Hisobchi va buxgalter sifatida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali o‘zbek mutaxassisi
Hisobchi va buxgalter sifatida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali o‘zbek mutaxassisi
Yapon tili nafaqat Yaponiya madaniyatini, balki ilg‘or moliyaviy ko‘nikmalarni o‘rganish uchun ham vositadir
Tarjimai hol
Akbar Jalilov
2006-2010: Toshkent moliya instituti
2010-2015: “East Food Trade” kompaniyasi
2015-2017: Kamiyama yapon tili maktabi
2017-2022: Nagoya Iqtisodiyot Universitetida magistratura
2021-2022: Eiko Holding kompaniyasi
2022- hozirgacha Hoshizaki kompaniyasi
(1986-yilda tug’ilgan, Qashqadaryo viloyati)
Chet elda o'qish qaroriga kelish
Institutni tamomlaganimdan so‘ng, Toshkentdagi korxonada buxgalterlik bo'yicha ishladim. Ammo, O‘zbekistonda o’z karyeramni rivojlantirishda chegara borligini his qilgach, chet elda o‘qishni o‘ylay boshladim. Tanlov sifatida Buyuk Britaniya va Yaponiya bor edi, lekin Yaponiyada o‘qiyotgan do‘stimning tavsiyasiga ko‘ra, Yaponiyani tanladim.
O‘zbekistondan to‘g'ridan-to‘g’ri Yaponiyaning magistratura bosqichiga o‘qishga kirish imkoniyati cheklanganligi uchun, avval yapon tili maktabida tahsil olishga qaror qildim.
Til maktabida yapon tilini rivojlantirish
Men Yaponiyada magistratura bosqichida o‘qishni maqsad qilgan edim, ammo avvalo yapon tilining asoslarini mustahkamlash uchun ikki yil davomida yapon tili maktabida tahsil oldim. Shu vaqt mobaynida astoydil sabr va intizom bilan mehnat qilib JLPT N2 darajasini muvaffaqiyatli qo’lga kiritdim. Yaponiyaga kelgan vaqtimda 29 yosh edim, vaqtim ozligini his qilgan holda, boshqalarga qaraganda ko‘proq e’tibor bilan o‘qishga kirishdim. Ayniqsa, kanji(yaponcha iyerogliflar) o‘rganishga alohida yondashdim. Masalan, agar uyga vazifada 100 ta kanji bo‘lsa, ularni bir necha marta yozib, yarim soat ichida yod olishga intilardim. Tanaffus paytlarni ham kanji qaytarishga sarflab, kundan-kun yapon tili bo‘yicha bilimimni mustahkamlab bordim.
Magistraturaga tayyorgarlik va stipendiyani qo‘lga kiritish
Magistraturaga kirish uchun avvalo ilmiy-tadqiqot rejasini tuzish zarur edi. Yapon tili bo‘yicha bilimimni oshirganim bois, bu rejani tayyorlashni bemalol uddalay oldim. Rejani yozish jarayonida katta kursdagi talabalar va do‘stlarim bilan maslahatlashib, ilmiy ishimning mazmunini boyitishga erishdim. Bundan tashqari, o‘z tadqiqot mavzuyimga mos universitet va professorni topish uchun oldindan universitet veb-saytlarini o‘rganib chiqdim hamda tegishli professorlar bilan bog’lanishga harakat qildim. Yaponiyada magistraturada o‘qishni xohlovchilar uchun professorlar bilan bevosita bog’lanib, tadqiqot mavzusini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlash muhim ekanligini ta’kidlayman.
Universitetning magistratura bosqichi uchun ta’lim puli 700 ming yen, ya’ni juda qimmat edi. Ammo, o‘qituvchilar va universitetning xalqaro bo‘limi bilan yaxshi munosabatlarim tufayli, Rotary Yoneyama stipendiyasini qo‘lga kiritdim. Ushbu stipendiya menga har oy 140 ming yenlik moddiy yordam ko‘rsatadi va moliyaviy muammolarimni yengillashtirdi. Bundan tashqari, JLPT N1 darajasi va Yaponiyaga kelganimdan keyin bir oy ichida olgan Nissho buxgalteriya 3-daraja sertifikati ham mening o‘z ustimda ishlash ishtiyoqimni ko‘rsatib, stipendiya yutishimga yordam berdi. Yaponiyada magistratura bosqichiga ingliz yoki yapon tilida o‘qishga kirish mumkin. Ammo, yapon tilida o‘qishni istagan xorijlik talabalar uchun imkoniyatlar kengayadi. Chunki yapon tilini bilgan talabalar faqat yapon tilida dars beriladigan universitetlarga ham kira olishadi. Bu esa tanlov imkoniyatlarni oshiradi. Ayniqsa, stipendiya olishni maqsad qilgan talabalar uchun JLPT N2 yoki N1 darajasidagi yapon tili bilimiga ega bo‘lish muhim sanaladi. Shu bois, puxta tayyorgarlik ko‘rish zarur.
Yapon kompaniyasiga ishga kirish
Ish qidirishni boshladim, ammo 33 yoshda bo‘lganligim sababli, yangi bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan ishga qabul jarayonlari men uchun murakkab kechdi. Ko‘p marta yakuniy suhbat bosqichiga yetib borgan bo‘lsam-da, yoshim sababli rad etilish hollari takrorlandi. Shunda O‘zbekistonda orttirgan ish tajribam, shuningdek, olgan Nissho buxgalteriya 3-daraja va 2-daraja sertifikatlarim borligini inobatga olib, kadrlar agentliklari tavsiyasiga ko‘ra, o‘rta darajadagi ishga qabul (mid-career recruitment) jarayonlariga e’tibor qaratdim. Bu yo‘nalishda yosh omili katta to‘siq bo‘lmadi va nisbatan osonroq ish topa oldim. Dastlab, Eiko Holding Co.,Ltd. Kompaniyasiga ishga qabul qilindim. Keyinchalik, Hoshizaki Co., Ltg. Kompaniyasiga o‘tib, hozirda ham shu yerda faoliyat yurityapman.
Yaponiyada malaka va sertifikatlar juda muhim
Yaponiyadagi kompaniyalarga ishga kirish jarayonida sertifikatlarning naqadar muhim ekanini chuqur his qildim. Yaponiya ko‘pincha "sertifikatlar mamlakati" deb ataladi, chunki malaka yoki ko‘nikmalarni tasdiqlovchi hujjatlarga katta e'tibor qaratiladi. Ayniqsa, o‘rta darajadagi ishga qabulda, yapon tilida ravon so‘zlashish va o‘z sohangizga oid sertifikatlarga ega bo‘lish juda muhimdir. Yapon tili darajasi yuqori va o‘z malakasini isbotlovchi sertifikatlarga ega bo‘lgan nomzodlar yapon kompaniyalari oldida ijobiy taassurot qoldiradi va ishga qabul qilinish imkoniyatlari oshadi.
O‘zbekistonda universitetni tamomlab, ish tajribasiga ega bo‘lganlar uchun Yaponiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga kirish yo‘lida yangi bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan tanlovlarda ishtirok etish qiyin bo‘lishi mumkin. Shu sababli, o‘rta darajadagi ishga qabul yo‘nalishiga e’tibor qaratish, yapon tili bo‘yicha bilimni oshirish va soha bo‘yicha sertifikatlarni qo‘lga kiritishga intilishni tavsiya qilaman.
Yaponiyada chet ellik xodim sifatida ishlashda muhim jihatlar
Yaponiyada ishlashda chet ellik xodim sifatida e'tibor berishingiz kerak bo‘lgan bir qancha muhim jihatlar mavjud. Birinchidan, ishning birinchi kunidayoq rahbar bilan suhbatlashib, o‘z diniy va madaniy qadriyatlaringiz haqida tushuntirish muhimdir. Ish jarayonini samarali davom ettirish uchun, ish davomida zarur bo‘ladigan ehtiyojlaringiz bo‘yicha rahbar bilan oldindan kelishib olganingiz ma’qul. Masalan, ibodat uchun vaqt kerak bo‘lsa, buning uchun sharoit yaratib berishni so‘rash mumkin. Yapon ish joylarida bunday diniy va madaniy ehtiyojlarga nisbatan Yaponiya tomoni tushunishga harakat qilishadi.
Bundan tashqari, yaponlar bilan ishlashda ularning qadriyatlarini ham hisobga olib, muammosiz ish muhitini yaratishga intilish muhimdir. Yaponiyada atrofdagilar bilan muvofiqlikni saqlash va boshqalarga e’tiborli bo’lish yuqori qadrlanadi. O’z qadriyatlaringiz va madaniyatingizni tushuntirish bilan birga, yaponlarning qadriyatlari va madaniyatiga ham hurmat bilan yondashish, yaxshi ish muhitini yaratish uchun muhim ahamiyatga ega. Shunday qilib, Yaponiyada chet ellik xodim sifatida ishlashda o’zaro tushunish va e’tibor bilan yondashish ishonchli munosabatlarni shakllantirishga olib keladi.
Yapon va o‘zbek xalqlarining pulga bo‘lgan munosabatidagi farqlar
Yaponlar va o‘zbeklar o‘rtasida pulga bo‘lgan qarashlar va uni boshqarish usullari sezilarli darajada farq qiladi. Avvalo, yaponlar uchun ish faqatgina pul topish vositasi emas. Ular ish orqali jamiyatga foyda keltirish, o‘zini rivojlantirish va barqaror, uzoq muddatli ish joyida ishlashga katta ahamiyat berishadi. Yaponlar o‘z mehnati uchun olayotgan ish haqiga qanchalik mos ekanini o‘ylashadi va qilayotgan ishdan qoniqish muhim deb bilishadi. Aksincha, O‘zbekistonda odatda ish haqini muhokama qilish va oshirishni so‘rash odatiy hol sanaladi. Yaponiyada esa bu kabi muzokaralar kam uchraydi va ehtiyotkorlik bilan olib borilishi lozim.
Shuningdek, yaponlar o‘zining kundalik xarajatlarini, masalan, ovqatlanish yoki uy-ro‘zg‘or xarajatlarini rejalashtirgan holda boshqarishadi. Bu rejalilik nafaqat shaxsiy hayotda, balki kompaniya boshqaruvida ham o‘z aksini topadi. Masalan, yapon kompaniyalari 5 yillik reja tuzib, savdo maqsadlari va ularni amalga oshirish usullarini batafsil belgilab olishadi. Shaxsan men yaponlarni "pul ko‘p bo‘lgani uchun boy" deb emas, balki "pulni rejali va to‘g‘ri boshqara olgani uchun boy" deb hisoblayman.
Pulga bo‘lgan bu qarashlar va rejalilikni tushunish yaponlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga yordam beradi.
Yaponiyaga o‘qishga yoki ishlashga borishni rejalashtirayotganlarga murojaat
Avvalo, iloji boricha yapon tilini o‘z vataningizda o‘rganishni tavsiya qilaman. Yaponiyadagi yapon tili maktablari ancha qimmat bo‘lgani uchun, o‘z yurtida asoslarni mustahkamlab olish orqali ta’lim xarajatlarini kamaytirish mumkin. Yapon tili maktablari moliyaviy imkoniyati yetarli kishilar uchun mos keladi.
Agar Yaponiyada hisob-kitob va moliyaviy sohalarda ishlashni istasangiz, O‘zbekistondagi moliyaviy amaliyotlar odatda oddiy ishlarni bajarishga qaratilgan bo‘lsa-da, Yaponiyada bu soha chuqur tahlilni talab qiladi. Yaponiyadagi buxgalteriya ishlari PL (daromad va zararlar hisoboti) va BL (balans hisoboti) kabi moliyaviy hujjatlarni batafsil tahlil qilishni, ularga asoslanib strategik qarorlar qabul qilishni talab qiladi. Yapon menejerlari kundalik ishlarida mablag‘larni boshqarishga va foyda keltirayotganini aniqlashga katta e’tibor qaratishadi. Bundan tashqari, buxgalteriya bo‘limidagi xodimlar faqat ofisda o’tirib ishlash bilan cheklanib qolmay, biznes amalga oshirilayotgan joylariga o’z oyog‘i bilan borib, jarayonlarni o‘rganish va shu ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishlari ham talab etiladi.
Yaponiyada o‘qish va ishlash orqali, sizning yapon hamkasblaringiz va atrofingizdagi insonlar O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarni siz orqali shakllantiradi. Shu sababli, har birimiz o‘z harakatlarimiz uchun javobgarlikni his qilishimiz va O‘zbekistonni yaxshi tomondan tanitishga harakat qilishimiz lozim.
Mening maqsadim – Yapon kompaniyasida moliyaviy direktor (CFO) sifatida ishlash va jahon darajasida muvaffaqiyat qozonishdir. Sizlarga ham o‘z orzu va maqsadlaringiz sari intilib, Yaponiyadagi tajribangizdan o‘z karyerangizni rivojlantirish uchun samarali foydalanishni tilayman.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid