JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada to’langan pensiyani qaytarib olish tartibi

Yaponiyada to’langan pensiyani qaytarib olish tartibi

Yaponiyada ishlagan O'zbekiston fuqarolari qaytib olishi mumkin bo'lgan「脱退一時金」- "Pensiya tizimidan chiqishdagi bir martalik to'lov" nima?

Yaponiyada 6 oydan ortiq ishlagan hamda “Xodimlar pensiyasi” (Kosei Nenkin) yoki “Milliy pensiya” (Kokumin Nenkin) tizimiga a'zo bo'lgan O'zbekiston fuqarolari ma'lum shartlarga javob bergan taqdirda, "Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to'lov"ni olishlari mumkin.
Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to'lov — bu Yaponiyada to'langan pensiya sug'urtasi badallarining bir qismini qaytarib olish imkonini beruvchi tizimdir.
Yaponiyada bir necha yil ishlab, o'z vataniga qaytayotgan insonlar uchun yuz minglab iyenadan ko'proq mablag' qaytarib beriladigan holatlar ham mavjud bo'lib, bu juda muhim tizim hisoblanadi.
Biroq:

  • "Men ariza topshira olamanmi?"

  • "Nimalarni tayyorlashim kerak?"

  • "Qancha pul qaytariladi?"

  • "Soliqlar masalasi nima bo'ladi?"

kabi tushunarsiz bo'lgan jihatlar ham ko'p.
Ushbu maqolada “pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to'lov”ning qisqacha mazmuni va ariza topshirish tartibini bosqichma-bosqich tushuntirib o'tamiz

1. Pensiya tizimidan chiqishdagi bir martalik to'lov (脱退一時金 Dattai ichijikin) nima?

Yaponiyada kompaniyada ishlaydigan insonlar “Xodimlar pensiya tizimi”ga (Kosei nenkinjumladan, davlat xizmatchilari va maktab o'qituvchilari o'zaro yordam uyushmasiga), yakka tartibda a'zo bo'ladiganlar esa “Milliy pensiya tizimi”ga (Kokumin nenkin) sug'urta badallarini to'laydilar.
Aslida, bu pensiya keksayganda olish uchun mo'ljallangan tizim hisoblanadi. Biroq, Yaponiyada ma'lum muddat ishlagandan so'ng vataniga qaytadigan O'zbekiston fuqarolarining aksariyati Yaponiyada pensiya olish huquqiga ega bo'lishdan oldin qaytib ketishadi.
Shu sababli, Yaponiyada vataniga qaytib ketayotgan chet el fuqarolari uchun to'langan pensiya sug'urta badallarining bir qismini qaytarib berish tizimi joriy etilgan
 Ushbu pul “Pensiya tizimidan chiqishdagi bir martalik to'lov” (Dattai ichijikin) deb ataladi.

2. Kimlar ariza topshirishi mumkin?

Quyidagi shartlarga javob beradigan shaxslar ariza topshirish huquqiga ega:

  • O'zbekiston fuqarosi bo'lish (Yaponiya fuqaroligiga ega bo'lmaslik) 

  • Yaponiyada “Xodimlar pensiya tizimi” (Kosei nenkin) yoki “Milliy pensiya tizimi” (Kokumin nenkin)ga a'zo bo'lgan bo'lish (kamida 6 oy pensiya to'lash pensiya to’lash. To'lov qilinmagan davrlar hisobga olinmaydi. 

  • Yaponiyada yashash manziliga ega bo'lmaslik (vataniga qaytgach ariza topshirishi mumkin)

  • Yaponiyadagi yashash manzili bekor qilingan kundan boshlab 2 yil ichida ariza topshirish (vataniga qaytgandan keyin 2 yil o'tib ketsa, ariza topshirib bo'lmaydi) 

  • Yaponiyada jami 10 yil va undan ortiq vaqt davomida pensiya tizimiga a'zo bo'lmagan bo'lish (Milliy pensiya, Xodimlar pensiya sug'urtasi, o'zaro yordam uyushmalari kabilardagi umumiy a'zolik muddati 10 yildan oshmasligi kerak) 

  • Shu vaqtgacha nogironlik bo'yicha tayanch pensiya kabi pensiyalarni olish huquqiga ega bo'lmagan bo'lish

Yuqoridagi barcha shartlarga to'g'ri kelsangiz, “Pensiya tizimidan chiqishdagi bir martalik to'lov” (Dattai ichijikin) uchun ariza  topshirishingiz mumkin.

