JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Kanagava prefekturasida “Oʻzbekiston inson resurslari salohiyati” biznes-forumi boʻlib oʻtdi

Kanagava prefekturasida “Oʻzbekiston inson resurslari salohiyati” biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    2025-yil 29-may kuni Yaponiyaning Kanagava prefekturasi, Yokohama shahrida "O‘zbekiston inson resurslari salohiyati"ga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Yaponiyadagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbir Kanagava sanoat taraqqiyot markazi (KIP)da bo‘lib o‘tib, butun Yaponiya bo‘ylab 80 ga yaqin kompaniya vakillari ushbu tadbirda qatnashishdi.

     Forumda O‘zbekistonning boy inson resurslari, xususan, yosh avlodning xalqaro mehnat bozoriga moslashuvchanligi, shuningdek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan migratsiya siyosati islohotlari yuzasidan O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi tomonidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ochlish nutqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbari Musayev janoblari so‘zga chiqib, o‘z murojaatida “Ming chaqirimlik yo‘l ham bir qadamdan boshlanadi” degan hikmatli so‘zlarni tilga olib, Yaponiyalik kompaniyalarni O‘zbekistonga kirib kelishga chorladi.

Shundan so‘ng, Xalqaro Mehnat Hamkorligi Tashkiloti (JITCO) boshqaruvchi direktori Matsutomi Shigeo, Kanagava prefekturasi KIP xalqaro aloqalar bo‘yicha vakili, Yaponiya-Osiyo Yoshlari Hamkorlik Assotsiatsiyasi boshqaruv direktori Takeda, Azibiz kompaniyasi prezidenti Hiyane, Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA)ning Sharqiy Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha mas’uli Takehara, shuningdek, JICA ning“Yaponiyadagi bandlik imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik sanoat sohasidagi kadrlar salohiyatini rivojlantirishi” (qisqartma nomi GROW) loyihasi ekspertlari so‘zga chiqib, har birlari o‘zlarining  vazifalari doirasida ma’lumot berdilar.    O‘zbekiston fuqarolarini allaqachon ishga olgan yapon kompaniyalari vakillarining nutqlari tadbirda ishtirok etganlarning alohida e’tiborini tortdi. Ular o‘zbekistonlik ishchilarning mehnatsevarligi, odobli muomalasi va til bilimi yuqori ekanini ta’kidladi. Bu esa tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Qurilish, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda o‘zbekistonlik ishchilar bilan bog‘liq aniq tajribalar taqdim etildi va yapon kompaniyalari uchun ularni ishga olishning afzalliklari yaqqol ko‘rsatildi.

  O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Yaponiyaga do‘stona munosabati bilan tanilgan mamlakat bo‘lib, bu yerda yoshlar orasida ta’lim darajasi yuqori va yapon tilini o‘rganish faol rivojlanmoqda. Kelajakda ikki davlat o‘rtasidagi mehnat resurslari sohasidagi hamkorlik yanada chuqurlashishi kutilmoqda — bu texnik stajyor dasturlari, maxsus malakali ishchi dasturlari, shuningdek JICA kabi davlat muassasalari bilan hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi.
Mazkur forum o‘zbekistonlik kadrlarning salohiyati va professionalligini Yaponiyada keng tanishtirishga xizmat qildi, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari, kompaniyalar va hamkor tashkilotlar o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlariga yo‘l ochdi. 

Izoh qoldiring
Profile picture