JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Nagoya universiteti "Yapon huquqini tadqiq qilish markazi"da ish tajribasi haqida

Nagoya universiteti "Yapon huquqini tadqiq qilish markazi"da ish tajribasi haqida

Ism-sharif:  Yoshikawa Takuma
Mehnat faoliyati:  
2016-2021-yillar: Advokat  
2020-2024-yillar: Nagoya universiteti huquqshunoslik fakulteti maxsus o'qituvchisi
Hozirgi ish joyi: 
JICA mutaxassisi (Yaponiyada mehnat imkoniyatlaridan foydalangan holda sanoat kadrlarini rivojlantirish loyihasi)

Nagoya universiteti yapon huquqini tadqiq qilish markazida ishlash tajribasi

2020-yildan 2024-yil fevraligacha men Nagoya universiteti huquqshunoslik fakultetida maxsus o'qituvchi sifatida, Toshkent davlat yuridik universitetida joylashgan Nagoya universitetining “Yapon huquqini tadqiq qilish markazi”da Yaponiyaning konstitutsiyasi va fuqarolik huquqi bo'yicha ma'ruzalar o'qib, maqola yozish va tadqiqot reja tuzish bo'yicha ko’rsatmalar berganman.

O'zbekistondagi qiyinchiliklar

Toshkent davlat yuridik universiteti O'zbekistonning eng nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Nagoya universiteti “Yapon huquqni tadqiq qilish markazi”ga kirgan talabalar juda tirishqoq va o'qishga intilishi yuqori. Darslar haftada 5 kun, har kuni 2 soat bo’lib o'tadi. Barcha huquqshunoslik darslari yapon tilida olib boriladi, shuning uchun talabalar darslarni tushunib olish uchun yapon tilini o'rganishga astoydil harakat qilishadi. Talabalar orasida do'stlik munosabatlari juda kuchli, yuqori kurs talabalari quyi kurs talabariga yapon tili va huquqi haqida tushuntirishlar berib, kechga qadar birgalikda dars qilishadi. Ular juda ochiqko'ngil bo'lib, har kuni ular bilan maroqli vaqt o'tkazdim.

Eng katta qiyinchilik bu huquqshunoslik ta'limining o'zi edi. Yaponiyada va O'zbekistonda huquqshunoslik ta'limini o’qitilish uslubi butunlay boshqacha. O'zbekistonda, asosan, o'qitilgan narsalarni yodlashga katta e'tibor qaratiladi, lekin huquqiy tahlil yoki huquqiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish imkoniyatlari kam. Talabalar yodlashda yaxshi bo'lishsa-da, o'rganganlarini amalda qo'llashda qiynalishadi. Shuningdek, tadqiqot reja yoki maqolani qanday yozish kerakligini o'rgatish deyarli yo'q va bu borada ko’rsatma qila oladigan odamlar ham juda kam. Shuning uchun talabalar ilmiy ish yozishning kerakli bosqichlarini yoki Yaponiya, Yevropa va AQShda talab qilinadigan darajani tushunishda qiynalishadi va yaxshi tadqiqot reja yoki diplom ishi yozish ularga qiyinchilik tug’dirishi mumkin. Ajoyib va o'qishga intilishi baland talabalar bor bo'lsada, ularning potentsialidan to’liq foydalanilmaslik, menda achinish hissini uyg’otadi.

O'zbekistondagi muammolar va imkoniyatlar

Toshkent davlat yuridik universitetida ishlash davomida jamiyatda ko'p muammolar borligini angladim, lekin ayniqsa e'tiborimni tortganlari ichida, asos va mantiqiy izchillikning yetarlicha qadrlanmasligidir. Yuridik universitetdagi ta'limda ham, sud amaliyotida ham, huquqiy maqolalarda ham xulosa keltiriladi, lekin uning sabablari ko’p hollarda ochib berilmagan bo’ladi. Agar asoslar keltirilgan taqdirda ham, ularning huquqiy asosliligi yoki haqiqatga mosligi yetishmaydi. Bu holatning kelib chiqishi sabalaridan biri: Sovet davrida huquqiy ta'lim bilan shug'ullangan rus va yahudiy millatiga mansub odamlar Sovet Ittifoqi parchalangandan so'ng O'zbekistondan chiqib ketishgan va ularning o'rnini huquqni yaxshi tushunmaydigan odamlar egallagan. So‘nggi vaqtlarda xorijda o‘qib kelganlarning o‘qituvchi bo‘lish holatlari ko‘payib, ta'lim tizimida o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirilmoqda. Ammo hozirgi kunda yuridik universitet talabalarga Yaponiya, Yevropa yoki AQShdagi magistratura bosqichida muvaffaqiyatli rivojlanishlari uchun zarur bo‘lgan asosiy bilim va tayyorgarlikni yetarli darajada ta'minlay olmayapti.

Men faqat yuridik universitetdagi (qisman tushunib yetganlarim) holatni bilaman, lekin boshqa ta'lim muassasalari ham shunga o'xshash bo'lsa kerak deb o'ylayman. Hozirgi huquqshunoslik ta'limidagi muammolarni anglagan Yapon huquqi markazi bitiruvchilari faol ravishda darsliklar nashr qilish va yapon huquqi bo'yicha darsliklarni tarjima qilish bilan shug'ullanmoqdalar. Bitiruvchilar orasida Yaponiyadagi universitetlarda professor bo'lib ishlayotganlar ham bor, shuningdek, O'zbekiston va Yaponiyaning turli sohalarida faoliyat yuritayotganlar ham oz emas. Boshqa sohalarda ham ular kabi yuksak maqsadli odamlar borligiga aminman, shuning uchun bu vaqt talab qilsa ham, umid bor deb o'ylayman.

O'zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganlarga

(Asl qo’lyozmada hozirgidan ham ko'proq) Ishlash davomida his qilgan noqulayliklarni yozgan edim, shuning uchun oldindan o'qigan talabalarim, faqat O'zbekistonning muammolari haqida yozgansiz deb ta’kidlashgandi. Lekin bu mamlakatda xavfsizlik yaxshi, garchi yo'l harakati qoidalarining buzilishi bezovta qilsa ham, yashash davomida xavotirlanadigan holatlar juda kam. Yapon huquq markazida tanishgan odamlar bilan o'tkazgan kunlarim men uchun bebaho xotiralar bo'lib qoldi. Talabalarning kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga katta umid bog'layman va intizorlik bilan kutaman. Nagoya universiteti yapon huquq markazi O'zbekistondan tashqari Vetnam, Kambodja va Mo'g'ulistonda ham mavjud bo'lib, har yili ushbu mamlakatlardan talabalar to'planib, ilmiy ishlarini taqdim etishadi. Talabalarning yapon tilini bilish darajasi va huquqiy fikrlash qobiliyatlari mamlakatlar bo'yicha unchalik farq qilmaydi.

Kadrlar salohiyati nuqtai nazaridan, janubi-sharqiy Osiyo bilan taqqoslaganda katta farq ko’zga tashlanmaydi.  Oxir-oqibat, yaxshi imkoniyatlar va uchrashuvlarga yo‘l ochadigan tizim va hamkorlik uchun koridor ochish masalasi muhim. Hozirda men JICA mutaxassisi sifatida O'zbekistondagi sanoat kadrlarini rivojlantirish loyihasida ish faoliyatimni olib boryapman, shu imkoniyatdan foydalangan holda O'zbekiston kadrlarining salohiyatiga qiziqish bildirganlar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishga o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz