taxminan 600 nafarni tashkil etadi. Ushbu universitet Yaponiya korxonalari yordamida tashkil etilgan bo‘lib, ilk marotaba IT sohasida Yaponiya bilan hamkorlikda ta’lim beradigan universitetdir. Talabalar yapon kompaniyalarida ishlashni maqsad qilib, ushbu oliy ta’lim muassasasida ta’lim olishadi. 4,5 yillik o‘quv dasturida IT muhandislik ko‘nikmalari, yapon tili va yapon ish madaniyati o‘rganiladi. Talabalar amaliyot uchun yapon kompaniyalariga yuboriladi. Shu orqali ikki mamlakat Yaponiya va O‘zbekiston o‘quv muassasasidan diplom olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Yapon tili bo'yicha talaba bitiruv oldi JLPT N2 malaka imtihonini topshirishi kerak bo’ladi.
Bundan tashqari, "Co-work" deb nomlangan majburiy fan ham o’rgatilib, bu fan orqali talabalar Yaponiya kompaniyalaridan rasmiy buyurtmalarni olib, CAD dizayn, video tayyorlash, dastur ishlab chiqish kabi amaliy vazifalarni bajarishadi. Universitet talabalarining ish bilan ta'minlanishiga yordam berish uchun ushbu maxsus bo'lim mavjud. https://jdu.uz/
Turizm sohasida
“Ipak yo'li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti
2018- yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan birinchi xalqaro davlat universiteti bo‘lib, turizm sanoatida xalqaro faoliyat yuritadigan mutaxassislar tayyorlashni maqsad qilgan. Universitetda Turizm menejmenti fakulteti, Tarixiy madaniy meros fakulteti va Tilshunoslik fakulteti mavjud. Talabalar soni taxminan 3,000 nafarga yetgan va o‘qish ingliz tilida olib boriladi. https://www.univ-silkroad.uz/uz/
Qishloq xo‘jaligi sohasida
Toshkent davlat qishloq xo'jaligi universiteti
1930- yilda tashkil etilgan. 10 ta fakultet mavjud bo‘lib, talaba soni taxminan 17,500 nafarni tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli ta’lim va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Talabalar Germaniya, Polsha, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarga yarim yillik amaliyotga yuborilmoqda. https://tdau.uz/site/menu?s=universitet-tarixi
Samarqand qishloq xo'jaligi universiteti
2023- yilda tashkil etilgan va unda 1,600 talaba tahsil oladi. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat biologiyasi fakulteti hamda iqtisodiyot va menejment fakultetlari mavjud. Talabalar Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda bir oy davomida amaliyot o‘tashadi. https://samaguni.uz/
Boshqa sohalar
Angren universiteti
2022- yilda tashkil etilgan yangi xususiy universitet bo‘lib, tibbiyot, iqtisodiyot, huquq, ta’lim va tilshunoslik fakultetlariga ega. Talabalar soni taxminan 5,500 nafarni tashkil etadi. Yapon tili bo'yicha ta’lim bo‘limining tashkil etilishi rejalashtirilgan va yapon kompaniyalari bilan hamkorlikda qisqa muddatli amaliyotlar tashkil etilgan. https://ac.auni.uz/
Bundan tashqari, JICA ko‘ngillilari tomonidan yapon tili, turizm va IT sohalarida hamkorlik amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Jahoni tillari universiteti va Samarqand iqtisodiy xizmatlar universitetida ham ta’lim berish ishlari davom etmoqda.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid