JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada yiliga nechta bayram kuni bor?

Yaponiyada yiliga nechta bayram kuni bor?

Ularning ma’nosi va kelib chiqishini tushuntirish.

Yaponiyada yashamoqchi bo‘lsangiz, Yaponiyaning bayram kunlarini bilib qo‘yish juda muhimdir. Chunki bayramlar shunchaki dam olish kuni emas, balki yaponlarning tarixiy qarashi, tabiatga munosabati va oila haqidagi tasavvurlari mujassam bo‘lgan madaniy kunlar ham hisoblanadi.

Bayram kunlari “Milliy bayramlar to‘g‘risidagi qonun” asosida belgilangan bo‘lib, 2025-yil holatiga ko‘ra yiliga 16 kunni tashkil etadi. Shuningdek, agar ikki bayram kuni orasidagi kun ish kuni bo‘lib qolsa, u kun qo‘shimcha tarzda “dam olish kuni” sifatida belgilanishi mumkin. Ushbu maqolada biz fasllar bo‘yicha bayram kunlarini tanishtirib, ularning ma’nosi va kelib chiqishini izohlaymiz.

Qish

Yangi yil kuni (1-yanvar)
Yaponiyadagi bayramlar orasida eng muhim sanaladigan kunlardan biri bu Yangi yil kunidir. Yangi yil boshlanishi nishonlanadi va ko‘plab odamlar bir yil davomida salomatlik va baxt tilab, ibodat qilish uchun ibodatxonalar yoki budda ma’badlariga “hatsumode”ga boradilar. Oilalarda esa “osechi-ryori” deb ataladigan maxsus yangi yil taomlari tanovul qilinadi va qarindoshlar bir joyga yig‘ilib, yangi yilni birgalikda o‘tkazish odatiy hol hisoblanadi.

Kattalar kuni (yanvar oyining ikkinchi dushanbasi)
18 yoshga to‘lgan yoshlarni tabriklash kunidir. Yaponiyada voyaga yetish yoshi 18 deb belgilangan bo‘lib, jamiyat bu muhim bosqichga yetgan yoshlarning ulg‘ayishi va mustaqilligini birgalikda nishonlaydi. Ilgari bu bayram samuraylarning “genpuku” deb ataladigan voyaga yetish marosimidan kelib chiqqan bo‘lsa, hozirda mamlakat bo‘ylab kattalar kuni marosimlari o‘tkaziladi. Ayollar odatda furisode kiyadi, erkaklar esa kostyum yoki hakama kiyimida ishtirok etadilar. Ushbu kun yoshlarning Yaponiyada rasmiy ravishda katta yoshli fuqarolar safiga qo‘shilganini ifodalovchi muhim bosqich hisoblanadi.

Davlat tuzilishi kuni (11-fevral)
Yaponiyaning tashkil topgan kunini yodga olish bayrami bo‘lib, u afsonalarda tilga olinadigan birinchi imperator — Jinmu Tennoning taxtga o‘tirishiga borib taqaladi. Meiji davrida bu kun “Kigen-setsu” deb atalgan, urushdan keyin esa “Davlat tuzilishi kuni” nomi bilan qayta joriy etilgan. Bu kun yapon davlatining shakllanishi va tarixiga o‘ylab ko‘rish uchun belgilangan muhim sanadir.

Imperator tug‘ilgan kuni (23-fevral)
Hozirgi imperator hazratlari (Imperator Naruhito)ning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan kundir. Bu kuni Imperator saroyi ommaga ochiladi va imperatorning xalqga bevosita salom berishi uchun maxsus imkoniyat yaratiladi.

Bahor

Bahorgi tengkunlik kuni (mart oyida)
Kunduzi va tunda davomlari deyarli teng bo‘ladigan kun bo‘lib, qadimdan ajdodlarni yod etish marosimi — “Higan”ning o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Bu kunda tabiatni ulug‘lash va ajdodlarni hurmat qilishga asoslangan yapon xalqining ruhiyati namoyon bo‘ladi.

Showa kuni (29-aprel)
1926-yildan 1989-yilgacha davom etgan Showa davrini eslab o‘tish kunidir. Urush, tiklanish va yuqori iqtisodiy o‘sish kabi keskin o‘zgarishlarga boy davrni yodga olib, kelajak haqida o‘ylashga undaydigan sana hisoblanadi.

Konstitutsiya kuni (3-may)
1947-yilda Yaponiya Konstitutsiyasining kuchga kirganini yodga olish kunidir. Bu sana urushdan keyingi Yaponiyaning tinchlik va demokratiya yo‘lidagi boshlanishini ifodalaydi.

Yashillik kuni (4-may)
Tabiatga minnatdorlik bildirish kunidir. Avvaliga bu kun Showa imperatorining tug‘ilgan kunini yodga olish maqsadida belgilangan bo‘lgan, keyinchalik esa “Yashillik kuni” deb atalgan. Bu kuni ko‘plab odamlar o‘rmon sayridan yoki bog‘larda sayr qilishdan zavq olishadi va u atrof-muhitni asrashga bo‘lgan ongni oshirishga xizmat qiladi.

Bolalar kuni (5-may)
Bu bayram “Tango no Sekku” deb ataladigan qadimiy marosimdan kelib chiqqan. Dastlab o‘g‘il bolalarning sog‘lom ulg‘ayishini tilab nishonlangan bo‘lsa, hozirda barcha bolalarning baxtu saodatini istash kuni hisoblanadi. Oilalarda osmonga “koinobori” (xayoliy karp baliqlari tasvirlangan bayroqchalar) osiladi, uy ichida “kabuto” (samuray dubulg‘asi) yoki zirhlar bezak sifatida qo‘yiladi, va an’anaga ko‘ra “kashiva-mochi” yoki “chimaki” iste’mol qilinadi.

Yoz

Dengiz kuni (iyul oyining uchinchi dushanbasi)
To‘rt tomoni dengiz bilan o‘ralgan Yaponiyaga xos bo‘lgan bayramdir. Bu kunda dengizning ne’matlariga minnatdorlik bildiriladi va mamlakatning dengiz davlati sifatida ravnaq topishi tilanadi. Yozgi cho‘milish mavsumi hamda dengiz sport turlari bilan bir vaqtda to‘g‘ri kelgani sababli, sayyohlik maskanlari ayniqsa gavjum bo‘ladi.

Tog‘ kuni (11-avgust)
“Odamlarga tog‘lar bilan yaqinlashish imkoniyatini berish va tog‘larning ne’matlariga minnatdorlik bildirish kuni” sifatida 2016-yilda belgilangan, nisbatan yangi bayramdir. Bu kunda tog‘ sayllari, piyoda yurish (hiking) yoki alpinism bilan shug‘ullanuvchilar soni ortadi.

Kuz

Keksalarni e’zozlash kuni (sentyabr oyining uchinchi dushanbasi)
Uzoq yillar davomida jamiyatga hissa qo‘shgan yoshi katta insonlarni hurmat qilish va ularning uzoq umrini nishonlash kunidir. Bu kuni oilalar bobo-buvilarinikiga borib ularni yo‘qlashadi, sovg‘alar berishadi va minnatdorlik tuyg‘usini izhor etishadi.

Kuzgi tengkunlik kuni (sentyabr oyida)
Kunduzi va tunda davomlari tenglashadigan kun bo‘lib, bahorgi tengkunlik kuni kabi ajdodlarni xotirlash an’anasi saqlanib qolgan. Ko‘plab oilalar bu kuni qabristonga borib, ajdodlarini ziyorat qilishadi.

Sport kuni (oktyabr oyining ikkinchi dushanbasi)
1964-yil Tokioda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi (10-oktyabr)ni yodga olish uchun belgilangan “Tayiku no Hi” (Jismoniy tarbiya kuni) ushbu bayramning avvalgi nomi edi. Hozirda uzaytirilgan dam olish kunlari yaratish maqsadida sana oktyabr oyining ikkinchi dushanbasiga ko‘chirildi. Bu kun sport bilan shug‘ullanish va sog‘liq uchun niyat qilish kuni sifatida e’tirof etiladi.

Madaniyat kuni (3-noyabr)
San’at, ilm-fan, shuningdek erkinlik va tinchlikni sevish tuyg‘usini keng targ‘ib qilish kunidir. Bu kunning kelib chiqishi Meiji imperatorining tug‘ilgan kuniga borib taqaladi, urushdan keyin esa “Madaniyat kuni” sifatida qayta belgilangan. Mamlakat bo‘ylab madaniyat festivallari, san’at ko‘rgazmalari va ilmiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Mehnatni qadrlash kuni (23-noyabr)
Mehnat qilish va hosil uchun minnatdorlik bildiriladigan kundir. Bu bayram qadimgi hosil bayrami — “Niiname-sai” (Yangi hosil marosimi)ga borib taqaladi. Hozirgi kunda esa faqat qishloq xo‘jaligi emas, barcha turdagi mehnatni e’zozlash kuni sifatida nishonlanadi.

Shodiyorova Ro’zigul

Izoh qoldiring
Profile picture