JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada qariyalarni parvarishlash sohasida tajribaga ega vatandoshimiz bilan suhbat

Yaponiyada qariyalarni parvarishlash sohasida tajribaga ega vatandoshimiz bilan suhbat

Tibbiyot sohasidan xabardor kishilar ushbu ishga ko'proq mos kelishi mumkin

Uzoqova Kamola

Tarjimai hol

2003-2006-yillar: Toshkent viloyati Yangiyo’l tibbiyot kollejida akusherlik yo’nalishi bo’yicha tahsil olgan. 
2006-2008-yillar:Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi poliklinikada sanitariya nazorati bo‘yicha faoliyat yuritgan.
2008–2021-yillar: Toshkent shahridagi klinikada sanitariya nazorati va hamshiralik vazifalarida ishlagan.
2021-yil yanvar – iyul: Toshkent shahridagi Monomarkazda yapon tilini o‘rgangan.
2022-yil dekabr – 2023-yil mart: Nagoyada bir oy davomida amaliyot va ikki oy davomida yapon tili darslarida qatnashgan.
2023-yil mart – 2024-yil mart: Shizuoka prefekturasida qariyalarni parvarishlash bo‘yicha stajyor bo’lib ishlagan.
2025-yil: Kioto shahridagi qariyalarni parvarishlash muassasasida maxsus malaka vizasi asosida ishlashni rejalashtirilgan.

(1986-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan)

Yaponiyada ishlashga turtki bo‘lgan omillar

Bolaligimdan oila a’zolarim va yaqin do‘stlarim tomonidan “Sen Oshin (mashhur yapon seriali qahramoni) ga o‘xshaysan” degan gaplarni ko‘p eshitardim. Shu sababdan Yaponiyaga qiziqishim katta edi va bir kun kelib Yaponiyaga borishni orzu qilardim.

Yaponiyaga ketish jarayoni

Toshkent shahridagi Monomarkazda 6 oy davomida yapon tilini o‘rgandim. O‘sha paytda hamshira bo‘lib ishlayotganim uchun, qariyalarni parvarishlash sohasida ishlashga qaror qildim. Ishga kirish uchun bo’lgan suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, Yaponiyaga ketdim. Samolyot chiptasi va o‘quv davri mobaynidagi xarajatlar Yaponiya tomonidan qoplangan. Dastlabki uch oy davomida Nagoyada tayyorgarlik o‘quv kurslari va yapon tili bo‘yicha ta’lim oldim, so‘ngra Shizuokadagi qariyalarni parvarishlash muassasasida ish boshladim.

Ishning tafsilotlari haqida

Keksalar uchun mo‘ljallangan parvarishlash muassasasida ish boshladim. Ish jarayoni 4 smena asosida tashkil etilgan bo‘lib, tongi, kunduzgi, kechki va tungi smenalarga bo‘lingan. Men tong va kunduzgi smenalar uchun mas’ul edim. Tungi smenada xodimlar soni kamroq bo‘lgani uchun, yetarli darajada yapon tili bilimlari va ish tajribasi talab qilinadi. Biz ikki kishi bo‘lib 15 kishiga xizmat ko‘rsatardik. Ishning aniq tafsilotlari quyidagilardan iborat edi: nonushta tayyorlash, tish yuvishda yordam berish, xonalarni tozalash va hokazo. Yaponiyalik keksa kishilar o‘zlari imkon qadar xonalarini tozalashga harakat qilishadi. Tushlik vaqti bo’lganda boshqa qavatga o‘tib, tushlik qilinadi, tushdan keyin esa jismoniy mashqlar bilan shug‘ullaniladi. Shuningdek, dori-darmonlarga muhtoj bo‘lganlarga yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, har bir kishining holatiga qarab, hammom, hojatxona va boshqa zarur yordamlar ko‘rsatiladi.

Qariyalarni parvarishlash ishidagi qiyinchiliklar haqida

Ishda foydalanadigan yapon tilini o’rganish oson bo‘lmadi. Mening holatimda smenada birga ishlaydigan hamkasblarim yordam berishdi, ammo musulmonlar uchun  taglik almashtirish kabi vazifalarni bajarish qiyinchilik tug’dirishi mumkin. Parvarishlash ishi shunday jihatlarni ham o‘z ichiga oladi, shuning uchun oldindan ruhiy tayyorgarlik zarur.

Smena va dam olish kunlari haqida

Smena tugagandan so‘ng darhol uyga qaytish mumkin. Oyiga 7 kun dam olish kuni beriladi. Agar bundan ortiq dam olish niyatingiz bo‘lsa, 10 kun oldin menejerga xabar berish lozim.
Sizningcha, qaysi soha vakillari qariyalarni parvarishlash ishiga mos keladi?
Tibbiyot sohasida yoki hamshiralik tajribasiga ega bo‘lgan kishilar ushbu ishga mos keladi. Tibbiyot sohasida bilimlarga ega bo‘lish, bemorlarga jinsi, yoshi yoki madaniy kelib chiqishidan qat’i nazar, xizmat ko‘rsatishda yordam beradi.

Daromad va xarajatlar haqida

Maosh shartnomaga qarab farq qiladi, shuning uchun shartnoma matnini diqqat bilan o‘qib chiqish lozim. Men stajyor bo‘lgan holatda, qo‘limga taxminan 1000 dollar maosh olardim. Oziq-ovqat, ijara haqi va boshqa kundalik xarajatlarni chegirgandan so‘ng taxminan 500 dollar qolardi. Agar oy davomida qo’shimcha ish soatlarida ishlasangiz, bundan ko‘proq daromad qilish mumkin, ammo bu jismoniy charchoq ortishiga olib keladi.
O‘zbekistonda maxsus malaka (tokutei ginou) qariyalarni parvarishlash imtihonidan o‘tib, maxsus malaka vizasi bilan ishlash imkoniga ega bo‘ldim. Ushbu viza bilan oyiga taxminan barcha xarajatlarni chegirib tashlaganda 1000 dollar daromad olish mumkin. Shu sababli, Yaponiyaga borishdan oldin O‘zbekistonda yapon tilini mukammal o‘rganib, yetarli bilim olishni tavsiya qilaman.

Qariyalarni parvarishlash sohasida ishlash orqali o’rgangan ko’nikmalar haqida

Yaponlar juda intizomli va samimiy insonlardir. Ishni vaqtida bajarish va yolg‘on gapirmaslik orqali albatta ishonchli munosabatlarni o‘rnatish mumkin. Ammo biror sababsiz yolg‘on gapirilsa yoki ishni dangasalik qilib bajarmaslik oqibatida ish joyidagi hamkasblar orasida ishonch yo‘qoladi va bu tashkilotda ishlash qiyinlashadi.
Ishonch qozonsangiz, ishda ham, shaxsiy hayotda ham yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Yapon tilini mukammal bilmasligimga qaramay, hamkasblarim menga kundalik hayotda yordam berishdi, shuningdek, imtihon tayyorgarligi va mehnat birjasi orqali ish qidirish jarayonida ham ko‘mak ko‘rsatishdi.

Kelajakda parvarishlash sohasida ishlashni xohlovchilar uchun maslahatlar

Avvalo, yapon tilini o‘rganib, maxsus malaka vizasi orqali Yaponiyaga kelishni tavsiya qilaman. Agar siz tibbiyot sohasida yoki hamshiralik faoliyatida tajribaga ega bo‘lsangiz, ushbu ishni tanlashingizni istardim. Yaponiyaga kelganingizdan so‘ng esa dangasalik qilmasdan, berilgan vazifalarni bajarish muhim. Birinchi navbatda samimiylik bilan munosabatda bo‘lib, ishonchli munosabatlarni shakllantirishga harakat qiling. Bir kishining qoldirgan yaxshi taassuroti, keyinroq keladigan o‘zbekistonliklar uchun ham foydali bo‘ladi. O‘zbekiston hali Yaponiyada unchalik tanilmagan. Hozir men ishlayotgan kompaniya ham meni birinchi xorijlik xodim sifatida ishga oldi. Shu sababli, barchamiz o’z ishimizga mas’uliyat bilan harakat qilsak maqsadga muvofiq bo’ladi.

Izoh qoldiring
Profile picture