Iminjonova Mushtariy - Hiroshimadagi "Benbe" restoranida ishlash: tinimsiz mehnat ortidagi muvaffaqiyat
Iminjonova Mushtariy - Hiroshimadagi "Benbe" restoranida ishlash: tinimsiz mehnat ortidagi muvaffaqiyat

Assalomu alaykum, mening ismim Inomjonova Mushtariy, 1996-yil 12-yanvarda Namangan shahri, Norin tumanida tug‘ilganman. 2025-yilning 1-mayidan boshlab, Xiroshima shahrida joylashgan “Benbe” restoranida Maxsus malaka viza (Tokutei Ginou) asosida ishlab kelmoqdaman.
Yaponiyaga kelish tarixim juda qiziq boshlangan. Telegram ilovasi orqali bitta e’lon ko‘rib qoldim. U yerdagi e’londa “Ayollar ham ishlashi mumkin” degan joyini ko‘rib qiziqib qoldim va Norin tumanida joylashgan “Migo” xususiy bandlik agentligiga borib, o‘zimning hujjatlarimni taqdim etdim. U yerda olti oy o‘qidik. Tayyorgarliklar davomida ancha muddat o‘tdi, keyin esa koronavirus pandemiyasi boshlanib, vaqtimiz yana cho‘zildi. Shunday qilib, bir yarim yildan so‘ng Yaponiyaga yetib keldik. Biz jami uchta qiz kelganmiz.
Stajyorlikdan maxsus malakali mutaxassisgacha
Dastlab, Kagoshimada joylashgan “Marui” nomli yarim tayyor muzlatilgan mahsulotlar korxonasida 2022-yil 1-maydan ish boshlaganman. Uch yillik stajyor vizasidagi shartnomamni muvaffaqiyatli tugatdim. Shundan so‘ng, o‘z ishimni o‘zgartirishga qaror qildim va “Tokutei Ginou” imtihonining ikkita yo‘nalish bo‘yicha — oziq-ovqat va restoran sohasi bo‘yicha imtihon topshirdim. Ikkalasidan ham bir urinishda o‘tib, ishimni o‘zgartirishga muvaffaq bo'ldim. Hozirda Xiroshimadagi “Benbe” restoranida oshpazlik sohasida ishlab kelyapman.
Til o‘rganish mashaqqatlari: N5 dan N2 darajagacha
Maxsus malakaga vizasiga o’tish uchun avvalo yapon tilini o‘rganish kerak edi. Boshida rosa qiynalganman. Baribir boshqa shaharga kelganda yangi ishxonada ish boshlashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Boshqa davlat, mutlaqo begona til bo‘lganligi uchun boshida tilni yaxshilab o‘rganishga kirishdim. Yaponiyaga kelayotganimda umuman yapon tilidan bexabar edim.
Kelib, olti oydan keyin shifoxonalarga yoki hokimiyatga hujjat ishlari bilan borganda o‘zim tushunmaganligim uchun qiyinchiliklar bo'ldi. Shundan so'ng yapon tilini qat’iy o‘rganishga qaror qilib, N5 darajadan boshladim. Avval N4 darajasiga topshirib, muvaffaqiyatli o‘tdim. Keyin olti oy tayyorlanib N3 darajasini ham oldim. “Tokutei Ginou” vizasini bir yarim yilda olar ekanman, men ikkala imtihondan ham o‘tib, N2 darajasiga topshirdim. N2 darajasining birinchi imtihonida uch-to‘rt ball yetmay qolib o‘ta olmadim. Lekin harakatdan to'xtamadim, davom etib topshirdim va yaxshi ball bilan muvaffaqiyatli o‘tdim.
“Benbe” restoranidagi qizg'in ish jarayoni va yapon taomlari
Benbe restoranidagi ish faoliyatim bevosita oshpazlik bilan bog'liq. Bu yerga kelganimga besh oy bo‘ldi. Menyudagi bor ovqatlarni o‘rganib chiqdim. O‘zimda ovqat pishirishga qiziqish va mehr bo‘lganligi uchun hamma narsani juda tez o‘rgandim. Bizning restoran markazda joylashganligi sababli, xorijlik mehmonlar ham juda ko‘p kelishadi. Hozirda bemalol o‘zim butun yapon ovqatlarini, menyuga kiritilgan barcha taomlarni pishira oladigan darajaga yetdim.
Haftada besh kun ishlayman, ikki kun dam olaman. Ish jadvalim ertalab soat 10:00 da boshlanib, 15:00 da tugaydi. Keyin orada ikki soatlik tanaffusimiz bor. Soat 17:00 dan ish yana davom etadi va tungi 22:00 da yakunlanadi. Ishim o'zim uchun juda ham og‘ir emas, chunki pishirish yoqadi va o‘z ishimni yaxshi ko‘raman.
Sizlarga restoran va menyuni tanishtirsam: Bu yerda Xiroshimaning asosiy milliy ovqatlaridan biri — Okonomiyaki tayyorlanadi. Bundan tashqari, kechki menyularda Unihorenso (dengiz tipratikani va ismaloq qo‘shib qovurilgan mazali taom) va turli chig‘anoqlardan tayyorlanadigan taomlar bor. Yapon xalqi dengiz mahsulotlarini ko'p tanovul qilgani uchun asosiy menyumiz faqatgina dengiz mahsulotlaridan iborat narsalardan tashkil topgan. Lekin eng asosiy ovqatimiz — Okonomiyaki. Xiroshimaga kelgan chet ellik mehmonlar ham faqatgina shu Okonomiyakidan tatib ko‘rib, juda ham xursand bo‘lib qaytishadi.
Xiroshimadigi Benbe restorani boshlig'ining Mushtariy haqidagi fikrlari
Yaponiyadagi ish beruvchilar va rahbarlar o‘z xodimlarining nafaqat kasbiy mahoratiga, balki ularning irodasi va xarakteriga ham katta e'tibor qaratishadi. "Benbe" restorani rahbari Mushtariyning ish jarayonini quyidagicha baholaydi:
"Mening tasavvurimda — Mushtariy juda irodali. Birga ishlash jarayonida ham uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqoriligini, doimo yangi bilimlarni o‘rganishga katta qiziqish bilan yondashishini kuzatdim. Tanaffus vaqtlarida ham u o‘rganishdan to‘xtamaydi, ishlarini katta mas’uliyat bilan bajaradi.
Yangi ko‘nikmalarni tez o‘zlashtirishi sababli barcha buyurtmalarni mustaqil ravishda bajarib kelmoqda. Va bu holat restoran faoliyati uchun katta yordam bo‘lmoqda. Uning bu jihati o'zining mustahkam xarakteri bilan bog‘liq bo'lsa kerak. Ish jarayonida u juda qat’iyat bilan faoliyat olib boradi va bu, albatta, ijobiy holat. Biroq ishni yanada xursand va ijobiy kayfiyatda bajarsa, uning ishga bo‘lgan qiziqishi va samaradorligi yanada ortadi deb hisoblayman."
Yaponiyada ishlash afzalliklari va yoshlarga maslahatlar
Xavfsizlik va adolatli mehnat sharoitlari: Ayol va qizlarga Yaponiyada ishlashni albatta tavsiya qilaman. Yaponiya juda ham tinch, ayollar uchun sharoitlari a'lo darajadagi davlat hisoblanadi. Mana, kelganimga qariyb to‘rt yil bo‘lyapti. Hozirda o'zim alohida yashayman. Shu vaqtgacha biror marta ishxonamda ham, ko‘chalarda ham yoki yashash joyimda ham hech qanaqa kelishmovchilik, noqulaylik yoki xavfsizlik bilan bog'liq qiyinchilik bo'lmadi.
Ishimda ham adolat o'rnatilgan. Agar ish vaqtimdan oshib ketadigan bo‘lsa, hatto qo'shimcha o‘n daqiqa ishlaganim uchun ham qo‘shimcha ish haqi to‘lab beriladi. Sug‘urtalar deyarli hammasini qoplaydi. Nafaqaga pul to‘laymiz, lekin qachondir buni ham qaytarib olish imkoniyati bor. Shuning uchun ayol va qizlarga bemalol kelib yaxshi o‘qib, ishlashlarini tavsiya qilaman.
Kelajakda Yaponiya kelmoqchi bo’lganlarga tavsiya: Yaponiyaga keladigan talabalarga yoki ishlamoqchi bo‘lgan ishchilarga eng asosiy tavsiyam — birinchi o‘rinda yapon tilini o'rganing. Yapon tilini o‘rganib kelmasa, bu yerning qiyinchiligi juda katta. O‘qishda ham, ishda ham yangi muhitga kirganda hammada qiyinchilik bo‘ladi. Shu qiyinchiliklarni tez va oson yengib o‘tish uchun, avvalo, yapon tilini hech bo‘lmasa N4 darajagacha o‘rganib kelib, bu yerda mustahkamlab ketishni maslahat beraman.
Ishini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan stajyor vizasidagilarga ham aytar so'zim: Yaxshilab o‘qib, “Tokutei Ginou” imtihonini topshiring. Agar o‘qisa, mutlaqo o‘tolmaydigan darajada qiyin emas. Menimcha, 50 foizdan oshiq qismi tushunarli va eplash mumkin. Shunga harakat qilib vizalarini o‘zgartirishlarini va o'z maqsadlari sari intilishlarini tavsiya qilaman!
Izoh qoldiring
Mavzuga oid