Yaponiyaning “Korona Kogyo” kompaniyasida faoliyat yuritayotgan Temurbek Mavlanov
Yaponiyaning “Korona Kogyo” kompaniyasida faoliyat yuritayotgan Temurbek Mavlanov

1. Tanishuv
Assalomu alaykum! Mening ismim Temurbek Mavlonov, men Samarqand shahridanman. Bugun sizlarga Yaponiyada kechayotgan hayotim, xususan "Corona Kogyo" nomli kompaniyadagi ish faoliyatim haqida so'zlab bermoqchiman. 2025-yilning avgust oyidan boshlab ushbu kompaniyaning "営業―Eigyou", ya'ni savdo-sotiq bo'limida ishlab kelyapman.
"Corona Kogyo" — 1968-yilda tashkil topgan. Hozirgi kunda uning 6 ta filiali mavjud bo'lib, men ishlayotgan filial esa Tokioning Asakusa hududida joylashgan. Kompaniyamiz asosan binolarning ichki interyeri bilan shug'ullanadi: yangi qurilayotgan bino yoki uylarning devor qog'ozlarini (oboy), polini, patoloklarini to'liq ta'mirlab, tayyor mahsulotlarni bevosita qurilish joylariga yetkazib berish kabi ishlar.
2. Ish faoliyatingiz haqida aytib bering
O'zbekiston bilan Yaponiyaning ish tizimi ancha farq qilgani bois, hozircha mustaqil faoliyat yuritmayapman, avval Yaponiyaning ish tizimiga to’liq moslashib olishim kerak. Shu sababli har kuni turli tajribali xodimlar bilan birga yurib, ishni asta-sekin o'rganib boryapman.
Asosiy vazifalarimiz quyidagilardan iborat: qurilish joylariga kerakli mahsulotlarni yetkazib berish, yangi qurilayotgan binolarga qancha mahsulot ketishini qurilish maydoniga borib o'lchab kelish va usta xodimlarning bajarayotgan ishlarini nazorat qilib borish. Bu jarayonlarning barchasini hozircha tajribali hamkasblarim nazorati ostida qilib kelyapman.
Kompaniyamiz turli xil ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik qiladi. Ulardan biri, Yaponiyadagi eng yirik ishlab chiqarish zavodi hisoblangan "Sangetsu". Bu yerda gap, asosan, devorga yopishtiriladigan devor qog'ozlari — oboylar haqida bormoqda. Qizig'i shundaki, Yaponiyadagi binolarning 99 foizida aynan shunday oboylar ishlatiladi.
Ish jarayoni quyidagicha kechadi: qurilish korxonalari bizga kerakli mahsulotning raqamini aytishadi, biz esa o'sha raqamlarga qarab qanday mahsulot buyurtma qilinayotganini kataloglar orqali aniqlaymiz. Bitta oboyning o'zi 1000 dan ortiq turga ega bo'lishi mumkin — bu raqam odamni hayratda qoldiradi, albatta. Buyurtmalar asosan faks orqali qabul qilinadi, so'ngra biz ularni kompyuterga kiritib, aniq nima buyurtma qilinayotganini tekshiramiz, mijozlarga mahsulot haqida to'liq ma'lumot yuboramiz va narx-navo bo'yicha hisob-kitoblarni amalga oshiramiz.
3. Yaponiyaga kelish tarixingiz haqida aytib bering
Men Samarqand davlat chet tillari institutining yapon tili filologiyasi yo'nalishiga o'qishga kirganman. Qizig'i shundaki, institutga kirishdan oldin Yapon tili maktabiga hujjat topshirganman lekin afsuski menga Yaponiya hukumati viza bermagan. Lekin men o’z yo’limdan qaytmasdan Yapon tilini o’qishda davom etdim va universitetda kirgan paytimda yapon tilini allaqachon bilardim, va Yaponiyaga kelishni juda qattiq xohlardim. Shu maqsadda imkon qadar tezroq N1 darajaga erishishga astoydil harakat qildim va 3-kursda o'qib yurgan paytimda N1 darajani qo’lga kiritdim.
3-kursni tugatganimdan so'ng, "Nikkensei" nomli grantni yutib oldim va Yaponiyaning nufuzli oliygohlaridan biri — Hitotsubashi universitetida bir yil davomida ta'lim oldim. Ushbu o'qish jarayonida Yaponiyada bo'lib o'tgan turli tadbirlarda faol ishtirok etdim, ko'plab vatandoshlarimiz bilan tanishdim. Bir yillik o’qishni tugatib, Vatanimga qaytdim va Samarqand davlat chet tillari institutini muvaffaqiyatli tamomladim. Shundan so'ng esa yana Yaponiyaga bu safar "Corona Kogyo" kompaniyasiga ishga keldim.
4. Yaponiyada o’qish vaqtida ko’proq nimalarga e’tibor berdingiz
Ko'pincha Yaponiyaga o'qish uchun kelgan talabalar butun e'tiborini ishga qaratib, o'qishni ortga surib qo'yishadi. Men esa doimo shu ikkalasi o'rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilganman. Ish, networking — imkon qadar ko'proq odamlar bilan tanishish, men uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan.
Maqsadim aniq edi: tezroq Yaponiya kompaniyasida ishlashni boshlash. Shuning uchun tilni o'rganishga alohida e'tibor qaratganman, chunki ishonchim komilki, N1 darajasiga ega odam Yaponiyaga kelgach, bir yil ichida albatta erkin va ravon gapirib keta oladi. Bu yurtda yashab, men yana bir muhim jihatni chuqur his qildim: "Yaponiyada insoniylik, odamlar o'rtasidagi munosabat juda ham kuchli, ular o'zaro bir-birini juda ham hurmat qilishadi."
5. Yapon kompaniyalarida ishlashning qiyin va yaxshi tomonlari nimada?
Yaponiya kompaniyalarining o'ziga xos bir jihati bor: tajribangiz bo'lmasa ham, sizni ishga qabul qilib, boshidan boshlab astoydil o'rgatishadi. Men ham "Corona Kogyo"ga kelganimda bu sohada mutlaqo hech qanday bilimga ega emasdim — axir mening yo'nalishim filologiya, yapon tili edi. Ammo hozir menga sekin-asta, bosqichma-bosqich hammasini o'rgatib kelishyapti.
Har kuni turli odamlar bilan turli joylarga boraman, mijozlar bilan muloqotda bo'laman. Qiyin tomoniga kelsak — bizning kompaniyamiz savdo-sotiq yo'nalishida faoliyat yuritgani bois, mijozlar bilan ishlash ancha katta mas'uliyat talab qiladi. Mijozlar bilan gaplashish oson emas, chunki bitta xatoingiz sababli, o'sha mijozni butunlay yo'qotib qo'yishingiz ham mumkin. Men kompaniyadagi birinchi xorijlik ishchi bo'lganim uchun ko'plab hamkasblarim menga o’z yordamlarini ayamayapti.
6.Kiguchi Masao janoblari Temurbek haqida fikrlari qanday?
Kompaniyada men doim qo’llab-quvvatlaydigan, o'zim uchun ustoz maqomida bo'lgan janob Kiguchi Masao men haqimda quyidagi iliq fikrlarni bildirgan edi:
Ustozimning bu so'zlari men uchun katta rag'bat va mas'uliyat hissi uyg'otadi.
7. Yapon tilini o'rganayotgan yoshlarga maslahatlaringiz
O'zbekistondan Yaponiyaga to'g'ridan-to'g'ri ishga kelgan inson sifatida, hozirda O'zbekiston universitetlarida tahsil olayotgan yoshlarga bir necha maslahat bermoqchiman.
Agar 1-kursdan yapon tilini o'rganishni boshlagan bo'lsangiz, butun e'tiboringizni yapon tiliga qarating. Imkon qadar o'qish davomida N2, N1 darajalarini olib qo'yishga harakat qiling. Men o'qigan Samarqand davlat chet tillari institutining Yaponiyaning yetakchi universitetlari bilan turli xil shartnomalari mavjud, har yili aniq 5-6 nafar talaba Yaponiyaga kelib, bir yillik tajriba orttirib qaytadi. Bunday imkoniyatlarni qo’ldan chiqarmasdan, Yaponiyaga kelib, hech bo'lmaganda bir yillik tajriba orttirish zarur, chunki bu tajriba keyinchalik ishga kirganingizda juda katta yordam beradi.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid