Yapon Tilini O’rganishdagi Qiyinchiliklar va Mening Shaxsiy Tajribam
Yapon Tilini O’rganishdagi Qiyinchiliklar va Mening Shaxsiy Tajribam

2020-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yapon tilini o‘rganishni boshladim. O‘qishim pandemiya davrida boshlanganligi sababli, darslar Zoom ilovasi orqali olib borildi. Dastlab tilni o‘rganish ancha qiyin kechdi, ammo vaqt o‘tishi bilan o‘z uslublarimni topib, asta-sekin qiyinchiliklarni yengishga muvaffaq bo‘ldim. Ushbu maqolada yapon tilini o‘rganish yo‘limdagi qiyinchiliklar va ular bilan qanday kurashganim haqida o‘z tajribamni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman.
Reja- muvaffaqiyat kaliti!
Kanji(漢字)
Spaced Repetition System (SRS) — Interval Qaytarish Metodi
Yangi ma’lumot ortidan ma’lumot kelganda, miyamiz ularning barchasini bir yo‘la eslab qololmaydi, natijada ular asta-sekin unutila boshlaydi. Ma’lumotlarni ma’lum vaqt oralig‘ida qayta ko‘rib chiqish esa ularning uzoq muddatli xotirada mustahkam joylashishiga yordam beradi.Boshqacha aytganda, agar biror narsani yaxshilab yodlab olishni istasangiz, uni vaqti-vaqti bilan takrorlash zarur.Yodlamoqchi bo‘lgan so‘z yoki kanjilarni kundalik hayotingizdagi ko‘zga tashlanadigan joylarga joylashtiring. Masalan, muzlatkich eshigi, karavatingiz cheti yoki stakaningizga stikerni yopishtirib qo‘ying. Istasangiz ham, istamasangiz ham, ularga ko‘zingiz tushib turadi.Shuningdek, lotoreya qutisi usulidan foydalanishingiz mumkin: kichik qog‘oz bo‘laklariga kanjilarni yozib, bir tomonga belgini, ikkinchi tomonga esa o‘qilishi yoki misolini yozing. Har kuni qutidan bir necha qog‘oz tanlab, uni yodlashni odat qiling.
Kanji (Kaki-tori) metodi — Qo‘l bilan yozib yodlash
Ushbu metod — yozib yodlashning an’anaviy va samarali usuli bo‘lib, o‘quvchi kanji yoki boshqa belgilarni bir necha marta yozish orqali ularni eslab qoladi. Bu haqiqat: Yaponiyadagi maktab o‘quvchilari kanji belgilarini asosan yozish orqali o‘rganadilar.
Qo‘l bilan yozish vizual tanishni rivojlantiradi va belgilar miyada chuqurroq o‘rnashishiga yordam beradi. Shuningdek, yozish orqali belgilarni tezroq va osonroq tanib olish qobiliyati rivojlanadi.
Imtihon jarayonida ko‘pincha bir-biriga juda o‘xshash, biroq kichik farqlarga ega bo‘lgan kanji mashqlari uchraydi. Masalan:
職(shoku) — kasb, ish joyi;
識(shiki) — bilim, tushuncha;
慢(man) — dangasalik;
漫(man) — tasodifiy;
Shu bois, Kaki-tori metodi nafaqat yodlashni osonlashtiradi, balki imtihonda chalkash belgilarni tez va to‘g‘ri ajratish ko‘nikmasini ham rivojlantiradi.
Tinglab tushunish
“Shadowing” texnikasi
Bu usul diktordan so‘ng darhol baland ovozda gapirilgan jumlalarni takrorlashni nazarda tutadi. Shadowing tinglab tushunish, talaffuz va nutq tezligini sezilarli darajada yaxshilaydi. Ayniqsa, dialoglar va yangiliklar orqali mashq qilish juda samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Har kuni muntazam tinglash
Har kuni — aynan har kuni yapon tilida tinglash odatini shakllantirish zarur. Hatto tushunmasangiz ham, tinglash davomida miyangiz yangi tilga moslashishni boshlaydi. Bir oy davomida muntazam tinglash natijasini avvalgi darajangiz bilan solishtirib ko‘rsangiz, sezilarli o‘sishni ko‘rasiz.
Matnni o‘qish va tushunish (読解)
Sinov darsliklari
Imtihonni topshirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, shu darajadagi tavsiya etilgan darsliklarni tanlash juda muhim. Shaxsiy tajribamga tayanib aytishim mumkinki, JLPT imtihoniga tayyorgarlik uchun mo‘ljallangan kitoblar mening do‘stim va ishonchli yo‘ldoshimga aylangan. Ushbu darsliklar nafaqat turli matnlarni o‘qishni mashq qilishga, balki matnning tuzilishini tushunish va to‘g‘ri javobni tez aniqlash usullarini egallashga yordam beradi.
Savollar turlarini chuqur o‘rganish
JLPT imtihonidagi matn savollari odatda quyidagi asosiy yo‘nalishlardan iborat:
Matnning asosiy fikri nima?
Kim fikr bildirmoqda?
Muallif qanday fikrni yetkazmoqchi?
So‘z yoki iboraning ma’nosi qanday?
Bu savollarni tushunishni va ularga tezkor va aniq javob berishni mashq qilish, o‘qish ko‘nikmasini samarali rivojlantirishning eng muhim qismi hisoblanadi.
Xulosa:
Yapon tilini o‘rganish — bu shunchaki darslik va grammatikani yodlash emas. Bu — qiyinchiliklarni yengish, sabr va qat’iyatni rivojlantirish, o‘zingizga mos usullarni topish va o‘sish yo‘li.
Agar siz ham hozir yapon tilini o‘rganishni boshlagan bo‘lsangiz yoki davom ettirayotgan bo‘lsangiz, hech qachon taslim bo‘lmang. Har kimning yo‘li o‘ziga xos va har bir qadam — bu yutuq sari tashlangan qadmdir.
Asosiysi — muntazam mehnat qilish, xatolardan qo‘rqmaslik va o‘zingizga ishongan holda oldinga intilishdir. Siz maqdadingizga albatta erishasiz!
Izoh qoldiring
Mavzuga oid