※ Diqqat.

Pensiya tizimidan chiqishdagi bir martalik to'lovni olsangiz, ushbu to'lovni talab qilishdan oldingi barcha davrlar pensiya tizimiga a'zo bo'lgan davr sifatida bekor qilinadi. Shu sababli, kelajakda Yaponiyaga qaytish ehtimoli bo'lgan va keksaygandagi pensiyani (qoidaga ko'ra 65 yoshdan boshlab olinadi) olishni rejalashtirayotgan shaxslar ariza topshirishdan oldin buni yaxshilab o'ylab ko'rishlari tavsiya etiladi.

Shuningdek, keksaygandagi pensiyani olish huquqiga ega bo'lish uchun Yaponiyada jami 10 yil yoki undan ortiq vaqt davomida pensiya tizimiga a'zo bo'lgan bo'lishingiz talab qilinadi.

3. Ariza topshirish tartibi

1-qadam. Vatanga qaytishdan oldin ariza topshirish usulini hal qilish

Qoidalarga ko'ra ariza topshirishning ikkita usuli mavjud: vatanga qaytgandan so'ng o'zingiz mustaqil ariza topshirish     Yaponiyada siz ishlagan kompaniyadagi shaxsni ishonchli vakil sifatida belgilagan holda ariza topshirish. Qaysi usuldan foydalanishni bilmay ikkilansangiz, vatanga qaytishdan oldin o'zingizga eng yaqin bo'lgan pensiya idorasiga (nenkin jimusho) borib maslahatlashing.
Aksariyat hollarda vatanga qaytgandan keyin ariza topshirish usuli keng tarqalganligi sababli, ushbu maqolada asosan vatanga qaytgandan so'ng ariza topshirish jarayoni haqida ma'lumot berilgan.

2-qadam. Kerakli hujjatlar

Odatda kerak bo’ladigan hujjatlar quyida keltirib o’tilgan:

  • Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to’lovni olish to’g’risidagi ariza

  • Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to’lovni qabul qilish uchun bank hisobraqami ma’lumotlari (O'zbekistonda AQSh dollarini (USD) qabul qila oladigan bank hisobraqami oching. Pulni qabul qilib oluvchi shaxsning o'zidan boshqa birovning nomidagi hisobraqamdan foydalanish mumkin emas).

  • Pasportning rasm joylashgan sahifasi nusxasi.

  • Pasportning Yaponiyadan chiqib ketayotganda bosilgan muhr (shtamp) qo'yilgan sahifasi nusxasi.

  • Asosiy pensiya raqamini tasdiqlovchi hujjat (Yaponiyada berilgan pensiya daftarchasida ko'rsatilgan bo'ladi).

Kerakli hujjatlarni bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.
https://www.nenkin.go.jp/shinsei/jukyu/sonota-kyufu/20150406.html

-Ingliz tilida: https://www.nenkin.go.jp/shinsei/jukyu/sonota-kyufu/20150406.files/A.pdf

-Rus tilida: https://www.nenkin.go.jp/shinsei/jukyu/sonota-kyufu/20150406.files/L.pdf

