JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlik odatlaridagi farqlar

O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlik odatlaridagi farqlar

Yaponiyada o‘zlashtirilgan ish odatlari va tajribalarni O‘zbekistonga mos ravishda foydalanish

Yaponiyada uzoq vaqt ishlagandan so‘ng O‘zbekistonga qaytganda, ishni mazmuni bir xil bo‘lsa ham, uni tashkil etish va olib borish usullaridagi farqlar sababli qiyinchilik yoki noqulaylik sezilishi mumkin. Yaponiyaga ketishdan oldin O‘zbekistonda qandaydir kompaniyada ishlab tajriba olganlar ko‘p emas. Shu sababli, o‘zbekistonlik bo‘lsa ham, Yaponiyadan qaytgandan keyin mahalliy ishbilarmonlik madaniyati va ish yuritish odatlarini o‘zlashtirish uchun ma’lum darajada harakat va moslashuv talab etiladi.

  • Elektron pochta orqali xat yubordim, lekin javob yo‘q. 

  • Kecha kelishilgan reja to’satdan o’zgarib qoldi. 

  • Mas’ul xodim bilan kelishuvga erishdik deb o’ylagandim, lekin uning rahbarining qarori bilan hammasi o’zgartirildi. 

  • Ishdan bo'shab ketgan xodim o‘zi bilan barcha ishlarga oid ma'lumotlarni olib ketgan. Endi ish to‘xtab qoldi.

Bunday holatlarga O‘zbekistonga qaytgandan keyingi ish joyida duch kelish mumkin. Biroq, bu o'zbekistonliklar «ishga mas'uliyatsiz yondashadi» degani emas. Yaponiya va O'zbekiston o'rtasida muloqot qilish uslubi, qaror qabul qilish mexanizmi, o'zaro munosabatlarni o'rnatish hamda kompaniya va xodim o'rtasidagi aloqalarda farqlar mavjud. Eng muhimi, yapon yoki o'zbek ish uslubidan faqat bittasini tanlash emas. Balki har birining o'ziga xos xususiyatlarini tushungan holda, Yaponiyada o'zlashtirilgan yaxshi odatlarni O'zbekiston muhitiga moslashtirib amalda qo'llashdir.

1. Elektron pochtadan ko'ra telefon yoki Telegram. Biznes munosabatda «tezlik va to'g'ridan-to'g'ri bog'lanish» — asosiy qoida

Yaponiya kompaniyalarida ish yuzasidan muloqot qilishda elektron pochtadan foydalanishi odatiy holdir. Topshiriqlar va qabul qilingan qarorlar yozma shaklda saqlab qolinadi hamda CC (Carbon Copy-nusxa) orqali barcha aloqador shaxslarga ham ma'lumot yuboriladi. Yaponiyada ishlayotgan chet ellik xodim sifatida buni kuzatar ekansiz, "Nega shuncha ko'p odamni CCga qo'shish kerak ekan?" deb kamida bir marta hayratga tushgan bo'lsangiz kerak. Boshqa tomondan, O'zbekiston biznes doiralarida telefon va Telegram kabi messenjerlar orqali muloqot qilish juda ko'p qo'llaniladi.

Shoshilinch masalalarda faqat elektron pochta yuborib, javob kutib o'tirsangiz, ish oldinga ketmaydi. Muhim hamkorlarga Telegramda yozish yoki to'g'ridan-to'g'ri telefon qilish ancha tezdir. Biroq, faqat telefon yoki messenjer bilangina cheklanish, keyinchalik «nima qaror qabul qilindi», «aytgandim, aytmagandim» kabi munozarali holatlarda masalani hal qilishni qiyinlashtiradi.
Shuning uchun, Yaponiyada o'zlashtirilgan odatlarni ishga solgan holda, «Avval telefon yoki Telegram orqali ishni harakatga keltirish. Muhim qarorlarni esa, keyinchalik yozma ravishda yoki rasmiy xat ko'rinishida saqlab qo'yish» kabi usullarni uyg'unlashtirish eng samarali yo'ldir. 

