Kalanov Abrorxon - Maxsus malakali ishchi vizasi bilan Yaponiyaning Ibaraki prefekturasidagi chorvachilik yo'nalishida ishlash
Kalanov Abrorxon - Maxsus malakali ishchi vizasi bilan Yaponiyaning Ibaraki prefekturasidagi chorvachilik yo'nalishida ishlash
Yaponiyada sigirlar bir kunda 10 mahal ovqat yeydi

Tanishuv
Men Kalonov Abrorxon, Namangan viloyatidanman. Yaponiyaning Ibaraki prefekturasida 2025-yil iyul oyidan boshlab "Tokutei ginou" — maxsus malakali ishchi vizasiningchorvachilik sohasida ishlayapman.
Yaponiyaga kelish tarixi
Yaponiyaga kelishimga birinchi navbatda dadam sababchi bo'ldilar. Ular 2017-yilda shu yerda bir yil ishlab ketgan edilar. Uyga qaytganlarida aytib bergan gaplari, ko'rgan-kechirganlari menda bu davlatga nisbatan katta qiziqish uyg'otdi va “Bir kun kelib men ham boraman” - deb ko'nglimga tugib qo'ygan edim.
2020-yilning boshlarida xususiy bandlik agentligi orqali o'qib, texnik stajyor vizasi bilan Yaponiyaning Chiba prefekturasiga keldim. Ammo kelganimga ko'p o'tmay koronavirus pandemiyasi boshlandi va ancha qiyinchiliklarga duch keldik. Shunga qaramay, taslim bo'lmadim. Aksincha, shu qiyin kunlarni o'z foydamga ishlatishga qaror qildim. Vizamni o'zgartirish va yaxshiroq darajaga chiqish maqsadida yapon tilini qunt bilan o'rgandim. 2021-yilning qishida N4 darajasini oldim. Keyin chorvachilik yo'nalishi bo'yicha maxsus testlarga tayyorlandim va imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tdim. Shundan so'ng Yamagata va Nagano prefekturalaridagi sut fermalarida ishlab, tajriba orttirdim. Mana, hozir Ibaraki prefekturasida o'z ishimni davom ettiryapman.
Fermadagi ish jarayonlari haqida
Bizning bo'limda uch kishi ishlaymiz: men, yaponiyalik va xitoylik hamkasblarim.
Ish kunimiz tonggi soat 05:00 da boshlandi. Soat 14:00 gacha ishlaymiz. Asosiy vazifam maxsus transportlar yordamida hayvonlarning tagini tozalash va ularga yangi to'shamalar tayyorlash.
Oyiga o'rtacha 6–7 kun dam olamiz. Qaysi kunlari dam olishni esa uchovlashib, oyni boshida o'zaro kelishib olamiz. Shuningdek, xohlovchilar bo’lsa oyda bir kun qo’shimcha ishlashlari mumkin.
O’zbekiston va Yaponiya fermalarining farqlari
Fermamizda hayvonlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Farqli tomonining birinchisi, harorat 18–20 darajadan oshsa, maxsus suv purkaydigan ventilyatorlar avtomatik ishga tushadi. Sovuq kunlarda esa ular o'chiriladi.
Ikkinchisi, yemishlarida. Sigirlarimiz bir kunda 5–10 xil ozuqa qabul qiladi va ularga doim yangi yem beriladi. Shuningdek, bir kunda 10 mahalgacha yem yeydi.
Uchinchisi, yapon sigirlari "juda xotirjam va madaniyatli" desam, mubolag'a bo'lmaydi. Ko’p shovqin qilishmaydi. Fermamizda 500 dan ortiq sigir bor. Shuncha molning ichida yurasiz-u, ortiqcha shovqin bo’lmaydi. O'zimizning mol bozorlaridagi shovqinni eslasangiz, farqi osmon bilan yerdek. Ba'zan o'ylab qolaman: bularning madaniyati sigirlariga ham o'tgan bo'lsa kerak, deb.
Daromad va xarajatlar
Yaponiyada soliq tizimi juda qat'iy, xarajatlar ham shunga yarasha. Ko'pchilik faqat maoshni so'raydi, lekin qo'lga tegadigan pulni ham bilish kerak.
Maoshimiz soatbay hisoblanadi: kunduzi bir soatiga 1020 yen. Tungi smena va qo'shimcha ishlar uchun ustama to'lanadi. Qo’shimcha ishlar uchun +25% miqdorda ish haqi to’lashadi.
Asosiy xarajatlarim:
Soliq va to'lovlar. Sug'urta, yashash solig'i, shahar va tuman (munitsipal) soliqlari , hamda pensiya jamg'armasi — oyiga deyarli 90 dollar.
Yashash joyi. Kvartira uchun oyiga 150 dollardan ko'proq to'layman.
Kommunal xizmatlar. Gaz, chiroq va suv uchun o'rtacha 100 dollar atrofida.
Umumiy xarajatlar. Hamma xarajatlarni hisoblaganda daromadimning kamida 45 foizi shunga ketadi.
Bundan tashqari, agar mehnat intizomi buzilmasa, yilda ikki marta 300 dollar atrofida bonus ham beriladi.
Yaponiyada ishlashning qiyin va yaxshi tomonlari
Rostini aytsam, noqulayliklari yo'q emas. Har kuni erta tongda uyg'onish oson emas. Ba'zan bizga g'alati tuyuladigan qat'iy qonun-qoidalar bor. Va albatta, musofirchilikdagi yolg'izlik. Buni faqat boshidan o'tkazgan odam tushunadi.
Lekin bunday qiyinchiliklarni ortida yaxshi tomonlari ham mavjud. Misol uchun, oylik maoshlar yaxshi. Qonunlar hamma uchun barobar ishlaydi — chet ellik deb birov ajratib qo'ymaydi. Xizmat ko'rsatish darajasi shunchaki a'lo. Eng muhimi, insonni qadrlashlarini har qadamda his qilasiz.
Kelajakdagi rejalarim
Asosiy maqsadim — vizamni 2-darajali maxsus malakali ishchi toifasiga o'tkazish. Buning uchun tilni yanada mukammalroq o'rganishim va tajribamni oshirishim kerak. Buning ustida hozir ishlayapman.
Bu yerda ko'rib havas qilgan go'zal dengizlarni, tabiatni kelajakda oilamga, farzandlarimga ham ko'rsatishni niyat qilganman.
Kelmoqchi bo'lgan yurtdoshlarimga maslahatim
Tilni o'rganing. Yapon tilini qanchalik yaxshi bilsangiz, bu davlatda hurmatingiz shuncha baland bo'ladi. Eng muhimi, muammolaringizni birovga qaram bo'lmay, o'zingiz mustaqil hal qila olasiz.
Haydovchilik guvohnomasini oling. O’zbekistonning haydovchilik guvohnomasini olib kelib, bu yerda Yaponiyani guvohnomasiga almashtirsangiz, yaxshiroq ishlarda ishlash imkoniyati ochiladi.
Firibgarlardan ehtiyot bo'ling. O'zbekistonda katta maoshlar va'da qilib, aldab pul oladigan vositachilar ko'payib ketgan. Faqat haqiqiy va ishonchli tashkilotlar orqali kelishga harakat qiling.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid