Yaponiyadagi hayotingizni yakunlab, O‘zbekistonga qaytayotganingizda, ko‘pchilik: “O‘z vatanimga qaytyapman-ku, tezda ko‘nikib ketaman”, deb o‘ylashi mumkin. Ammo vatanga qaytgach, o‘ylaganingizdan ham ko‘proq narsaga qayta moslashish kerakligini sezishingiz mumkin. Transport, odamlar o‘rtasidagi munosabat, xizmat ko‘rsatish sifati, ishni olib borish usuli, pul sarflash odatlari — ilgari oddiy va tabiiy tuyulgan narsalar endi boshqacha ko‘rinishi mumkin. Aksincha, ayrim jihatlarda O‘zbekiston Yaponiyaga qaraganda ham qulayroq bo‘lib borayotganidan hayratlanishingiz mumkin.
Bu holat “teskari madaniy shok” deb ataladi.
Yaponiyaga borganingizda u yerdagi madaniyat va turmush tarziga moslashish uchun vaqt kerak bo‘lganidek, uzoq vaqt xorijda yashagan inson ham o‘z vataniga qaytgach, o‘sha jamiyatga yana bir bor moslashish uchun ma’lum vaqtga ehtiyoj sezishi tabiiy. Buning sababi shundaki, siz Yaponiyada yashagan davrda faqat O‘zbekiston emas, sizning o‘zingiz ham o‘zgargansiz. Yaponiyaga ketishdan oldin hali yosh bo‘lgan bo‘lishingiz mumkin, ammo vatanga qaytish vaqtiga kelib ulg‘aygan, hayotga qarashingiz va tajribangiz o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, turmush qurgan, oilali yoki farzandli bo‘lib qaytarsiz. Vatanga qaytishdan oldin ana shunday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini oldindan bilib qo‘yishning o‘zi ham, qaytgandan keyingi shokni va moslashishdagi qiyinchiliklarni kamaytirishga yordam beradi.
1. “Yaponiyada bu odatiy edi” degan mezon bilan baholamang
Yaponiyada bir necha yil yashagach, u yerdagi turmush tarzi va odatlar asta-sekin siz uchun ham “odatiy” holga aylanadi. Masalan, yo‘l harakatini olaylik. Yaponiyada piyodalar o‘tish joyida piyoda bo‘lsa, avtomobillarning to‘xtashi ko‘p uchraydi. Shu sababli haydovchilar va piyodalarning harakatini oldindan taxmin qilish ham nisbatan oson. O‘zbekistonga qaytgach esa, yo‘l harakati Yaponiyadagiga qaraganda tartibsizroq yoki keskinroq tuyulishi mumkin. Piyodalar o‘tish joyida avtomobillar har doim ham to‘xtamasligi, shuningdek, piyodalar uchun yashil chiroq vaqti qisqadek tuyulishi mumkin.
Dastlab siz:
“Bu xavfli-ku.”
“Yaponiyada bunday bo‘lmas edi.”
deb o‘ylashingiz mumkin. Bu faqat yo‘l harakatiga taalluqli emas. Do‘konlar, restoranlar, davlat idoralari va boshqa joylarda ko‘rsatiladigan xizmatlarda ham Yaponiyadagi kabi daraja yoki muomala usulini kutish ba’zan stressga sabab bo‘lishi mumkin. Bu yerda eng muhimi — hamma narsani doimo Yaponiya bilan solishtirib baholayvermaslik. “Yaponiyada bunday edi” degan fikrdan, “O‘zbekistonda qanday yo‘l tutish kerak?” degan fikrga o‘tish muhim. Bu ham vatanga qaytgandan keyingi qayta moslashish jarayonining bir qismidir.
2.Aksincha, Yaponiyaga qaraganda qulayroq bo‘lib borayotgan jihatlar ham bor
Vatanga qaytgandan keyingi madaniy shok faqat salbiy ma’noga ega emas. Siz uzoq vaqt Yaponiyada yashagan davrda O‘zbekiston ham ancha o‘zgaradi. Ayniqsa, raqamli xizmatlardagi o‘zgarishlar sizni hayratga solishi mumkin. Davlat xizmatlari, naqd pulsiz to‘lovlar, pul o‘tkazmalari, taksi, yetkazib berish xizmatlari, onlayn xaridlar kabi ko‘plab xizmatlarni endi faqatgina smartfon orqali amalga oshirish mumkin.
Vatanga qaytgach, O‘zbekistonda keng foydalaniladigan ilova va xizmatlar haqida oila a’zolaringiz yoki do‘stlaringizdan so‘rab, ularni boshidan o‘rganib chiqishga harakat qiling. Bu eski O‘zbekistonga qaytish emas, balki bugungi O‘zbekistonda yangi hayotni boshlashdir. Ana shu fikrni yodda tutish muhim.
3.Odamlar bilan munosabatlar birdaniga ancha yaqinlashadi
Yaponiyada uzoq vaqt yashagan insonlar uchun ayniqsa moslashish qiyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan jihatlardan biri — bu odamlar bilan munosabatlarning o‘zgarishidir. Yaponiyada ko‘pchilik o‘z ishi va oilasini markazga qo‘yib yashaydi. Qarindoshlar yoki do‘stlar bilan deyarli har hafta yig‘ilib turadigan odamlar unchalik ko‘p bo‘lmasligi mumkin. O‘zbekistonga qaytgach esa, vaziyat o‘zgaradi. Ota-ona, aka-uka va opa-singillar, qarindoshlar, eski do‘stlar, qo‘shnilar bilan aloqalar yana ko‘payadi. Faqat to‘ylar yoki oilaviy tadbirlar emas, balki do‘stlar davrasi, erkaklar yoki ayollar o‘rtasidagi “gap” kabi turli yig‘in va uchrashuvlar ham bo‘ladi.
Uzoq vaqtdan keyin vatanga qaytgan insonga:
“Yaponiyadan qaytib kelibsiz, albatta qatnashing.”
“Ancha bo‘ldi ko‘rishmaganimizga, uchrashaylik.”
deb taklif qiladigan odamlar ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu — O‘zbekiston jamiyatining yaxshi jihatlaridan biridir. Ammo har bir taklif va yig‘inda qatnashishga urinish vaqtni ham, mablag‘ni ham ko‘p sarflashga olib kelishi mumkin. Oila va qarindoshlar tomonidan sizga nisbatan kutishlar ham ko‘payish ehtimoli katta. Shuning uchun “Kimlar bilan munosabatni ayniqsa qadrlashim kerak?”, “Qaysi tadbirlargacha qatnashaman?”, “Men nimalarni qila olaman va nimalarni qila olmayman?” degan masalalarda o‘zingizning aniq mezoningiz bo‘lishi muhim. Odamlar bilan munosabatni qadrlash degani, ularning har bir iltimosini albatta bajarish kerak degani emas. O‘zingizni majburlamasdan, imkoningiz doirasida munosabat qilsangiz, aloqalar ham uzoq davom etadi.
4.Kutilganidan ko‘ra ko‘proq pul sarflanishi mumkin
“O‘zbekistonga qaytsam, yashash xarajatlari Yaponiyadagiga qaraganda arzonroq bo‘ladi.” Ko‘pchilik vatanga qaytishdan oldin shunday deb o‘ylaydi. Albatta, O‘zbekistonda Yaponiyaga qaraganda arzonroq bo‘lgan mahsulot va xizmatlar ko‘p. Biroq qaytgandan keyin “O‘ylaganimdan ko‘ra qimmat ekan” deb his qilishingiz mumkin. Buning sabablaridan biri — O‘zbekiston iqtisodiyotining tez sur’atlarda o‘sib borayotgani, har yili kuzatiladigan inflyatsiya va narx-navoning oshishi. Bundan tashqari, yuqorida aytilganidek, odamlar bilan yaqin munosabatlar ham xarajatlarning ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yaponiyada yashagan paytda xarajatlaringiz asosan o‘zingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringizdan iborat o‘z oilangiz doirasida rejalashtirgan bo‘lishingiz mumkin. O‘zbekistonga qaytgach esa, muloqot va aloqalar doirasi birdaniga kengayadi. Ota-onaga g’amxo’rlik qilish, farzandlarning ta’limi, aka-uka va opa-singillar, qarindoshlar hamda do‘stlar bilan ovqatlanish va turli yig‘inlar, to‘y, dafn marosimi va boshqa oilaviy tadbirlar kabi ko‘plab holatlarda xarajatlar yuzaga keladi.
Bundan tashqari, Yaponiyadan qaytganingiz uchun atrofdagilar sizni “puli bor odam” deb qabul qilishi va daromadingiz haqida so‘rashi ham mumkin. Ish haqi yoki jamg‘armangiz kabi, o‘zingiz aytishni istamaydigan shaxsiy ma’lumotlar haqida aniq summalarni majburan aytishingiz shart emas. Vatanga qaytishdan oldin faqat “O‘zbekistonda arzonroq yashash mumkin” deb o‘ylash emas, balki qaytgandan keyingi ijtimoiy muhit va xarajatlarni ham hisobga olgan holda hayot rejangiz va moliyaviy rejangizni oldindan tuzish muhim. Ehtiyot bo‘lmasangiz, pulingiz tez orada tugab qolishi va yana chet elga ishlash uchun ketishga to‘g‘ri kelib, bu holat qayta-qayta takrorlanishi mumkin.
5.Ota-onangiz, eski do‘stlaringiz va sizning o‘zingiz ham o‘zgargansiz
Siz Yaponiyada ishlab, yangi insonlar bilan tanishib va turli tajribalarni orttirgan davrda, O‘zbekistondagi oilangiz va do‘stlaringiz hayoti ham bu vaqt ichida o‘zgarib borgan. Kimdir turmush qurgan, kimningdir farzandi tug‘ilgan , kimdir ishini o‘zgartirgan, yana kimningdir fikrlashi va dunyo qarashi o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
Eng muhimi, sizning o‘zingiz ham Yaponiyaga ketishdan oldingi SIZ emassiz.Vaqtga rioya qilish, ishga munosabat, pul sarflash usuli, odamlar bilan masofa saqlash, oila bilan munosabat va kelajak haqidagi qarashlar kabi ko‘plab qadriyatlaringiz Yaponiyadagi tajribangiz ta’sirida o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun eski munosabatlarni majburan avvalgidek qilishga hojat yo‘q. Yangi sharoitga mos ravishda yangi munosabatlarni shakllantirib borishning o‘zi yetarli.
6.Yaponiyada yashagan va ishlagan insonlar bilan aloqani qadrlang
Vatanga qaytgandan keyin “Yaponiyada bunday edi” deb aytsangiz ham, atrofdagilar sizni har doim ham to‘liq tushunmasligi mumkin. Shunday paytda Yaponiyada siz kabi yashagan va ishlagan, keyinchalik O‘zbekistonga qaytgan insonlar bilan aloqada bo‘lish juda muhim. Chunki bir xil tajribani boshdan kechirgan odamlar bir-birini yaxshiroq tushunadi. Ular bilan:
“Men ham qaytganimda xuddi shunday his qilganman.”
“Men bunga mana bunday yo‘l bilan ko‘nikdim.”
“Yaponiyada orttirgan bu tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin.”
kabi fikr va tajribalarni o‘zaro baham ko‘rish mumkin. Vatanga qaytgandan keyin faqat eski do‘stlaringiz va oilangiz bilan munosabatlarni emas, balki Yaponiyada yashash yoki ishlash tajribasiga ega insonlar, ish orqali tanishadigan yangi odamlar hamda siz bilan bir xil maqsadga ega insonlar bilan yangi aloqalar tarmog‘ini ham qadrlang. Shunday hamjamiyatlardan biri — U-Senpai Club: https://t.me/u_senpaiclub. Agar qiziqsangiz, ushbu hamjamiyat tomonidan tashkil etiladigan tadbir va uchrashuvlarda qatnashib ko‘rishingiz mumkin. Yaponiyada tanishgan odamlaringiz bilan aloqalar O‘zbekistonga qaytganingizdan keyin ham davom etishi mumkin. Yaponiya va O‘zbekistonda tanish-bilish va professional aloqalarga ega bo‘lish kelajakdagi ish va karyerangiz uchun juda foydali bo‘ladi.
Teskari madaniy shokni “muvaffaqiyatsizlik” deb o‘ylamang
Vatanga qaytganingizdan bir necha hafta yoki bir necha oy o‘tgach, sizda:
“Yaponiyaga qaytgim kelyapti.”
“O‘z yurtim bo‘lsa ham, nega bunchalik charchayapman?”
“Ilgari e’tibor bermagan narsalarim endi meni bezovta qilyapti.”
degan hislar paydo bo‘lishi mumkin. Faqat shu hislar sababli “Vatanga qaytish noto‘g‘ri qaror bo‘lgan ekan” degan xulosaga kelish shart emas. Yaponiyaga birinchi borganingizda yangi hayotga ko‘nikish uchun vaqt kerak bo‘lganidek, vatanga qaytgandan keyin ham qayta moslashish uchun vaqt talab etilishi tabiiy holat. Shuning uchun ortiqcha xavotirga tushmasdan, Yaponiyada o‘rgangan yaxshi odatlar va foydali fikrlash usullarini saqlab qolgan holda, bugungi O‘zbekiston sharoitiga mos yangi hayot tarzini shakllantirib borish muhim.
Vatanga qaytish — “avvalgi holatga qaytish” emas, balki hayotning keyingi bosqichiga o‘tishdir
Yaponiyaga ketishdan oldingi siz, Yaponiyada turli tajribalarni orttirgan siz va vatanga qaytgach O‘zbekistonda yashayotgan siz — barchasi bir inson. Ammo tajriba ortgani sayin insonning fikrlashi va qadriyatlari ham o‘zgarib boradi. Shuning uchun vatanga qaytgandan keyin nimadir g‘alati yoki avvalgidan boshqacha tuyulsa, shoshilish yoki xavotirga tushish shart emas. Yaponiya va O‘zbekistonni har bir jihatdan solishtirib, “qaysi biri yaxshiroq?” degan xulosaga kelishga ham hojat yo‘q. Yaponiyada orttirgan kuchli jihatlaringizni saqlab qolgan holda, bugungi O‘zbekistonni yana bir bor yangidan o‘rganib boring.
Shuningdek, nafaqat oilangiz va eski do‘stlaringiz bilan, balki Yaponiyada yashash yoki ishlash tajribasiga ega insonlar hamda yangi tanishadigan odamlar bilan ham aloqalar o‘rnatib, o‘zingizga mos hayot va karyerani shakllantirib boring. Yaponiyada o‘tkazgan vaqtingiz vatanga qaytishingiz bilan tugab qolmaydi. Yaponiyada orttirgan tajribangizni O‘zbekistonda qanday qo‘llashingiz — sizning hayotingizdagi keyingi bosqich aynan shu yerdan boshlanadi.