JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

"Motorni kim ixtiro qilgan?" — bu savol o'zbek yigitining butun hayotini o'zgartirib yubordi

"Motorni kim ixtiro qilgan?" — bu savol o'zbek yigitining butun hayotini o'zgartirib yubordi

Azimov Saidazimxon - Yaponlar ishonchini qozongan o'zbek mexanigi va uning “Balcom Motors”dagi faoliyati

Tanishuv

Assalomu alaykum! Ismim Azimov Saidazimxon, 26 yoshdaman, O'zbekistonning Namangan shahridanman. Hozirda Yaponiyaning Xirosima shahrida, "Balcom Motors" kompaniyasida "Tokutei Ginou" vizasining ikkinchi darajasi bilan mexanik bo'lib ishlayapman — asosan BMW mashinalarini ta'mirlayman.

Yaponiyaga kelish yo'lim

Men O'zbekistonda, Namanganda usta bo'lib ishlaganman. Lekin karyera qilish, chet elga chiqib ishlash orzusi doim ichimda bor edi. Yaponiya mashinalarining dunyoga mashhurligi meni aynan shu davlatga qiziqtirdi. Shu maqsadda yapon tili o'qishiga kirdim, imtihonlarni topshirdim va "Balcom Motors" kompaniyasiga stajyor bo'lib qabul qilindim.
Uch yil stajyor bo'lib ishladim, keyin "Tokutei ginou 1" — birinchi darajali imtihonni topshirdim va rasmiy mexanik sifatida ishimni davom ettirdim. Yaqinda esa "Tokutei ginou 2" imtihonidan ham o'tdim va ikkinchi darajadagi vizani qo'lga kiritdim. Eshitishimcha, bu sertifikatni o'zbekistonliklar orasida birinchilar bo’lib qo’lga kiritibman. Lekin bu men uchun oxirgi marra emas — bundan ham yuqoriga intilaman.

"Motorni kim ixtiro qilgan?" — hayotimni o'zgartirgan savol

To'g'risini aytsam, O'zbekistonda ishlab yurganimda o'zimga ishonchim juda baland edi. "Men zo'r ustaman, Yaponiyaga borsam mashinalarni bir ko'rishda, ovozidan bilib olaman" deb o'ylardim. Keldim, bu yerda ishni boshlashdan oldin bizga mashinalar haqida ozgina dars o'tishdi. O'sha darsda menga birinchi berilgan savol shu bo'ldi: "Shuncha yil usta bo'lib ishlagansan — ayt-chi, motorni o'zi kim ixtiro qilgan? U qanday ishlaydi?"
To'g'risi, bunday bilimim yo'q edi. Mashinani ko'rib, ovozini eshitib tuzatishni bilardim-u, lekin ilmiy tomonini bilmas ekanman. O'sha yerda bitta narsani angladim: shuncha yil ishlab, kasbimning bu tomonini umuman o'ylamagan ekanman. Shu kundan boshlab hammasini qaytadan, chuqur o'rganishga qaror qildim.

Yaponcha ta'lim va birinchi yutuqlarim

Yaponiyada mexaniklarni daraja bo'yicha o'qitishadi — uchinchi, ikkinchi, birinchi darajalarga. Bu soha, uchinchisidan boshlanadi. Bular faqat yaponlar uchun mo'ljallangan murakkab darsliklar edi. Boshliqlarimga borib, tilni yanada yaxshi o'rganib, shu darslarga qatnashmoqchi ekanligimni aytdim. Ular rozi bo'lishdi va ikki-ikki yarim yildan keyin meni shu darslarga qo'shishdi.
Stajyor bo'la turib "自動車整備士-Jidosha seibishi" uchinchi darajali darsiga qatnashdim, imtihondan o'tdim — va shu darajani butun Yaponiya bo'yicha birinchi bo'lib olganlardan biriga aylandim. Bu yutug'imdan keyin Yaponiya televideniyesi ham kelib mendan intervyu oldi. O'zim ham juda xursand bo'ldim — bitta marraga yetdim, keyin yana o'zimga yangi maqsad qo'ydim.

O'rgangan bilimlarim: mas'uliyat va jamoa

O'zbekistonda shogird bo'lib ishlagan paytimda ko'proq kuzatib o'rganardik — usta nima qilyapti, shuni ko'rib, taxminan tushunib olardik. Bu yerda esa hammasi kitobiy: "mana buni shunday qilib bo'shatasan, bunday qilib qotirasan" deb, aniq qoida bo'yicha o'rgatishadi. Ustingizda turib kuzatishadi, to'g'ri bajarguningizcha vaqt berishadi, xato qilsangiz to'g'rilashadi.
Ishimiz soat oltida tugasa ham, tushunmay qolgan xodimni olib qolib, bir soatcha alohida dars berishadi. Nega? Chunki ularning fikricha, biz bitta jamoamiz — bu xodim kelajakda kompaniyaga foyda beradi, ishxonaning obro'sini oshiradi, deyishadi.
Yapon ish madaniyatlari ham meni juda hayratga soladi. Bir voqeani hech  unutmayman: qo'l ostimda ishlayotganlarni biri ishga kech qoldi. Men uning sherigidan hal kelmadimi deb so’radim. Shunda sherigi “Ozroq kech qolarkan, sherigim kech qolgan uchun barcha jamoadan uzr so’rayman” dedi. Bunday olib qarasa sherigi kech qolishigauni aloqasi yo’q.Lekin bir jamoa bo’lganligi uchun hammani oldida uzur so’radi. Buni haqqoniy jamoaviy ishlash desa bo’ladi.

Ishonchni qanday qozondim

Yangi ishchiga darhol katta ish ishonib topshirilmaydi bu yerda. Avval faqat kuzatasiz, keyin kichik ishlar berishadi, asta-sekin kattaroq ishlarga o'tasiz. Motor kabi ishlarni ham berishadi — garchi BMW motori kamdan-kam buziladi, buzilganda o'zimiz qilardik.
Ishxonamizda "工場長-kojochou" ya’ni zavod boshlig’i — hamma ishni shu kishi bo'lib berardi. U boshqa joyga o'tib ketgach, o'rni bo'sh qoldi va Yaponlar ushbu ishni menga taklif qilishdi. Bunday holatda kimda qobiliyat bo'lsa, o'shanga birinchi imkoniyat beriladi: "ozgina qilib ko'r" deyishadi, yaxshi eplasangiz, ishonch ortadi. Rostini aytsam, bu oson ish emas, mas'uliyati juda katta. O'zim O'zbekistonda kompaniya egasi bo'lganimda, chet eldan kelgan bir xodimga shunchalik ishonib, boshqaruvni topshira olarmidim, bilmayman. Shuning uchun kompaniyaning menga bildirgan ishonchidan juda xursandman.

Rahbarim so'zlari

Rahbarim janob Saito bir marta men haqimda shunday degandi: "Saidazimxon Yaponiyaga kelgandan buyon birga ishlab kelmoqdamiz. Uni ilk bor ko'rganimdayoq yapon tilida juda yaxshi gaplashayotganidan hayron qolgan edim. Ish vaqtida topshiriqlarni aniq tushunishi, BMW mashinalarini tuzatishni tez o'zlashtirgani meni hayratga soldi. Boshqa mexaniklarga qaraganda ham tezroq o'rganyapti, deb o'ylayman. Rahbarlik imtihonidan o'tib, kelajakda boshqaruvchi bo'lishingizga tilakdoshman." Bu so'zlar men uchun katta kuch bo'ldi.

Bu yerda hamma narsani bilish kerak

O'zbekistonda men faqat motor va xodovoy bo'yicha ishlagan edim.. Yaponiyada esa bunday tor ixtisoslashuv yo'q: bitta mexanik motordan tortib elektr qismigacha, konditsionergacha, o'rindiq va razvalgacha — deyarli hamma narsani bilishi kerak, faqat kuzov ishlarini boshqa ustalar qilishadi. Bu men uchun juda katta dars bo'ldi, chunki Namanganda bunaqasini ko'rmagandim.
Yana bir farq — muammoni aniqlash usuli. Bizda ko'pincha ovozidan taxmin qilib, "shu tomondan chiqqandir" deb tekshirar edik. Bu yerda esa maxsus kalitlar bilan aniq joyini topib, keyin almashtirishga o'tiladi.

Bugungi ishim: sifat nazorati

Hozir men vaqtinchalik zavod mexaniklar boshlig’i vazifasini bajaryapman. Mijoz kelganda, maslahatchi u bilan gaplashib, muammoni hujjatga yozib, to'g'ridan-to'g'ri menga olib keladi. Men uni qabul qilib, qo'l ostimdagi 8 nafar mexanikka bo'lib beraman, oylik ish jadvalini oldindan rejalashtiraman.
Har bir bolt qotirilgach, alohida odam chaqirilib tekshiriladi va hujjatga imzo qo'yiladi — keyin muammo chiqsa, kim tekshirganini bilish uchun. Mashina jami uch marta tekshiruvdan o'tadi, oxirgisida tormoz, tezlik va razvallarni to'liq tekshirib, xulosa beraman. Faqat "自動車検査員-Jidosha kensain" litsenziyasi bo'lganlargina shu oxirgi tekshiruvni o'tkaza oladi — bu menda hali yo'q, bizda 8 nafar mexanikdan atigi uchtasida bor, ular 20 yildan ortiq ishlagan.

Nega pul emas, karyera?

Ko'pchilik mendan maosh haqida so'raydi. Rostini aytsam, ishni birinchi boshlaganimda oylik unchalik yuqori emas edi, lekin men bu haqida hech qachon o'ylab o'tirmaganman. Agar maqsadim faqat pul bo'lganida, o'z yurtimda ko'proq pul topgan bo'lardim. Lekin mening maqsadim — karyera edi. To'rt yarim yil ichida maoshim boshlang'ichga nisbatan 150 foizga o'sdi, garchi soliq ham shuncha ko'paysa-da. Har oy oilamga pul jo'natib turaman va o'z sharoitimdan mamnunman.

Yoshlarga maslahatim

Yaponiyaga kelmoqchi bo'lganlarga bitta maslahatim bor: agar chinakam karyera qurmoqchi bo'lsangiz, keling — tajriba beradigan joy bu. Lekin faqat pul uchun kelish unchalik to'g'ri emas, deb o'ylayman. Eng muhimi — tilni oldindan puxta o'rganib keling. Men bir yil, ikki yil yashab, N4 darajasini olgan, lekin gaplasholmaydigan odamlarni ko'rganman — sababi, o'qimasdan kelishgan.

Kelajakdagi orzuyim

Kelajakda men Vatanimga qaytib, Yaponiyada o'rgangan hamma bilim va tajribalarim asosida   o'z kompaniyamni tashkil qilmoqchiman. Avtomobillarni tamirlash sohasida kompaniya ochib, xodimlar yollab, ularga har kuni Yaponiyada o'rgangan bilimlarimni o’rgatmoqchiman.  Keyinchalik esa bu tizimni boshqa kompaniyalar orqali butun yurtimiz bo'ylab kengaytirishni orzu qilaman.

Izoh qoldiring
Profile picture