O’zbekiston haqidagi tasavvurni o’zgartiraylik!
O’zbekiston haqidagi tasavvurni o’zgartiraylik!
Zamonaviy O’zbekiston

Faqat cho’lga emas!
O’zbekiston deganda, sizning hayolingizga nima keladi?. Balki faqat cho’llardan iborat juda issiq ob-havo, tuyalar yuradigan joy va hech qanday baland binolar yo’q deb o’ylaydigan odamlar ko’pdir. Haqiqatan ham, O’zbekiston hududining 70 foizi cho’llardan iborat. Ammo ko’plab shaharlar asfalt yo’llarga ega va rivojlangan. Masalan, Oʻzbekiston poytaxti Toshkentni olaylik. U koʻplab yashil hududlarga ega va shahar juda toza ekanini Oʻzbekistonga tashrif buyurgan yaponlardan tez-tez eshitish mumkin. Ba’zida tashqarida axlat koʻzga tashlanishi mumkin, lekin umuman olganda, shahar juda ozoda.

Baland binolar ham bor!

Suratdan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda ko‘plab baland binolar mavjud. Qishloq joylarda 4-5 qavatli binolar ko‘p uchrasa-da, so‘nggi paytlarda ayniqsa Toshkent shahrida osmono‘par binolar qurilishi avj olgan. O‘zbekistonning mashhur baland binolaridan biri Tashkent City hududida joylashgan Nest One hisoblanadi. U balandligi 267 metr bo‘lgan bino bo‘lib, ichida xonadonlar, ofislar va jamoat joylari mavjud. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng baland teleminora ham Toshkentda joylashgan. Toshkent teleminorasining balandligi 375 metrni tashkil etadi. Minoraning 94 metr balandligida kuzatuv maydonchasi joylashgan bo‘lib, u yerdan Toshkentning eng go‘zal manzaralarini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, minoraning 98 va 104 metr balandligida restoranlar mavjud. Ushbu restoranlarning poldan aylanuvchi qismi bor bo‘lib, bir soatda to‘liq bir marta aylanadi. Bu esa mazali taomlarni tatib ko‘rish bilan birga Toshkent manzaralarini 360 daraja ko‘rishga imkon beradi.
O’zbekistonda hamma narsa bor!

O‘zbekistonda faqatgina an’anaviy mahsulotlargina emas (ovqatlar, mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar va boshqalar) ,balki ko‘plab xorijiy taomlar va import mahsulotlar ham mavjud. O‘zbek milliy taomlaridan eng mashhuri palovdir, biroq O‘zbek taomlariga ixtisoslashgan oshxonalardan tashqari, turli mamlakatlarning restoranlarini ham topishingiz mumkin. Masalan, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya kabi qo‘shni davlatlarning taomlari bilan bir qatorda, Koreya, Xitoy va Yaponiya taomlarini taqdim etuvchi restoranlar ham mavjud. Supermarketlarga tashrif buyursangiz, guruch, soya sousi, onigiri (guruchli sharcha), tofu, nori (dengiz suvi o‘tidan tayyorlangan qog‘oz), Shin Ramyun, KitKat, Coca-Cola kabi yaponlarga tanish mahsulotlarni ham xarid qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, Koreya va Xitoy oziq-ovqat do‘konlari ham bor. Bu do‘konlarda cho‘chqa go‘shti va Yaponiya guruchiga o‘xshash guruch kabi mahsulotlar ham sotiladi.

Televizorlar ham, changyutgichlar ham, elektrotexnika mahsulotlari ham bor!
Men Nagoyada talaba sifatida o‘qiyotganimda, bir marta mendan: “O‘zbekistonda changyutgich bormi?” deb so‘rashgan edi. O‘sha paytda, oddiy yaponlar hali ham O‘zbekiston haqida yetarli ma’lumotga ega emasliklarini his qilib, biroz afsuslangan edim. Albatta, O‘zbekistonda ham elektrotexnika mahsulotlari bor. Faqat import mahsulotlari emas, balki mahalliy ishlab chiqaruvchi ARTEL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham mavjud. Ushbu kompaniya konditsionerlar, muzlatkichlar, changyutgichlar va smartfonlar kabi keng turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. ARTEL faqatgina O‘zbekiston bozorida emas, balki xorij bozorlariga ham kirib borgan. Masalan, Qozog‘iston, Gruziya kabi sobiq Sovet davlatlari va Yaman kabi mamlakatlarga mahsulotlarini eksport qiladi.

Rivojlangan jamoat transporti ham, yuqori tezlikdagi poyezdlar ham bor!
Metro
O‘zbekiston metrosi nafaqat diqqatga sazovor joylardan biri, balki mahalliy aholi orasida ham juda mashhur transport vositasidir. So‘nggi yillarda yangi yo‘nalishlarning ochilishi tufayli metro ko‘pchilik uchun yanada qulay bo‘ldi. Hozirgi kunda 4 ta yo‘nalish va 50 ta bekat mavjud. Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisi so‘nggi yillarda tez sur’atlarda ko‘paygani bois, ishga borish vaqtidagi tig‘iz paytlarda metro Tokio poyezdlari kabi gavjum bo‘lib qoldi. Shuningdek, ko‘p odamlarni poyezdga chiqishga yordam berish uchun “itargichlar” ham ishlaydi. Ilgari metro juda shovqinli bo‘lgan, ammo 2019-yilda yangi poyezdlar ishga tushirildi. Ushbu poyezdlar shovqinsiz harakatlanadi va konditsioner bilan jihozlangan. O‘zbekistonning yozgi jaziramasida yangi poyezdlarga chiqish yo‘lovchilar uchun haqiqiy yengillik tug’diradi.
Avtobus
Toshkent aholisi sonining ko‘pligi sababli, shaharda avtobuslar ham katta miqdorda qatnaydi. Yaqinda, ko‘proq yo‘lovchilarni tashish uchun “garmoshka-avtobus” deb ataluvchi tutashgan avtobuslar joriy qilindi. Ushbu avtobuslar ham konditsioner bilan jihozlangan, bu yo‘lovchilar uchun juda qulay.
Jamoat transportidan arzon foydalanish
ATTO kartalari
O‘zbekistonda jamoat transportida foydalanish uchun ATTO deb ataladigan IC kartalari joriy etilgan. Rasmda ko’rsatilgani kabi, ushbu kartalarning 4 xil turi mavjud. Har xil turdagi kartalar narxi va xarid qilish mumkin bo‘lgan tariflar qiymati bir-biridan farq qiladi.

Tariflar asosan:
Avtobus uchun
Avtobus va metro uchun
Tariflar 1 kunlikdan 1 yillikgacha 10 xil variantni o‘z ichiga oladi. Oddiy karta va boshqa maxsus kartalar o‘rtasida ikki barobarga yaqin narx farqi mavjud, shuningdek, ulardan foydalanishda transport almashtirish uchun chegirmalar kabi qulayliklar mavjud.
Bundan tashqari, IC kartalardan tashqari, VISA kartasi yoki NFC funksiyasiga ega mahalliy HUMO kartasi bilan ham transportda to‘lovni amalga oshirish mumkin. O‘zbekistonda elektronlashtirish va naqd pulsiz to‘lov tizimlari tez rivojlanmoqda, bu haqida alohida maqolada batafsil so‘zlab beramiz.

Yuqori tezlikdagi poyezd
O‘zbekistonda Afrosiyob deb nomlangan soatiga 250 km tezlikda harakat qiluvchi yuqori tezlikdagi poyezd 2011-yilda ishga tushirilgan. Afrosiyob poyezdi Toshkentdan Samarqand, Qarshi va Buxorogacha qatnaydi. Toshkentdan 356 km uzoqlikda joylashgan Samarqandga 2 soat 13 daqiqada yetib borish mumkin. Vagonlar qulay bo‘lib, kichik yeguliklar (choy, qahva, kruvasan va boshqalar) ham taqdim etiladi, bu esa uni juda qulay qiladi.
O‘zbekiston xavfsiz mamlakat!
Oxirida eng muhim narsani aytishim kerak. O‘zbekiston xavfsiz mamlakat! "Stan" so‘zini eshitib, ko‘pchilikning hayoliga Afg‘oniston kelishi mumkin va ular O‘zbekistonni xavfli deb o‘ylashadi. Ammo O‘zbekiston boshqa bir mamlakat bo‘lib, u xavfsiz hisoblanadi. Afsuski, bu haqida yaponiyaliklar kam biladi. O‘zbekistonning xavfsizligi haqida alohida maqolada batafsil ma’lumot beramiz.
Agafurova Ruzigul
Izoh qoldiring
Mavzuga oid