O'zbekistonlik qizning xalqaro miqyosdagi faoliyati haqida
O'zbekistonlik qizning xalqaro miqyosdagi faoliyati haqida
Yapon tili va yapon madaniyati ishonchli munosabatlar qurishning kaliti
Sitora Muydinova
(Farg’ona viloyatida tug’ilgan)
2009-2014-yillar Noriko maktabi
2011-2014-yillar Pedagogika va iqtisodiyot kolleji (Rishton, Farg’ona)
2015-2017-yillar Tokyo xalqaro almashinuv kolleji
2017-2021-yillar Musashino universiteti, Xalqaro munosabatlar fakulteti
2021-2022-oktabr yillar “Pharma foods” savdo bo‘limi xodimi
2022-yildan-hozirgacha Kameda Seika kompaniyasi, tashqi savdo bo’limi xodimi
Noriko maktabida yapon tilini o’rganish
Men bolaligimda "Oshin" teleko‘rsatuvini ko‘rib, Yaponiyaga bo’lgan qiziqishim paydo bo’ldi. Ayniqsa, yaponlarning kiygan chiroyli kimonolari va an’anaviy soch turmagi meni o’ziga rom etdi. Shundan so‘ng, "bir kun o‘zim ham kimono kiyib ko‘raman" degan orzu paydo bo‘ldi. Men yashagan hududda yapon tilini o‘rgatadigan "Noriko maktabi" bor edi va o‘sha yerda kimono kiyish imkoniyati bo‘lishi mumkin deb o‘ylab, 9 yoshimda shu maktabga borib, yapon tilini o‘rgana boshladim.
Keyinchalik, men kollejga kirdim va 2-kursligimda (15 yoshimda) hayotimda katta burilish sodir bo‘ldi. Menga Noriko maktabining vakili sifatida Markaziy Osiyo notiqlik san’ati musobaqasida ishtirok etish imkoniyati berildi. Bu musobaqada yaxshi natijalarga erishish uchun yapon tilini o‘rganishga yanada ko‘proq kuch berdim. Har kuni musobaqaga tayyorlanib, nutqning mazmuni va talaffuzini mukammallashtirish uchun bor kuchim bilan mashq qildim. Bu tayyorgarlik orqali yapon tili darajam sezilarli o'sdi va tilga bo‘lgan ishonchim yanada oshdi.
Yapon tilini o‘rganishda qo‘llagan usullarim
Men yapon tilini o‘rganayotganda, yozishdan ko‘ra kim bilandir gaplashib o’rganishga ko’proq ahamiyat berganman. Suhbat orqali tilni o‘rganish men uchun yanada zavqli va samarali ekanini his qildim. Gapirayotganda xatolarga yo‘l qo‘ysam ham, gapirishdan to‘xtamasdan, davom ettirishga harakat qildim. Shu tarzda, tabiiy ravishda o‘z-o‘zimga ishonchim ortdi va muloqot qilish ko‘nikmalarim yaxshilandi.
Bundan tashqari, so‘zlarni yodlayotganda, ularning kanji (iyeroglif) bilan birga o‘rganishga harakat qildim. So‘z va kanjini birga yodlab, o‘qish va yozish ko‘nikmalarim ham rivojlandi.
Men o‘qigan "Noriko maktabi"da yapon o‘qituvchisi yo‘q edi, shuning uchun katta sinf talabasi sifatida ko‘pincha kichik sinf o‘quvchilariga yapon tilini o‘rgatardim. Shu o‘qitish davomida shuni angladimki, faqat o‘rganishdan ko‘ra, o'rganganlarimni boshqalarga o‘rgatish orqali yapon tili darajam yanada tezroq rivojlandi.
Tokiodagi yapon tili maktabiga o‘qishga ketish va universitetga kirish
Men Yaponiyaga yapon tili maktabiga o‘qishga ketishimning eng katta sabablaridan biri, O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganish uchun yetarli darajada muhit yo’qligida edi. O‘zbekistonda ham yapon tilini o‘rganish mumkin edi, lekin ayniqsa kanjini (iyerogliflari) o‘rganish qiyin bo‘lib, o‘rgangan kanjilarim tezda esimdan chiqib ketardi. Masalan, yangi kanjini yodlab olganimdan ikki kun o‘tib, uni unutib qo‘yardim. Ammo Yaponiyaning ko‘chalarida yurganimda, kanjilarni har qadamda uchratardim va ularni ko‘rib o‘rgangan narsalarimni eslab qolish osonroq bo‘lardi. Shu tarzda men o‘rgangan kanjilarni kundalik hayotda ko‘rib, eslab qolishim ancha osonlashdi.
Men Yaponiyaga kelishdan oldin, yapon tilidan JLPT N2 darajasini qo‘lga kiritgan edim, lekin yapon tilini yanada rivojlantirish uchun yapon tili maktabida o‘qishga qaror qildim. 17 yoshimda Yaponiyaga kelib, 6 oy yapon tilini o‘rgangach, JLPT N1 darajasini qo'lga kiritdim. Shuningdek, faqat yapon tilini o’zi bilan cheklanib qolmasdan, ingliz tilini ham yaxshilash uchun TOEIC imtihoniga tayyorlandim va imtihon topshirib 700 ballni qo’lga kiritdim. Shu natijada, Musashino universitetiga qabul qilindim.
Talabalik xarajatlari qanday bo‘lgan
Men yapon tili maktabiga o‘qishga kelganimda o‘qish uchun dastlabki to‘lov 1.200.000 yen edi, lekin omad kulib, bu miqdorning yarmini to’lashdan ozod qilindim va men faqat 600.000 yen to‘ladim. Yotoqxona xarajatlari bir yil uchun 200.000 yen bo‘lib, boshqa mayda xarajatlar har oyda taxminan 50.000 yen atrofida bo‘lgan. Transport xarajatlari deyarli yo‘q edi, chunki yotoqxonadan maktabgacha piyoda 5 daqiqani yetib borardim, bu esa juda qulay bo‘lgan.
Universitetda o‘qish to‘lovi ham 1.200.000 yen edi, lekin men JLPT N1, TOEIC, yapon tilida biznes imtihonlari va Yaponiyada ta’lim olish imtihonlaridan yuqori ball olganim uchun, birinchi kursda faqat 200.000 yen to‘ladim. Ikkinchi kursdan to‘rtinchi kursgacha har yili 600.000 yen to‘ladim, lekin universitet hayoti davomida boshqa xarajatlar ham ortdi. Yapon universitetlari ko‘pincha yapon va ingliz tilini yaxshi biladigan talabalarga grantlar va o‘qish uchun chegirmalar taklif qiladi.
Yaponiya universiteti vaqtidagi qiyinchilik
Men uchun Yaponiya universitetidagi hayotda eng qiyin bo‘lgan holatlardan biri yotoqxonada yashash edi. Xonadoshim doim bezovta qilardi. Men charchab uxlamoqchi bo‘lgan paytimda, u baland ovozda musiqa qo‘yib, ba’zida xonada raqsga tushib, mening dam olishimga halal berardi. Agar yotoqxonada yashashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, albatta xonadoshingiz kim bo‘lishini bilib oling va birgalikda yashash qoidalarini kelishib olishingizni maslahat beraman.
Shuningdek, men o’qigan sinfda 29 nafar talaba bor edi va ular orasida yagona o‘zbekistonlik men edim. Boshqa talabalar faqat yapon bo’lganligi uchun, dastlab do‘st orttirish men uchun juda qiyin tuyuldi. O‘zim faol bo‘lib, sinfdoshlarimga savollar berishga harakat qildim. Dastlab tortingan bo’lsam ham, asta-sekin ular bilan muloqotim yaxshilab va shu tarzda yapon do‘stlar orttirdim.
Soatbay ish (arubaito) tajribasi
O‘qish davrida nafaqat o‘qish, balki arubaito ishlarda ham ishlardim. Chet ellik talabalarga ish soati haftasiga 28 soatlik cheklov bo’lganligi sababli, men yuqori soatbay ish haqi beriladigan joylarni izlab topardim. O‘qishdan keyin “Odaiba” kampusidagi ZARA do‘konida haftada 3 marta ishlardim. Shuningdek, yapon taomlari restorani “En”da ham ishladim, kassa hisobi va mijozlarga xizmat ko’rsatish kabi turli vazifalarni bajardim. Bu yerda soatbay ish haqi 1700 yen bo‘lgan, asosiy ish vaqtidan tashqari vaqtlarda ishlaganimda har bir soatiga yana 200 yen qo‘shimcha to‘lanardi. Yarim kunlik ish tajribasi nafaqat til, balki yapon ish uslubi va biznes odatlarni o‘rganishda ham juda foydali bo‘ldi.
Ishga kirish uchun tayyorgarlik va ishga kirgandan keyingi taassurotlar
Men ishga kirish jarayonimni turli kompaniyalar tomonidan o‘tkazilgan taqdimotlarda ishtirok etishdan boshladim. Taqdimotlarda kompaniyalarning faoliyat maqsadi va ish usullari haqida batafsil o‘rganib, o‘zimga mos kompaniyani topishga harakat qildim. Ammo, har qanday ish bo’lsa ham "ishlayveraman" degan yengil qarash bilan emas, o‘zimga haqiqatan mos keladigan ish joyini topish muhimligini his qildim. Ishga kirganimdan so‘ng , 2 hafta davomida ish faoliyati bilan tanishuv mashg‘ulotlari o’tkazildi, ushbu muddat kompaniya qoidalari va ish jarayonlarini o‘rganish uchun juda muhim bo‘ldi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida meni diqqatimni tortgan ikki jihatlar — muhim ma’lumotlarni yozib olish va tushunmagan narsalarni darhol so‘rash edi. Yozib olingan ma’lumotlar keyinchalik ish davomida foydalanish va ishni bir maromda davom ettirishga yordam berdi. Shuningdek, ish haqida ko’proq savol berish orqali tushunarsiz holatlarni tezda anglab oldim. Ushbu ikki jihatga e'tibor berish orqali, o‘quv jarayonidan batafsil ma’lumotlar olishga va yangi ish joyiga tezda moslashishga muvaffaq bo‘ldim.
Yaponiya kompaniyalari o‘zbekistonlik qiz sifatida ishlash
Yaponiya kompaniyalari o‘zbekistonlik qiz va ayollar uchun ham qulay ish muhiti yaratadi. Ayniqsa, gender tengligi rivojlangan bo‘lib, jins bilan bog‘liq kamsitishlarga duch kelmaysiz, shuningdek hech qanday ikkilanishlarsiz o‘z fikrini aniq va ochiq aytish muhim deb hisoblanadi.
Biroq, ishning qulayligi ko‘pincha ish muhitiga yoki hamkasblarning xarakteriga bog‘liq bo‘ladi, shuning bilan birga, faol ravishda o‘z fikrini bildirishga tayyor bo‘lish yaxshi ish muhitini shakllantirishga yordam beradi.
Yapon kompaniyasida o‘rganganlarim
Yaponiyaning biznes odoblariga o‘rganib qolganingizda, boshqa mamlakatlarning ishlash odatlariga o’rganishda qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Masalan, Yaponiyada muzokaralar vaqtida albatta muhim ma’lumotlarni yozib olish odati mavjud bo‘lib, chet elda bunday odat shaklanmaganligi, buning oqibatida muhim ma’lumotlarni unutib qo’yish ehtimoli borligi meni xavotirga soladi. Yaponiyada esa muzokaralar va yig‘ilishlarda kerakli ma’lumotlarni yozib olish juda muhim hisoblanadi va bu ma’lumotlarni unutib qo’ymaslik uchun asosiy ish odatlaridan biri sifatida ko‘riladi.
Tashrif qog’ozini (vizitkani) almashganimizdan so‘ng, agar o‘sha shaxs kelajakdagi ish faoliyatimda muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblasam, albatta u bilan bog‘lanib, yaqin aloqalarni o‘rnatishga harakat qilaman. Buning natijasida, keyingi biznes aloqalarimni shakllantirish juda oson bo‘ladi.
Yapon kompaniyalari o‘z xodimlarining ko’nikmalarini rivojlantirishni juda qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, men ishlayotgan kompaniyada TOEIC imtihonida 500 ball to‘plaganimda 100,000 yen bonus, 700 ball olganimda esa 300,000 yen bonus oldim. Bundan tashqari, kompaniya turli malaka oshirish kurslarini tashkil etib, mening o‘z sohamda bilimlarimni rivojlantirishimga yordam beradi.
Kelajakda Yaponiyaga keladigan o’zbekistonlik qiz va ayollarga maslahatlar
Yaponiyada o‘zbekistonlik qiz va ayollar ko‘p emas, lekin agar ota-onalar Yaponiya boshqa mamlakatlarga nisbatan xavfsiz ekanligini tushunsalar, kelajakda Yaponiyada ishlash yoki o‘qish uchun keladigan o‘zbekistonlik qiz va ayollar soni ortadi deb o‘ylayman.
Yaponiyaga kelishdan oldin, maqsadingizni aniq belgilab oling. Ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq mas'uliyatga ega bo‘lishlari va reja tuzib kelishlari kerak. Har bir inson 5 yoki 10 yillik reja tuzib, shu rejalarni amalga oshirish uchun kuchli iroda va qat’iyat bilan harakat qilishi kerak. Yaponiya rivojlangan davlat bo‘lib, agar Yaponiyada o‘z ustingizda ishlab muvaffaqiyat qozonsangiz, dunyo miqyosida faoliyat yurita oladigan kadr bo‘lib yetishishingiz aniq.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid