JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yapon tili maktabida ta’lim olish

Yapon tili maktabida ta’lim olish

Faqatgina yapon tili emas, Yaponiya jamiyati va madaniyatini ham o’rganish imkoniyati

Mirtursunov Mirkamoliddin

(2004-yil, Toshkent shahrida tug’ilgan)
2020-2022-yillar: Yuqori maktabni tamomlagan (Toshkent shahri 34-maktab)
2022-2023-yillar: UJC-"O'zbekiston-Yaponiya markazi" (O'zbekiston, Toshkent shahri)
2023-2025-yillar: Akamonkai yapon tili maktabi (Yaponiya, Tokio)

O’zim haqimda

Men o‘rta maktabda jahon tarixi darslari orqali Yaponiya haqida o’rgandim. O‘qishdan bo‘sh vaqtda internet orqali Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi biznesga oid yangiliklarni kuzatib bordim va iqtisodiyotga oid bilimlarimni chuqurlashtirdim. Ayniqsa, Yaponiya yuqori iqtisodiy o‘sishga erishganiga qiziqishim oshdi, shuningdek, bu orqali ushbu davlatning iqtisodiyot va madaniyatga bo‘lgan qiziqishim kuchaydi. Shu sababli, Yapon tili o‘quv markaziga (Uzbekistan Japan Center) qatnashni boshladim va nihoyat, O‘zbekistonda o‘rta maktabni tugatganimdan so‘ng, Yaponiya universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qishni qaror qildim. Hozirda Tokio shahridagi Yapon tili maktabida o‘qimoqdaman va 2-kurs talabasiman.

Yapon tili maktabiga tayyorgarlik

Yaponiya o'ziga xos madaniyati va go'zal manzaralarining jozibadorligi bilan chet elliklarni o’ziga rom etadigan mamlakat hisoblanadi. Yaponiyaga ko'chib o'tishni xohlaydigan chet elliklar uchun yapon tili maktabi muhim qadam hisoblayman. Men ham yapon tili maktabini birinchi maqsad sifatida belgilab, O‘zbekistonda vositachi kompaniya orqali maktabni tanlashda bo’yicha tushuntirish oldim. Yaponiya O‘zbekistonga nisbatan narxlari baland bo‘lgan mamlakat bo‘lgani uchun mablag‘ to’plash qiyin bo‘ldi. Vositachi kompaniyaga 1 000 AQSH dollari, yapon tili maktabining to'lovi uchun 6 600 AQSH dollari (1 yillik to’lov), yashash xarajatlari uchun 4 000 AQSH dollari kerak bo‘ldi, jami 10 000 AQSH dollardan oshiq mablag‘ talab qilindi.

Yapon tili maktabidagi darslar haqida

Men tahsil olayotgan yapon tili maktabida o'quvchilarning maqsadlariga qarab kurslar bo'lingan. Ish topishni maqsad qilganlar uchun biznes suhbatlariga yo‘naltirilgan kurs, universitetga kirishni rejalashtirganlar uchun esa yapon tili bilim darajasini aniqlovchi imtihon (JLPT) yoki Yaponiya ta'lim imtihoniga (EJU) tayyorgarlik kurslari mavjud. Men ikki yillik tayyorgarlik kursida o‘qib, Yaponiya universitetiga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘ryapman.

Darslar haftasiga 5 kun, kuniga 4 ta dars (45 minut/har bir dars) bo'lib o'tadi va men ertalabki darslarga qatnashman. Maktabimiz xalqaro muhitga ega bo‘lib, bir sinfda o‘rtacha 20 nafar o‘quvchi bor, lekin bir millat vakillari ulushi 30 foizdan oshmaydi. Sinfimizda Sharqiy Osiyodan kelgan o‘quvchilar ko‘p, shuningdek, AQSH va Buyuk Britaniyadan ham talabalar bor. Universitetga kirishni maqsad qilgan sinfdoshlarim 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan keng yosh doirasini tashkil qiladi. Darslarda grammatika, so'z boyligi, kanji (ieroglif), tinglab tushunish kabi asoslar puxta o’rganamiz va sinfda taqdimotlar tayyorlash darslari ham o'tkaziladi. Maktabdan tashqarida esa kaligrafiya (yozuv san'ati) va suhbat qilish darslari, yaponlar bilan madaniy almashinuv tadbirlari mavjud bo‘lib, har yili bir marta notiqlik san’ati tanlovi ham o‘tkaziladi.

Soatbay ishlash (arubaito) haqida

Yaponiyaga kelganimdan bir oy o'tib, internetdagi "TownWork" saytida konbini (Lawson) do'konida soatbay ish topdim va suhbatdan muvaffaqiyatli o'tdim. Men Yaponiyaning konbini do'konlari qanday boshqarilishini o'rganishni xohlaganim uchun konbinida ishlashni tanladim. Keyinchalik, mehmonxonada ham yarim kunlik ish boshladim. Yaponiyadagi ziyofatlar va to'y marosimlari bo'yicha ham tajriba orttirdim va ishlash vaqtini vositachi kompaniya orqali moslab ishlayapman. Haftasiga taxminan 26 soat ishlayman va ishim yapon tili muhitida bo'lgani uchun, yapon tilida suhbatlashish qobiliyatimni rivojlantirishga katta yordam bermoqda. Soatbay ishda birinchi marta ishlayotgan chet elliklar ham xavotirsiz ishlay olishadi. Yaponiyada, katta tajribali hamkasblar va boshliqlar ishlashni o’rgatishadi lekin shunda ham kundalik muloqot darajasidagi yapon tili talab qilinadi. 6 oydan ortiq ishlaganda, to’lovli dam olish kunlaridan foydalanish huquqiga ega bo’lasiz va uzoq vaqt davomida ishlash orqali lavozimni ko'tarish imkoniyatlari ham mavjud. Yaponiyada bir ish joyida uzoq vaqt ishlash juda muhimdir.

Soatbay ishlash davomidagi daromad va xarajatlar

Hozirda konbini va mehmonxonadagi soatbay ishlarimning daromadi yashash xarajatlarini qoplash uchun yetarli, lekin o‘qish uchun to‘lovni qoplay olmaydi. Shu sababli, ota-onamning moddiy yordamlarini qabul qilib, o‘qishimni davom ettiryapman. Faqat yarim kunlik ish bilan o‘qish xarajatlarini qoplash qiyin bo'lgani uchun, O‘zbekistonda yashayotgan oilamning qo‘llab-quvvatlashi juda muhimdir. Aslida Yaponiya qonunchiligida chet eldan kelgan talabalar haftasiga 28 soatdan ortiq ishlashi taqiqlangan. Agar qoidaga rioya qilinmasa viza uzaytirilmaydi. Shuning uchun ehtiyot bo’lish kerak. 

Yaponiyadagi qiyinchiliklar

O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganib, yapon tili bilish darajasi (JLPT) N2 imtihonidan o‘tganligim sababli til bilan bog‘liq katta qiyinchiliklarim bo‘lmadi. Ammo bir necha qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Ayniqsa, Yaponiyaga kelganimning dastlabki davrida jamoat transportidan foydalanish va yashash xarajatlarini boshqarish qiyin bo‘ldi. Yaponiya narxlari O‘zbekistonga qaraganda ancha yuqori bo‘lib, ayniqsa dastlabki bir necha oyda yashash xarajatlarini kamaytirish uchun tejamkorlikka alohida e’tibor bergan holda yashadim. Shuningdek, bank hisob raqamini ochish va davlat xizmatlaridan foydalanish kabi kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan jarayonlarga moslashish biroz vaqt talab qildi, lekin atrofimdagi odamlarning yordami bilan asta-sekin moslasha oldim.

Yapon tili maktabini tamomlagandan keyingi reja

Yaponiyaga kelishimning sabablaridan biri universitetga kirish edi. Hozirda imtihonlarga tayyorgarlik ko'rib, ochiq eshiklar kuni (open campus) va xalqaro talabalar uchun mo‘ljallangan taqdimotlarda qatnashyapman. Maqsadim Yaponiya ta’lim imtihoni (EJU) va JLPT N1 imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tishdir. Ba’zi universitetlar ingliz tilida ham sertifikat talab qiladi, shuning uchun oldindan kirish niyatim bo‘lgan universitetlarni tanlab, tayyorgarlikni boshladim. Hozirda bir nechta universitetga hujjat topshiryapman.

Yaponiyadagi kundalik hayot

Yaponiyada talabalik hayoti juda qiziqarli. Dam olish kunlari Kanto (Tokyo metropoliteniga chegaradosh prefekturalar) mintaqasiga bir kunlik sayohatlar uyushtiraman yoki do‘stlarim bilan diqqatga sazovor joylarga tashrif buyuraman. Shuningdek, volontyorlik harakatlari va madaniyatlararo almashinuvlarda faol ishtirok etib, Yaponiyaning turli xil xizmat va inshootlaridan bahramand bo‘lmoqdaman. Yaponiyada yashash juda qulay ekanini his qilyapman.

Kelajakda Yaponiyaga keladigan O‘zbekistonlik talabalarga maslahatlar

Yaponiyaga kelishdan oldin o'rta darajadagi yapon tilini o‘rganib olishingizni tavsiya qilaman. Shuningdek, aniq bir maqsad bilan kelish juda muhimdir. Yaponiya — orzular amalga oshadigan mamlakat. Bor kuchingiz bilan harakat qilsangiz, imkonsiz narsaning o’zi yo’q. Yapon tili maktabini tanlashda, maktabning oliy o‘quv yurtiga tayyorlash dasturlari, talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi va ishga joylashish dasturlari mavjudligini haqidagi ma’lumotlarni tekshirish muhimdir. Yaponiyaga kelishdan oldin aniq reja tuzib olish orqali muvaffaqiyat sari yo‘l ochiladi. Yaponiyada o’z kuchingiz bilan qilgan harakatlaringiz natija beradi.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz