Yaponiya mehmonxonasida ishlayotgan vatandoshimiz
Yaponiya mehmonxonasida ishlayotgan vatandoshimiz
Mehmonning ko’nglini topish - bu yaponcha mehmondo'stlik madaniyatidir.
O’qish va ish tajribasi
2012-2015-yillar: Samarqanddagi qishloq xo'jalik kolleji
2015-2017-yillar: SAMU yapon tili maktabi
2017-2019-yillar: York Global Business kasb-hunar akademiya
2019-hozirga qadar: “Live Max” kompaniyasida
(Amonov Mansur, 1996-yilda Samarqandda tug'ilgan)
Yaponiyaga o'qish uchun ketish
Bolaligimdan rivojlangan davlatda o'qish orzuim edi. Ayniqsa, Buyuk Britaniyada o'qishni maqsad qilgan edim, ammo 2014-yilda bir do'stim menga "Yaponiyaga o'qishga borishing mumkin va o'qishni tugatganingdan keyin ish topishing ham oson" degan ma'lumot berdi. Bu do'stim mendan bir yil oldin Yaponiyaga o'qishga ketgan edi, shuning uchun ko'p yordam ko'rsatdi.
Yapon tili maktabining o‘qish to‘lovi 6 oy uchun taxminan 3500 dollarni tashkil etdi va dastlabki yashash xarajatlarini ham qo‘shganda jami taxminan 5000 dollar ketdi.
Yapon tili maktabidan kasb-hunar akademiyasiga o‘tish
Yapon tili maktabini tamomlaganimda, JLPT N3 darajasini qo’lga kiritgan edim. Talabalik yillarida "Lawson"da soatbay ishlash (arubaito) orqali yapon tilini yanada o'rganib, mahalliy aholi bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniga ega bo'ldim.
Dastlab yapon tili maktabini tamomlagandan keyin, universitetga o'qishga kirishni maqsad qilgan edim, ammo Yaponiyadagi universitetlarning qabul muddati o’tib ketganligi uchun kasb-hunar akademiyaga kirishga qaror qildim. Kasb-hunar akademiyada o'qish uchun taxminan 700,000 yen kerak bo'ldi va o'qish davrida mehmonxonada ishlash orqali yashash xarajatlarimni qoplab turdim.
Kasb-hunar akademiyada ingliz tili, yapon tilida biznes yuritish, biznesni rejalashtirish, IT ko'nikmalari bo'yicha ta'lim oldim. Ayniqsa, ikkinchi kursning ikkinchi yarimida esa ish qidirishga tayyorgarlik ko'rish maqsadida suhbatlarga tayyorgarlik va rezyumelar yozish bo'yicha intensiv darslar o'tildi.
Kasb-hunar akademiyani tamomlagandan keyingi ish faoliyati
Kasb-hunar akademiyada o'tkazilgan kompaniyalarning taqdimotlarida qatnashib, mehmonxona sohasi bilan tanishdim. Mehmonxona sohasida ingliz tiliga talab katta ekanini bilib, bu sohada o'zimni bilimlarim as qotadi deb o’yladim. Dastlab bir nechta intervyularda qatnashib ko’rdim, ammo muvaffaiyatsizlik bilan yakunlandi. Keyin kasb-hunar maktabida muntazam intervyuga tayyorgarlik mashg'ulotlari o'tkazilib, haftada 2-3 marta kompaniyalarda intervyuga qatnashdim.
Vanihoyat “Live Max” deb nomlangan yirik kompaniyaning intervyusidan muvaffaqiyatli o'tdim. Tanlovning 1-bosqichi intervyuda oldin ko’rgan tayyorgarlik yordam berdi, tanlovning 2-bosqichi kanji testi edi va men uni ham muvaffaqiyatli topshirdim. Keyinroq bildimki, mehmonxonamiz mijozlari nafaqat xorijliklar, yaponlar ham ko’p ekan. Shuning uchun, mening yapon tilidagi talaffuzim va biznes odobim muhim meni ishga olishlari uchun ahamiyatga ega bo‘lgan deb o‘ylayman.
Mehmonxonadagi ishimning tafsilotlari
Avvaliga mehmonxonaning qabulxona xizmatlarini boshqardim, mehmonlarni ro'yxatdan o'tkazish va ro'yxatdan chiqarish, buyurtmalarni qabul qilish va boshqalar. Vaqt o’tishi bilan, men oy oxiridagi savdo hisob-kitoblari va hamkorlardan to‘lovlarni qabul qilish kabi ko‘proq mas’uliyat talab qiladigan ishlarni bajarishga kirishdim. Shuningdek, jozibali dasturlarni yaratish, samarali marketing usullari, Booking.com, Jalan, Expedia kabi saytlarda va kompaniyamizning rasmiy veb-saytida ma'lumotlarni boshqarish va yangilash vazifalari ham menga yuklatildi.
Hozirda yangi xodimlarni o'qitish va mehmonxona boshqaruvini nazorat qilish bilan shug'ullanaman. Bosh offis bilan axborot almashinuvi, buyurtmalar va to'lovlarni boshqarish, rezervatsiyalarni(oldindan band qilish) nazorat qilish, ishchi smenalarni boshqarish, tozalash kompaniyalari bilan hamkorlik - bularning hammasi mening vazifalarimga kiradi. Yaponiyadagi kompaniyalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, agar siz ishga mas’uliyat bilan yondashsangiz, sizga tobora ko‘proq vazifalar topshiriladi.
Yaponcha mehmondo'stlik madaniyati nima?
Mijozlarga “yana qaytib kelishni xohlayman” degan hissiyotni uyg’otish uchun har bir nozik jihatlarga e'tibor beramiz. Masalan, agar xona almashtirish talabi bo'lsa, imkon qadar ushbu talabni qondiramiz. Maxsus xizmat ko'rsatish orqali mijozlarga ularning biz uchun juda muhim ekanliklarini his qilishlariga yordam beramiz va bu ko'pincha qayta tashrif buyurishlarini ta’minlaydi. "Shu mehmonxonadan foydalanib juda mamnunman " deb aytishlari uchun tabassum bilan muloqot qilishga harakat qilamiz.
O‘zbekistondagi mehmonxonalarda tabassum yoki uzr so‘rash madaniyati Yaponiya kabi keng tarqalmagan deb o‘ylayman. yapon mehmondo‘stlik madaniyati nozik jihatlarga e'tibor qaratishi bilan ajralib turadi va bu madaniyat O‘zbekistonda ham joriy qilinishi kerak deb hisoblayman.
Ishdagi muhim jihatlar
Xorijiy mijozlar uchun ma’lumotlarni ingliz tilida kiritish yoki ingliz tilida xizmat ko‘rsatish ham bo‘lib turadi. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlar ham juda muhimdir. Har qanday ishni yarmida tashlab qo‘ymasdan, oxirigacha o‘zim bajarishga harakat qilaman. Yangi xodimlarga ham shunday yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman. Agar ishni o‘zim bajara olmaydigan vaziyat bo’lsa, uni keyingi kishiga aniq va to‘g‘ri topshirish juda muhim. Aks holda, keyinchalik muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, boshqalar haqida yomon gapirmaslik ham muhimdir.
Mehmonxonada ishlashni xohlovchilar uchun tavsiyalar
Mehmonxona menejmenti bilan shug'ullanish uchun Excel,Word kabi ofis dasturlaridan foydalanish ko'nikmalari kerak bo'ladi. Shuningdek, og’zaki muomala bilan cheklanmay, biznes ish yurituvida eletron xatlarni yozish qobiliyati ham zarur. Yapon tilini hurmat shaklida ishlatish juda muhimdir. Agar siz hurmat shaklida foydalaniladigan so’zlarni yaxshi bilmasangiz, Google yoki sun'iy intellekt saytlaridan foydalanib, oddiy yapon tilini hurmat shakliga o'zgartirishingiz mumkin.
Yaponiyaliklar birinchi marta so’raganingizda juda mehribonlik bilan javob berishadi, lekin xuddi shu savolni 2-3 marta so'rasangiz, ular g'azablanishlari mumkin. Shu sababli, doim yaxshi eslab qolish uchun muhim ma’lumotlarni eslatmaga yozib boring.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid