JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Ilg'orbek Rasuljonov- Yaponiyaning GASTO restoranida ishlayotgan vatandoshimiz: ish, daromad va tanlov sabablari

Ilg'orbek Rasuljonov- Yaponiyaning GASTO restoranida ishlayotgan vatandoshimiz: ish, daromad va tanlov sabablari

Yaponcha xizmat ko'rsatish sirlari: Kelajakda O'zbekistonda restoran ochishni maqsad qilgan vatandoshimiz tajribasi

1. Tanishuv

Assalomu alaykum, ismim Rasuljonov Ilg'orbek, 26 yoshdaman. Namangan viloyatida tug’ilganman. Hozirgi kunda men Yaponiyaning Tokio shahrida, "Tokutei ginou" — ya'ni maxsus malakali ishchi vizasi asosida ishlab kelyapman. Ish joyim butun Yaponiya bo'ylab tanilgan "GASTO" restoranlar tarmog'ining Shinjuku filialida joylashgan.

2. Yaponiyaga kelish yo’lim

Voqealar 2022-yilning yoz faslida boshlangan edi. O'shanda men O'zbekistondan "ginou jisshusei", ya'ni stajyor vizasi asosida Yaponiyaga keldim. Birinchi ish joyim Xiroshima prefekturasida edi. U yerdagi oziq-ovqat ishlab chiqarish zavodida to'liq uch yil davomida mehnat qildim.
Rostini aytsam, zavoddagi ish sharoiti juda ham yaxshi edi. Oylik ish haqi yoki hamkasblar o’rtasidagi munosabatda ham hech qanday muammolar bo’lmagan. Ammo, qiziqishim doim boshqa bir sohaga — odamlar bilan bevosita muloqotda bo'ladigan, xizmat ko'rsatish bilan bog'liq restoran sohasiga tortib turardi. Shu sababli, zavoddagi uch yillik shartnomam nihoyasiga yetgach, qat'iy bir qarorga kelib, restoran sohasi bo'yicha zarur hujjatlarni tayyorlab, Tokio shahriga ko'chib o'tdim.

3. "GASTO" da ishga qanday joylashdim?

Yangi shahar, yangi soha, yangi imkoniyatlar — bularning barchasida o’ziga yarasha qiyinchiliklari bor edi. "GASTO"da ishlay boshlashimdan oldin men uch muhim bosqichni bosib o'tishim kerak edi.
Birinchi bosqich — yapon tilini astoydil va chuqur o'rganish bo'ldi. Kecha-yu kunduz mashq qilib, JLPT N3 darajadani muvaffaqiyatli topshirdim.
Ikkinchi bosqich — bundan ham murakkabroq edi. Men tanlagan "tokutei ginou" vizasining restoran sohasining maxsus malaka imtihonlari. Ularga puxta tayyorgarlik ko'rib, sertifikatni qo’lga kiritdim.
Uchinchi bosqich — eng qiyin bosqich: ishxona qidirish jarayoni. Men bu sohada avval hech qachon ishlamagan edim, shu sababli ko'p ishxonalar meni ishga olishga unchalik tayyor emasdi. Uzoq izlanishlardan so'ng, nihoyat "GASTO" restoranini topdim. Suhbatga chaqirishdi, suhbatdan muvaffaqiyatli o'tib, orzu qilgan sohamda ish boshladim.

4. Bir kunlik ish faoliyatim: oshxonadan mehmonlar zaligacha

Hozirgi ish tartibim quyidagicha: haftaning 5 kuni ish, 2 kuni dam olish, bir kunlik ish vaqti 8 soatni tashkil qiladi.
Ish kunim odatda ikki asosiy qismga bo'linadi. Ertalabki smenada oshxonaga (kitchen) kirib, turli xil taomlar tayyorlash jarayoniga qatnashaman — hozircha pishirishning nozik jihatlarini bosqichma-bosqich o'rganib boryapman. Kunning ikkinchi yarmida esa zalga chiqib, mehmonlarni kutib olish, ular bilan iliq muomala qilish va ko'nglini topish kabi xizmat ko'rsatish jarayonlari bilan shug'ullanaman. Shu tariqa, bir kun ichida ham oshxonaning "orqa fronti"da, ham zalning "old fronti"da tajriba orttirib boryapman.

5. Katta tarmoq restoranida ishlashning yaxshi va qiyin tomonlari

"GASTO" — butun Yaponiya bo'ylab 1200 dan ortiq filialiga ega bo'lgan ulkan va nufuzli restoran tarmog'i. Men ishlayotgan Shinjukudagi filial esa ular orasidagi eng gavjumlaridan biri hisoblanadi.
Ishning yaxshi tomonlaridan gapiradigan bo'lsam — har kuni turli xil odamlar bilan uchrashaman, ular bilan muloqot qilib buyurtmalarni qabul qilaman. Jamoamiz ham bir-biriga mehribon va har doim yordam qo'lini cho'zishga tayyor.
Albatta, qiyinchiliklar ham bor. Men hali yangi ish o'rganuvchi bo'lganim uchun ba'zan qiynalib qolaman. "GASTO"ning menyusi juda boy — 100 dan ortiq turdagi taomlar mavjud va ularning har biri o'ziga xos tayyorlash uslubiga ega. Bularning barchasini bir zumda yodlab, mukammal darajada tayyorlashni o'rganish oson emas. Shunga qaramay, astoydil harakat qilib kelyapman va albatta bu qiyinchiliklarni ham bosqichma-bosqich yengib o'taman deb umid qilaman.

6. Daromad va xarajatlar

Ko'pchilikni qiziqtiradigan savollardan biri, albatta, daromad masalasidir. Shu bois bu haqda ham ochiq gapirib o'tmoqchiman:

Umumiy oylik maosh

270,000 iyena

Soliq va pensiya fondi uchun ushlanadigan miqdor

40,000 iyena

Qo'lga tegadigan oylik maosh

230,000 iyena

Qo'shimcha bonus

shanba va yakshanba kunlari ishlaganim uchun har kuni +800 ball (point) beriladi. Bu ballarni "GASTO" restoranlarida bemalol ovqatlanish uchun sarflash mumkin.

Shuni alohida ta'kidlab o'tmoqchimanki, restoran sohasidagi maosh, mening kuzatishimcha, boshqa ko'plab sohalarga nisbatan ancha yuqoriroq.

7. Kelajakdagi maqsadim

“GASTO” kabi yirik va nufuzli tarmoqni tanlashimdan asosiy maqsad – bu yerda xizmat ko'rsatish sirlarini mukammal o'rganib, yetuk mutaxassis bo'lishdir. Kelajakdagi eng katta orzuyim esa bu yerdagi yuqori tajriba va xizmat madaniyatini O'zbekistonga olib borib, Vatanimda ham xuddi shunday sifatli restoran ochmoqchiman.

8. Restoran sohasida ishlamoqchi bo’lganlarga maslahatlarim

Kelajakda restoran sohasida ishlashni orzu qilayotgan yoshlarimizga o'zimning kichik tajribamdan kelib chiqib, bir necha maslahat bermoqchiman. Eng avvalo, ish boshlashdan oldin oldingizga aniq maqsad va yo'nalish qo'yib olishingiz lozim:
1. Yapon tilini mukammal darajada o'rganing. Kerakli imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo'lish — bu yo'ldagi eng muhim va zarur qadamdir.
2. Maxsus malaka testlaridan muvaffaqiyatli o'ting. O'zingiz tanlagan yo'nalish bo'yicha sohaviy imtihonlardan o'tib, ularning ham sertifikatlarini qo'lga kiriting.
3. Munosib ishxona qidiring. Yuqoridagi ikki bosqichga erishgach, o'z yo'nalishingizga mos ish topish ancha osonlashadi.
Agar shu uch bosqichni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirsangiz, ishonchim komilki, nafaqat restoran sohasida, balki boshqa har qanday sohada ham muvaffaqiyatga erishish sizlar uchun qiyin bo'lmaydi.

Izoh qoldiring
Profile picture