2. [Rejalar to'satdan o’zgarish ehtimoli bor] deb oldindan hisobga olish

Yaponiyada bir marta belgilangan uchrashuv vaqti yoki tashrif rejasi, qoida tariqasida, qanday kelishilgan bo'lsa, xuddi shunday amalga oshirilishi odatiy holat. O'zbekistonda esa kelishilgan rejalar oxirgi daqiqalarda o'zgarishi, kechiktirilishi yoki bekor qilinishi holatlari tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa, davlat idoralari vakillari yoki kompaniya rahbarlari kabi tig'iz jadval bilan ishlaydigan shaxslar bilan bo'ladigan uchrashuvlarda reja to'satdan o'zgarib qolishi ham mumkin.

Agar bunga faqat yaponcha dunyoqarash bilan o’ylasangiz, bunday o'zgarishlarni «hurmatsizlik» deb qabul qilishingiz ehtimoldan xoli emas. Biroq, ish jarayoni to'xtab qolmasligi uchun bu kabi o'zgarishlarga ma'lum darajada oldindan tayyor turish zarur. Muhim uchrashuvlar rejalashtirilganda, nafaqat bir kun oldin, balki uchrashuv kunining o'zida ham mas'ul xodim bilan uchrashuv vaqti va ishtirokchilarini qayta tasdiqlab olish, manzilga yetib borish uchun yo'lga vaqtliroq chiqish hamda uchrashuv qoldirilgan taqdirda boshqa muqobil kunlarni o'ylab qo'yish kabi choralar juda foydali bo’ladi.

3. Quyidan tepaga" (Bottom-up) va "Tepadan quyiga" (Top-down) boshqaruv uslublarining farqini tushunish

Yaponiya kompaniyalarida quyi va o‘rta mas'ul xodimlar o'zaro tafsilotlarni kelishib olib, so'ngra qarorni tasdiqlash uchun bo'lim boshlig'i, departament rahbari va yuqori boshqaruv qatlamiga bosqichma-bosqich kiritib boradigan "quyidan tepaga" (bottom-up) boshqaruv uslubi odatiy hisoblanadi. 

O'zbekistonda esa "tepadan quyiga" (top-down) boshqaruv uslubi ustunlik qiladi va bunda eng yuqori rahbar yoki asosiy mas'ul shaxsning qarori juda katta (hal qiluvchi) ahamiyat kasb etadi. Masalan, kompaniya yoki tashkilot rahbarlari avvalo umumiy yo'nalish bo'yicha o'zaro kelishib, MOU (Anglashuv memorandumi) kabi hujjatlarni imzolaganlaridan so'nggina, mas'ul xodimlar aniq shartlar va ularni amalga oshirish yo'llarini ko'rib chiqishga kirishadi.

Shu sababli, faqat mas'ul xodim bilan muzokaralarni olib borganingiz bilan, yakuniy qaror qabul qiluvchi shaxsning roziligi olinmagan bo'lsa, ish oldinga siljimaydi. Shuning uchun doimiy ravishda bevosita rahbarlar bilan yaxshi munosabatlarni o'rnatib borish talab etiladi. O'zbekistonda «amalda qaror qabul qiluvchi (hal qiluvchi) shaxs aslida kim» ekanligini ishning ilk bosqichlaridayoq anglab yetish juda muhimdir.

4. Ish haqi bo’yicha muzokaralar qilish – odatiy holat

Yaponiyada o'z oylik maoshi bo'yicha kompaniya bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokara yuritish juda kam kuzatiladi. O'zbekistonda esa ish haqi borasida muzokara olib borish tabiiy holat hisoblanadi. 

Agar O‘zbekistonda ham Yaponiyadek bo‘ladi deb o‘ylasangiz, o'zingizga zarar bo'lishi mumkin. Shuning uchun, tortinmasdan ishga kirayotgan vaqtda yoki yil oxirida KPI (samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlari) baholanadigan pallada ish haqi miqdori, mehnat sharoitlari va ijtimoiy imtiyozlar haqida ochiq-oydin gaplashib oling.

5. Ishchilar tez-tez ish almashtirishi ehtimolini hisobga olgan holda tizim yaratish

Yaponiyada bitta kompaniyada kamida 3 yil ishlash odatiy hol hisoblanadi. Bir yil ichida ish joyini o'zgartirish, keyingi ish qidirish jarayonida (nomzodga nisbatan) salbiy ta'sir ko'rsatishi ham mumkin. O'zbekistonda esa, agar yaxshiroq maosh, yuqoriroq lavozim yoki yaxshi ish imkoniyati tug'ilsa, qisqa vaqt ichida bir necha marta ish joyini o'zgartirish ham keng tarqalgan holat sanaladi.

Qachondir xodimlarni ishga qabul qilish lavozimiga (yoki rahbarlikka) kelganingizda, xodimlar «doim shu kompaniyada qoladi» degan farazga asoslanib ish tizimini qurishning o'ziga xos xavf-xatarlari bor. Mijozlar to'g'risidagi ma'lumotlar, parollar, shartnomalar holati va ishni qanday bajarish tartibini faqatgina bitta ma'lum mas'ul xodim bilsa, u ishdan bo'shagan zahotiyoq butun ish jarayoni to'xtab qolishi ehtimoli mavjud. Shu sababli, muhim ma'lumotlar kundalik ish jarayonida kompaniya ichida o'zaro bo'lishib (almashinib) boriladigan tizimni yaratish zarur.

6. Og'zaki “OK” deyilishi, ish to'liq bitganini anglatmaydi. 

O'zbekistonda tez va operativ ishlagan xodimni yaxshi baholashadi. Biroq, og'zaki yoki Telegram orqali «OK» yoki «Muammo yo'q» deb aytilsa-da, bu shartnoma, to'lovlar yoki kompaniya ichidagi tasdiqlash kabi rasmiy jarayonlar to'liq yakunlanganini bildirmaydi. 

Ayniqsa narx, topshiriqni bajarish muddati, mas'uliyat doirasi va to'lov shartlari kabi masalalarda juda ehtiyotkor bo'lish talab etiladi. Garchi messenjer orqali javob (rozilik) olgan bo'lsangiz ham, albatta, uni yozma shaklda yoki rasmiy xat orqali tasdiqlatib olishni unutmang.

7. Yaponiya ish madaniyatini xuddi o'zidek tatbiq etishning hojati yo'q

Yaponiyada ish tajribangiz qancha ko'p bo'lsa, vatanga qaytganingizdan so'ng «Yaponiyada bunday emasdi-ku» deb o'ylaydigan vaziyatlarga shuncha ko'p duch kelasiz. Biroq, yaponcha ishlash uslubini O'zbekistonda talab qilishingiz kutilgan natijani bermasligi mumkin. 

Aksincha, Yaponiyada o'zlashtirganingiz — vaqtni boshqarish, hisobot-aloqa-maslahat (Ho-Ren-So), sifatga bo'lgan e'tibor, mijozlar bilan ishlash, yozma qayd etib borish va ma'lumotlarni jamoa bilan ulashish kabi odatlar O'zbekistonda ham sizning katta ustunligingizga aylanadi. 

Agar: O'zbekistonning tezkorligi va insoniy munosabatlari + Yaponiyaning hujjatlashtirish, tizimlashtirish va sifat nazorati kabi usullarning uyg'unligini yarata olsangiz, Yaponiyada orttirgan tajribangizning o'zi O‘zbekistonga qaytganingizdan so'ng mehnat bozorida siz uchun juda katta raqobatbardoshlik ustunligi bo'lib xizmat qiladi.

Xulosa: Farqlarni bilsangiz, vatanga qaytgach ishni yuritish osonlashadi

Yaponiya va O'zbekiston o'rtasida ish yuritish usullarida turli xil farqlar mavjud. Boshida «Nega bunday bo'lyapti ekan-a?» deb hayron bo'lishingiz ham tabiiy hol. Biroq, bu farqlarni oldindan bilib olsangiz, ortiqcha asabiylashmasdan vaziyatga to'g'ri yondasha olasiz. Yaponiyada o'zlashtirilgan ish odatlaridan voz kechishning hech qanday hojati yo'q. Shu bilan birga, O'zbekistondagi ish uslubini noto'g'ri deb hisoblash ham o’rinli emas.
Yaponiyada orttirgan tajribangizni O'zbekistondagi kelajak karyerangizga muvaffaqiyatli bog'lashning eng muhim siri ham aslida shunda. Sizda Yaponiyada ishlash tajribasi bor! Aynan shu noyob tajribangiz sababli, siz O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida chinakam ko'prik vazifasini bajara olasiz va bunga ajoyib imkoniyatingiz bor. Boshida siz o'rganmagan, biroz g'alati yoki qiyin tuyulgan holatlarga duch kelsangiz ham, aslo tushkunlikka tushmasdan, doimo oldinga intilib harakat qilishingizni tilab qolamiz!

Izoh qoldiring
Profile picture