Ma'lumotlarni to'liq kiritmaslik yoki kerakli hujjatlarni ilova qilishni unutish ko'rib chiqish jarayonining cho'zilib ketishiga sabab bo'ladi. Ayniqsa, O'zbekiston fuqarolari holatida ism-shariflarning inglizcha (pasportdagi) yozilishi bilan O'zbekistonda ishlatiladigan lotin yozuvi o'rtasida farqlar (masalan, [o‘] harfining [u] bo'lib yozilishi kabi) uchrashi mumkin. Agar taqdim etilgan hujjatlardagi yozuvlar o'zaro mos kelmasa, qo'shimcha tushuntirish xati yoki ma'lumotnoma talab qilinishi mumkin. To'ldirish tartibi bilan tanishish uchun ilova qilingan namunaga qarang.
Kerakli hujjatlarni tayyorlab bo'lgach, ularni quyidagi manzilga jo'nating. Hujjatlarni yuborishda DHL, O'zbekiston pochtasi (UZ POST) kabi xalqaro pochta xizmatlaridan foydalaning. Agar qaysi pensiya tizimiga a'zo bo'lganingizni bilmasangiz, ishlagan kompaniyangizga murojaat qilib aniqlang. Kompaniyalarda ishlaydigan chet elliklarning aksariyati “Xodimlar pensiya tizimi”ga (Kosei nenkin) a'zo bo'lgan bo'lishadi.

Faqatgina Milliy pensiya tizimi (Kokumin nenkin)  yoki “Xodimlar pensiya tizimi” (Kosei nenkin) ega bo'lganlar uchun: Yaponiya Pensiya Xizmatiga yuboriladi.
Manzil (Ingliz tilida): Japan Pension Service (Foreign Business Group) 3-5-24, Takaido-Nishi, Suginami-Ku, Tokyo 168-8505 JAPAN
Manzil (Yapon tilida):168-8505 東京都杉並区高井戸西 3 丁目 5 24 日本年金機構 (外国業務グループ
Telefon: +81-3-6700-1165

※ Eslatma: Oddiy kompaniya xodimlari, texnik stajyorlar (Ginou jisshu), maxsus malakali ishchilar (Tokutei ginou) yoki muhandis/gumanitar/xalqaro xizmatlar (Gijinkoku) mutaxassisi sifatida ishlagan shaxslar Yaponiya Pensiya Xizmatiga ariza topshiradilar.
Davlat xizmatchilari, maktab o'qituvchilari kabi o'zaro yordam assotsiatsiyasiga (Kyosai kumiai) a'zo bo'lgan shaxslar esa oxirgi marta a'zo bo'lgan o'zaro yordam assotsiatsiyasiga murojaat qilishlari so'raladi.

 3-qadam: Ko'rsatilgan bank hisob raqamiga pul o'tkaziladi

Hujjatlarni ko'rib chiqish jarayoni yakunlangach, Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to’lovni (Dattai ichijikin) siz ko'rsatgan bank hisob raqamiga o'tkazib beriladi. O'zbekistondan ariza topshirilgan holatda, ushbu to'lov yapon iyenasi (JPY) da hisoblab chiqiladi va AQSh dollari (USD) da o'tkazib beriladi.
Odatda, ariza topshirilgandan boshlab to pul tushguniga qadar bir necha oy vaqt ketadi. Pul Yaponiyadan O'zbekistondagi bankka yetib kelganidan so'ng, odatda1 hafta ichida sizning shaxsiy hisobingizga tushadi.

4. Qancha pul qaytariladi?

Olinadigan summa quyidagilarga qarab belgilanadi:

  • Pensiya tizimiga a'zo bo'lgan muddat

  • Oylik maosh (standart oylik daromad miqdori)

  • A'zo bo'lgan pensiya turi

Ya'ni, pul miqdori har bir inson uchun turlicha bo'ladi. Qancha pul qaytishini aniq hisoblab chiqish qiyin bo'lsa-da, taxminiy summani chiqarish mumkin.
Masalan, Yaponiyada 3 yil ishlagansiz va ijtimoiy sug'urtaga to'lov qilgan muddatingiz ham 3 yil deb faraz qilaylik. Oylik maoshingiz: 200,000 iyena, 1 yillik bonus: 300,000 iyena, 1 yillik jami daromadingiz 2,700,000 iyena bo'lsa:

Yillik daromad 2,700,000 iyena * 3 yil *9%= Taxminiy to'lov miqdori 729,000 iyena

https://global-saponet.mgl.mynavi.jp/know-how/10628

※ Eslatma: Yuqoridagilar shunchaki umumiy taxmindir. Asl summa har bir kishi uchun farq qiladi. Shuningdek, to'lanadigan summadan daromad solig'i ushlab qolinadi, shuning uchun qo'lga tegadigan aniq pul miqdori kamroq bo'ladi.
Hozirgi kunda, hisob-kitobga kiritilishi mumkin bo'lgan a'zolik muddatining eng yuqori chegarasi 5 yilni tashkil etadi. Biroq 2025-yil iyun oyidagi qonun o'zgarishlariga ko'ra, yaqin kelajakda bu chegara 8 yilga o'zgartirilishi rejalashtirilgan bo'lib, bu orqali yanada ko'proq pul olish imkoniyati yaratiladi.

5. Muhim eslatmalar

Yaponiyani tark etgandan keyin 2 yil ichida ariza topshirish

Kompaniyadan bo'shab, vataningizga qaytganingizdan keyin 2 yil ichida ariza topshirishingiz kerak. Agar muddat o'tib ketsa, ariza topshira olmaysiz.
Hozirgi kunda qayta kirish ruxsatnomangiz (sainyuukoku kyoka – re-entry) bo'lsa ham jarayonni amalga oshirish mumkin, biroq 2025-yil iyun oyidagi qonunchilikka kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, yaqin kelajakda qayta kirish ruxsatnomasini olgan chet elliklar faqatgina qayta kirish muddati tugagandan so'ng yoki qayta kirish huquqi bekor qilingandan keyingina ariza topshirishlari mumkin bo'ladi. Qayta kirish ruxsatnomasini olmagan shaxslar vatanga qaytganlaridan so'ng iloji boricha tezroq bu jarayonni amalga oshirishlari tavsiya etiladi.

Vatanga qaytishdan oldin tayyorgarlikni ko'rib qo'yish

Vatanga qaytib ketgach, quyidagi muammolar yuzaga kelishi mumkin:

  • Kerakli hujjatlarning yetishmasligi

  • Yaponiyadagi tashkilotlar bilan bog'lanishning qiyinligi

  • Hujjatlarni oldirtirish uchun ko'p vaqt ketishi

Yaponiyada bo'lgan vaqtingizdayoq kerakli hujjatlarni to'liq tayyorlab qo'yish orqali, vatanga qaytganingizdan keyingi jarayonlar oson va tez kechadi.

Xulosa

Pensiya tizimdan chiqishdagi bir martalik to’lovni (Dattai ichijikin) ariza berib, uni olganingizdan so'ng, Yaponiyada pensiya olish huquqini yo'qotasiz. Ariza topshirish yoki topshirmaslikni hal qilish uchun kelajakdagi karyera rejangizni yaxshilab o'ylab ko'ring.
Ushbu bir martalik to'lov – Yaponiyada qat’iyat bilan ishlab, pensiya sug'urtasi badallarini to'lagan O'zbekiston fuqarolari foydalanishi mumkin bo'lgan muhim tizimdir.
Agar ariza topshirmasangiz, bu pulni olmaysiz. Shuningdek, mamlakatni tark etgandan keyin 2 yil o'tgach ariza topshirib bo'lmaydi, shuning uchun bu jarayonni esdan chiqarmay amalga oshiring.
Vatanga qaytishdan oldin pensiya idorasida (Nenkin jimusho) maslahatlashib, kerakli hujjatlar va jarayonlarni bilib olsangiz, qaytganingizdan so'ng ham xotirjam ariza topshira olasiz.
Yaponiyada qilgan mehnatlaringizni zoya qilmaslik uchun o'z huquqlaringizdan to'liq foydalaning va buni vatanga qaytgach, karyerangizni yangidan davom ettirishda ishlating.

Foydali havolalar (Manbalar):

Namuna hujjatlari:

 

 

Izoh qoldiring
Profile picture