O'zbekistonda muvaffaqiyatga erishish uchun kerak bo'ladigan to'rtta yapon ish madaniyati
O'zbekistonda muvaffaqiyatga erishish uchun kerak bo'ladigan to'rtta yapon ish madaniyati
Har bir yapon ish madaniyatini o'rganish, sizni muvaffaqiyatga yetaklaydi.

Men, Saidahror: Yaponiyada 17 yil yashab, o'zim uchun to'rtta so'zni topdim
Menga tez-tez savol berishadi: “Yaponiyada shuncha yil yashab, sizni eng ko'p nima o'zgartirdi?”
Men 1981-yilda Toshkentda tug'ilganman. Toshkent moliya institutini tugatib, Agrobankda, keyin USAID loyihasida ishladim. 2007-yilda Yaponiyaga birinchi bor qadam qo'ydim — Nagoya universitetiga magistraturaga o'qishga bordim. O'sha paytda bu shunchaki bir qadam edi, lekin orqasidan butun hayotim o'zgarib ketishini bilmasdim.
O'qishni tugatgach, 2009-yildan boshlab investitsion banking sohasida ishladim: avval Societe Generale Japan'da, keyin Nomura Securities'da, so'ngra JP Morgan Securities Japan'da — jami 15 yildan ortiq. Yaponiyada esa, o'qish davrini ham qo'shsam, jami 17 yil yashadim. 2024-yildan buyon Toshkentda, Azarbayjon-O’zbekiston qo’shma fonidida konsultant sifatida ishlayapman.
Shuncha yil davomida to'plagan tajribamni bitta gapga sig'dirish qiyin. Lekin agar meni chindan ham o'zgartirgan narsani aytishim kerak bo'lsa — bu to'rtta yapon so'zi: Sensei, Gaman, Mottainai, Shokunin.

1. Sensei — hurmat qiladigan odamingiz bo'lsin
Yaponiyaga kelib, birinchi bo'lib shu so'zga duch keldim. Sensei — ustoz, murabbiy, sizga yo'l ko'rsatadigan inson. Lekin tez orada tushundimki, gap unvonda emas.
Nagoya universitetida o'qiyotganimda bir voqea bo'lgan: professorimga murakkab savol berdim. U bir zum jim qoldi, keyin sekin “wakarimasen — bilmayman, keyingi haftaga qadar tekshirib ko'raman” dedi. Va rostdan ham keyingi darsda tayyor javob bilan keldi. O'shanda tushundim — bu odamning obro'si bilmasligidan kamaymaydi, aksincha, so'zining ustidan chiqishidan ortadi.
Shuni angladim: senseilar ham “bilmayman” deyishdan qo'rqmaydi, chunki bilim ustida emas, halollik ustida hurmat quriladi. Yosh o'zbek yigit-qizlariga aytadigan gapim shu: sizga bir narsa o'rgatgan odamni, u sizdan yosh bo'lsa ham, sensei deb bilishni o'rganing. Bu kamtarlik emas — bu o'sishning boshlanishi.
2. Gaman dzuyosa — kuchli sabr, iroda
Ikkinchisi — gaman dzuyosa, ya'ni kuchli sabr. Vatandan uzoqda, tilni bilmasdan, yangi muhitda yashash menga ham oson kechmadi.
Nomura'dagi birinchi oylarimni hech qachon unutmayman. Yig'ilishlarning yarmini tushunmasdim, lekin har kuni ertalab hammadan erta kelib, kechqurun hammadan kech ketardim — shunchaki yaponcha atamalarni yozib olish va uyda lug'at bilan tekshirish uchun. Bir kun-ikki kun emas, bir yilcha shunday davom etdi. Lekin bir payt qarasam, endi tushunayapman.
O'sha paytdan bilaman: tilni bilmasdan turib, hech qanday martaba qurib bo'lmaydi. Lekin sabrsizlar yarim yo'lda to'xtaydi. Faqat vaqtga hurmat bilan qarab, sekin-sekin ilgarilagan odamgina natijaga yetadi. Yaponlar juda sabrli xalq. Yaponiyada muvaffaqiyatga erishish uchun sizdan ham albatta sabrli (gaman dzuyoi) bo’lish talab etiladi.
3. Mottainai — har bir narsani, har bir daqiqani qadrlash

Yaponlarda axlatning 80–90 foizi qayta ishlanadi. Lekin mottainai — bu shunchaki tejamkorlik emas. Bu vaqtga, narsalarga, imkoniyatlarga hurmat.
Poyezd jadvalda ko'rsatilgan daqiqada aynan keladi. Hech kim boshqalarga noqulaylik tug'dirmaslikka harakat qiladi. JP Morgan'da ishlayotganimda bir voqeani hech qachon unutmayman: hamkasbim ikki daqiqa kechikkani uchun barchadan uzr so'ragan edi — uchrashuv atigi besh kishilik bo'lsa ham. Boshida bu menga ortiqcha tuyulgan edi. Keyin tushundim: u ikki daqiqa emas, besh kishining ikki daqiqasini, ya'ni o'n daqiqani behuda sarflagani uchun uzr so'ragan edi.
4. Shokunin — boshlagan ishni oxirigacha yetkazish
Oxirgi so'z — shokunin. Bu unvon emas, munosabat. Ko'cha supurayotgan odam ham, katta kompaniyada ishlayotgan mutaxassis ham — agar o'z ishiga bor kuchi bilan yondashsa, shokunin darajasiga yetadi.
Sony, Toyota, Canon kabi brendlarning “Made in Japan” sifati — bu texnologiya emas, aynan shu tamoyilga sodiq odamlarning natijasi. Investitsion bankda ishlagan yillarimda bir hamkasbim kechqurun soat o'nlarda tayyor bo'lgan hisobotni qayta ochib, faqat bitta jadvalning shriftini to'g'irlash uchun yana yarim soat o'tirgan edi — uni hech kim ko'rmasa ham, ertaga mijoz ko'rishini bilgani uchun. O'shanda angladim: sifat degani — kimdir kuzatib turgani uchun emas, o'zing bilan kelishuv uchun qilinadigan ish.
Xulosa
Shuncha yil o'tib, bir narsani aniq bilaman: Yaponiyada muvaffaqiyat qozonish uchun eng avvalo texnik bilim emas — hurmat, sabr, tejamkorlik va sadoqat kerak ekan.
Agar siz ham kelajakda Yaponiyaga borishni, u yerda o'qish yoki ishlashni orzu qilayotgan bo'lsangiz — shu to'rt so'zni yodda tuting: Sensei, Gaman, Mottainai, Shokunin.
Til va diplom sizni eshikdan olib kiradi. Lekin shu qadriyatlargina sizni u yerda yangi pog’onalarni zabt etishga yordam beradi.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid