Yaponiyada IT muhandisi sifatida faoliyat olib borayotgan o‘zbek yigiti
Yaponiyada IT muhandisi sifatida faoliyat olib borayotgan o‘zbek yigiti
Mustaqil o’qib o’rganish orqali IT muhandisi bo‘lish
Oybek Anapiyayev
(1998-yil, Namanganda tug‘ilgan)
2014-2015: Niigata prefekturasi Minami-Uonuma shahridagi Yamato o‘rta maktabi
2015-2018: O‘zbekistonda Yashnobod kompyuter texnologiyalari kolleji.
2018-2022: TOYO universiteti, Xalqaro munosabatlar fakulteti.
2023-yildan hozirgi kungacha ZOZO kompaniyasida IT muhandis sifatida ishlamoqda.
ZOZO kompaniyasidagi ishimning tafsilotlari
Men, "ZOZOTOWN" moda internet do‘konini boshqaruvchi ZOZO kompaniyasida (Chiba shahrida) tizimlarni rivojlantirish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi muhandis sifatida ishlayman. Aniq qilib aytganda, "ZOZOTOWN"ga yangi funksiyalar qo‘shish uchun dasturlar yozaman, tizimdagi xatolarni to‘g‘rilash va texnik xizmatlarni amalga oshiraman. TOYO universitetini tamomlaganimdan so‘ng, bir nechta yapon kompaniyalaridan ish takliflarini oldim. Ular orasida IT texnologiyalaridan foydalangan holda moda sohasini rivojlantirayotgan va iste’molchilarning hayotini qulaylashtirishga hissa qo‘shayotgan ZOZO kompaniyasi menga ma'qul bo‘ldi va shu kompaniyaga ishga kirishga qaror qildim.
Yaponiyaga ilk tashrifim
Yaponiyaga birinchi marta 2014-yilda, 15 yoshimda keldim. Otam Yaponiyaning universitetida magistraturaga o‘qishga kirdi, shuning uchun butun oilamiz bilan Yaponiyaga ko‘chib keldik. Men Niigata prefekturasi Minami-Uonuma shahridagi Yamato o‘rta maktabiga o‘qishga kirdim, lekin dastlab yapon tilini umuman tushunmasdim, shuningdek, darslarni anglash va sinfdoshlarim bilan muloqotga kirishish qiyin bo‘ldi.
Shunday sharoitda, o‘qituvchim va sinfdoshlarimning yordami bilan men yapon tilini o‘rganishga harakat qildim. Dars davomida o‘qituvchim ingliz tiliga tarjima qilib berar, sinfdoshlarim esa bo’sh vaqtlarda meni qo‘llab-quvvatlashardi, shular orqali dars mazmunini asta-sekin tushunib bordim va maktabni muvaffaqiyatli tamomladim.
Ingliz tilini bilish orqali stipendiya qo‘lga kiritib, Yaponiya universitetiga o‘qishga kirish
O‘zbekistonga qaytgach, Yashnobod kompyuter texnologiyalari kollejiga kirib, kompyuter muhandisligini o‘rgandim. Shu bilan birga, yapon tilini o‘rganishni davom ettirdim va 2017-yilda JLPT N2 darajasini qo‘lga kiritdim.
Yaponiyadagi universitetga o‘qishga kirish uchun Toshkentdagi o‘quv markazida ingliz tili va matematikadan tayyorgarlik ko‘rib, IELTS imtihonidan 7.0 ball oldim. Shu orqali Yaponiyadagi ta'lim va yashash xarajatlarini qoplash uchun Yaponiya hukumatidan stipendiya olish imkoniga ega bo‘ldim.
Universitetda darslar ingliz tilida o‘tildi va men moliya, marketing, statistika va xalqaro munosabatlar kabi fanlarni o‘rgandim. Bundan tashqari, darsdan tashqari vaqtlarda IT ko‘nikmalarimni mustaqil ravishda rivojlantirishga harakat qildim.
Mustaqil o’rganish orqali IT muhandisi bo‘lish mumkin!
O‘zbekistonda IT muhandisi bo‘lishni istayotgan yoshlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Men esa universitetda xalqaro munosabatlarni o‘rganganim uchun dastlab IT haqida hech qanday bilimga ega emas edim.
Universitetning uchinchi kursida IT sohasiga qiziqib, o‘zim mustaqil ravishda HTML, CSS, JavaScript, React, Node.js, Git va Github kabi texnologiyalarni o‘rgandim va hozirgi ishimga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Mening mustaqil tayyorgarlik jarayonim ikki bosqichdan iborat edi:
IT haqidagi bilimlarni oshirish uchun tanishlarni ko’paytirdim, seminarlar qatnashdim va YouTube videolaridan ham foydalandim.
Free Code Camp va Codecademy kabi platformalar orqali bilimlarimni chuqurlashtirdim.
IT muhandisi bo‘lish uchun universitet yoki kasb-hunar maktabga borish ham bir tanlov bo’lib, lekin mustaqil o‘rganish uchun ham ko‘plab resurslar va platformalar mavjud.
Ish qidirish jarayonida muvaffaqiyatga erishishning siri - bu tayyorgarlikni erta boshlashdir.
IT muhandisi bo‘lishni istaganlarga ikki tavsiyam bor. Birinchisi, imkon qadar erta ish qidirish jarayonini boshlashdir. Yaponiyada universitetni tamomlashdan bir yil oldin ish qidirish boshlanadi, lekin xorijiy kompaniyalarda bu jarayon yanada erta bo‘lishi mumkin. Tayyorlikni erta boshlash orqali o‘z imkoniyatlaringizni sinab ko‘rish va turli kompaniyalarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lasiz.
Ikkinchisi, imkon qadar ko‘proq amaliy tajriba orttirishdir. IT muhandisi uchun saralash jarayonida 1) hujjatlarni ko‘rib chiqish, 2) Kod yozish testi, 3) suhbat bor. Ayniqsa, Kod yozish testi juda muhim bo‘lib, bunda muammolarni kod orqali hal qilish ko‘nikmasi talab qilinadi. Amaliy tajriba bo‘lmasa, bu testda muvaffaqiyat o’tish qiyin bo‘ladi, shuning uchun oldindan tayyorlanish muhimdir.
Kod yozish testlarini o‘rganish uchun quyidagi saytlarni havola qilamiz:
Amaliy tajriba orttirishning yana bir usuli — stajirovka va loyihalarda ishtirok etishdir. Yaponiyada ko‘plab stajirovka imkoniyatlari mavjud, shuning uchun bu imkoniyatlardan foydalaning.
Kelajakdagi maqsadlarim va vatandosh yoshlar uchun tavsiyalar
Kelajakda ZOZOda men muhandis sifatidagi ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirish bilan birga, onlayn savdo va bu soha haqidagi tushunchalarimni chuqurlashtirishni istayman. Shuningdek, menejment lavozimigacha ko’tarilib, jamoani boshqarish va yangi loyihalarda ishlashni xohlayman.
Bundan tashqari, vatandosh yoshlarga maslahat bermoqchiman. Yaponiyada yashash va ishlashga qiziqqanlar avvalo Yaponiya haqida yaxshi ma’lumot to‘plashlari muhim. Yaponiyada muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud va yordam beradigan odamlar ham bor. O‘z orzularingiz va maqsadlaringiz sari intilib, doimo o‘rganish va yangi sinovlarga tayyor turishni unutmang.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid