JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Advokat bo‘lib, chet ellik ishchilarning huquqlarini himoya qilishni istayman

Advokat bo‘lib, chet ellik ishchilarning huquqlarini himoya qilishni istayman

Yapon tili ko‘nikmalarini oshirish orqali, o‘qish xarajatlaridan ozod bo’lish va stipendiya olish mumkin

Rahimov Anvarbek

(1999-yilda, Xorazm viloyatida tug‘ilgan)
2015-2018-yillar: Urganch tadbirkorlik va servis kasb-hunar kolleji (O‘zbekiston, Urganch shahri)
2018-yil dekabr – 2019-yil mart: Yapon tili kursi (WELL Studies, O‘zbekiston, Urganch shahri)
2019-2021-yillar:  Kamiyama Yapon tili maktabi (Yaponiya, Nagoya)
2021-yildan hozirgi kungacha: Meijo Universiteti huquq fakulteti (Yaponiya, Nagoya Tenpaku kampusi)

O‘zim haqimda

Men bolaligimdan advokat bo‘lib, odamlarning huquqlarini himoya qilishni orzu qilardim. Huquqshunoslikni o‘rganish uchun O‘zbekistonga yaqin huquqiy tizimi bo‘lgan mamlakatni tanlashni o‘ylab, Yaponiyaga o‘qishga borishga qaror qildim. Yaponiyada muvaffaqiyatli keryera qilish uchun yapon tili zarur ekanligini tushundim va avvaliga Xorazm viloyatidagi yapon tili kursida o‘qishni boshladim. Taxminan 3 oy davomida yapon tilini o‘rganganimdan so‘ng, Nagoyada joylashgan yapon tili maktabiga o‘qishga ketdim.

Yapon tili maktabiga tayyorgarlik

Yapon tili maktabiga kirish uchun tayyorgarlik sifatida avvalo boshlang‘ich darajadagi yapon tili bilimlarini egallash muhim deb o‘ylayman. Chunki darslarda qatnashish bilan birga, Yaponiyada kundalik hayotda ham yapon tilini bilish zarur. Yapon tili maktabida o‘qish uchun turli xarajatlar talab qilinadi: vositachilik kompaniyasi uchun 500 dollar to‘lov, o‘qish uchun 7,800 dollar, aviachiptalar uchun 800 dollar va soatbay ish (arubaito) topguncha yashash xarajatlari uchun 3,000 dollar kerak bo‘ladi.

O‘qishga ketish uchun tayyorgarlik bosqichida, Yaponiyaning madaniyati va turmush tarzi haqida imkon qadar ko‘proq ma'lumot to‘pladim. Yaponiyada hayot O‘zbekistondagi hayotdan sezilarli darajada farq qiladi, shuning uchun Yaponiyaning odob-axloq qoidalari va odatlariga oldindan o’rganish, yangi hayot tarziga oson moslashish uchun juda muhim edi. Shuningdek, yapon tili kursida umumiy suhbatlashuv ko‘nikmalarini egallashim, Yaponiyaga kelganimda til bo’yicha tushunmovchiliklarni yengishimga  yordam berdi.

Yapon tili maktabidan universitetga o‘tish

2019-yildan 2021-yilgacha, Kamiyama Yapon tili maktabida yapon tilini o‘rgandim. Ushbu maktab universitetga kirishga alohida e'tibor qaratadi va Yaponiyada o’qish imtihoni (EJU) tayyorlov darslari asosiy o‘rinda turadi. O‘qish natijasida men Yaponiyada o’qish imtihonidan 292 ball to‘pladim. Ushbu muvaffaqiyatli natija menga kelgusidagi o‘qishga kirish uchun ishonch bag‘ishladi va keyingi bosqichga o‘tishimga imkon berdi.

Meijo universitetiga hujjat topshirish uchun kamida JLPT N2 darajasi talab etiladi. Shuningdek, tanlangan fakultetga qarab talab qilinadigan malakalar ham farq qiladi. Men faqat yapon tili ko‘nikmalarimni oshirish bilan cheklanmasdan, universitetga kirish imtihonlariga ham jiddiy tayyorlandim. Tanlagan universitetimning oldingi yillardagi imtihon savollarini yechib, insho yozish va suhbatga tayyorgarlik ko‘rishga katta ahamiyat berdim. Kirish imtihonlarida ko‘pincha mantiqiy fikrlash talab qilinganligi sababli, o‘z fikrlarimni tartibga solib, ularni insho shaklida ifodalash bo‘yicha mashq qildim. Natijada, Meijo universiteti huquq fakultetiga muvaffaqiyatli qabul qilindim.

Universitet darslari va talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida

Universitet darslari Yaponiyaning yuqori ta'lim standartlariga asoslangan bo‘lib, keng ko’lamdagi bilimlar va mutaxassislik ko‘nikmalarini egallash imkonini berdi. Chet ellik talabalarni qo’llab-quvvatlash maqsadida Student Assistant (SA) tizimi mavjud bo‘lib, bu juda ham manfaatli yordam manbai edi. Ushbu tizim orqali yapon tili bo’yicha qiyinchiliklar yoki universitet hayotiga oid savollar bo’lganda yaponiyalik katta kurs talabalariga murojaat qilish imkoniyati mavjud edi. Bunday yordam tufayli universitetdagi hayotim osonroq va bir maromda o‘tdi.

Shuningdek, darslardan tashqari seminarlar orqali boshqa talabalar bilan fikr almashish va muhokamalar o‘tkazish orqali o‘z fikrlarimni chuqurlashtirish imkonim bo’ldi. Ayniqsa, huquq bo‘yicha seminarlar davomida, haqiqiy sud ishlariga asoslangan muhokamalar o‘tkazish orqali nazariya va amaliyotni bog‘lab o’rganishim juda manfaatli bo’ldi.

O‘qish xarajatlari, ish va stipendiyalar

Men Meijo universitetining o‘qish to‘lovi boshqa xususiy universitetlar bilan solishtirganda ancha arzon deb hisoblayman. Yillik o‘qish to‘lovi taxminan 640,000 yenni tashkil etadi. Bundan tashqari, o‘qish natijalari asosida beriladigan ichki stipendiya tizimi orqali o‘qish to‘lovining yarim qismini to’lashdan ozod qilindim. Ushbu tizim menga ko‘proq vaqtni o‘qishga bag‘ishlash va ishlash uchun ajratadigan vaqtni qisqartirish imkonini berdi.

Men "Uniqlo"da soatbay(arubaito) ishlayman. Ushbu tajriba davomida men Yaponiyaning ish madaniyati va biznes odatlarini o‘rgandim. Yaponiyaning xizmat ko‘rsatish sohasida mijozlarga e’tibor qaratish juda muhim hisoblanadi va bu tajriba orqali men kelajakda jamiyatda foydali bo‘ladigan ko‘nikmalarni rivojlantirdim.

Bundan tashqari, men universitetdan tashqarida ham turli stipendiyalarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Yokoyama Xalqaro Jamg‘armasi va Yoneyama Rotary Jamg‘armasidan olingan stipendiyalar mening turmush xarajatlarim va o‘qish to‘lovimni sezilarli darajada kamaytirdi. Ushbu stipendiya tizimlari, moliyaviy jihatdan xavotirlarsiz va o‘qishga to‘liq e’tibor bergan holda hayot kechirishimga imkon berdi. Shuningdek, jamg‘armalarning faoliyatlarida qatnashib, juda ham qadrli bo’lgan tanishlar orttirish va turli xil tajribalarga ega insonlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

O‘qish davomida darsdan tashqari mashg'ulotlar

O‘qish davomida darsdan tashqari turli mashg'ulotlarda ham faol ishtirok etdim. Masalan, Nagoyadagi maktabda O‘zbekiston haqida taqdimot qilib, turli madaniyatlarni tushunishga o‘z hissamni qo‘shdim. Shuningdek, Aichi prefekturasi hukumati tomonidan tashkil etilgan "Xorijiy talabalarni mahalliy jamiyatga moslashuvi" forumida loyiha guruhining a’zosi sifatida ishtirok etdim va talabalar mahalliy jamiyatga qanday integratsiya qilinishi haqida muhokamalarda qatnashib, o‘z fikrlarimni siyosatga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

Bundan tashqari, “Chunichi” gazeta va Google tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan "Aichi prefekturasi jozibadorligini targ‘ib qilish loyihasi"da ishtirok etdim. Ushbu loyiha orqali Aichi prefekturasining jozibador joylarini ichki va xalqaro miqyosda targ‘ib qilgan holda, mahalliy jamiyat bilan bog‘lanishimni yanada kuchaytirdim.

Shuningdek, men Nagoya O‘zbekiston Do‘stlik Jamiyatida talabalarga yordam beruvchi mas’ul sifatida faoliyat yuritib, yosh avlodga o‘qishga kirish va ta’limga oid maslahatlar berib kelmoqdaman. Maslahatlar va o‘quv seminarlarini o‘tkazib, Yaponiya ta’lim muassasalariga kelayotgan yoshlar uchun yaxshi sharoitlar yaratish uchun yordam bermoqdaman. Ushbu faoliyat orqali jamiyat a’zosi sifatida mas’uliyatimni his qilish orqali, o‘zim ham rivojlantirishga muvaffaq bo‘ldim.

Universitetni tamomlagandan keyingi rejalar

Universitetni tamomlaganimdan so‘ng, men magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirishni rejalashtiryapman. Ayniqsa, xalqaro xususiy huquqqa katta qiziqishim bor va xorijiy ishchilarga tegishli huquqiy masalalar bo‘yicha tadqiqot olib borishni xohlayman. Hozirgi globalizatsiya davrida, turli fuqarolikka mansub insonlarning huquqlarini himoya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, xalqaro xususiy huquq orqali huquqiy tizimlarni tushunishni va O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida ko‘prik bo‘lishni maqsad qilganman.

Kelajakda, O‘zbekistonga qaytib, xalqaro huquqiy bilimlarimdan foydalanib, migrant ishchilarning huquqlarini himoya qilish, shuningdek, O‘zbekistonning huquqiy tizimini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Bundan tashqari, Yaponiyadagi tajribamdan foydalangan holda, O‘zbekiston va Yaponiyaning kompaniyalari o‘rtasida huquqiy yordam ko‘rsatishni ham xohlayman.

O‘zbekistonlik talabalar uchun maslahatlar

O‘zbekistondan Yaponiyaga kelib ta'lim olishni o‘ylayotgan talabalar uchun, avvalo o‘zlarining ta'lim olishdan qanday maqsadlari borligini aniqlab olishlari kerakligini tavsiya qilaman. Shu maqsadga qarab, qanday sharoitlar kerakligini va Yaponiyada bu sharoitlarni qanday qilib olish mumkinligini chuqur o‘ylab ko‘rish kerak. Bundan tashqari, yapon tilini imkon qadar yaxshilab o‘rganish, faqat o‘qishda emas, balki kundalik hayotda ham juda katta yordam beradi.

Shuningdek, Yaponiyadagi hayot O‘zbekistondagi hayotdan keskin farq qilganligi sababli, madaniyat va urf-odatlar o‘rtasidagi farqlarga moslashuvchan munosabatda bo‘lish muhimdir. Boshqa madaniyatda yashash orqali dunyoqarashingiz kengayadi va yangi qadriyatlar orttirishingiz mumkin. Shu sababli, qiyinchiliklarga duch kelganda ham, positiv va kurashuvchan kayfiyatda bo‘lish muvaffaqiyatning asosiy kaliti deb o‘ylayman.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz