JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Yaponiyada yashayotgan katta o'zbek oilasi

Yaponiyada yashayotgan katta o'zbek oilasi

Sog'liqni saqlash va ta'lim bu Yaponiyadagi hayotning jozibasidir!

Nigina Solieva

Oilaviy holati: Turmush o’rtog’i va 4 nafar farzandi bilan Tokioda yashaydi
Yoshi: 34
Yaponiyaga kelgan yili: 2013-yil
Tug‘ilgan joyi: Samarqand
Turmush o’rtog’i: Mirov Farhod (Turizm sohasida ishlaydi)

Yaponiyaga ko‘chib o‘tish

Men, Solieva Nigina O‘zbekistonning Samarqand viloyatidanman. Turmush o’rtog’im 2011-yilda yapon tili maktabida oʻqishga kelgan va keyinchalik turistik kompaniyada ishlay boshlagach, menda ham Yaponiyaga borish xohishi paydo bo’ldi. 2013-yilda turmush o’rtog’im ishga joylashganligi tufayli oʻgʻlim bilan birga Yaponiyaga keldim. Dastlab, til bilmaslik va halol oziq-ovqat topishdagi noqulayliklar tufayli ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldim, ammo asta-sekin yapon tilini oʻrganib, hayotga moslasha boshladim.

Kundalik hayotdagi harakatlar

Dastlab, do‘konlardan xarid qilayotganimda yapon tilini tushunmaganligim sababli suratlarni ko‘rsatib, qandaydir tarzda ishni hal qilardim. Farzandlarim Yaponiya maktabiga qatnay boshlagach, ulardan yapon tilini o‘rganish orqali hayotim yengillashdi. Yaponiya tibbiyot va ta’lim tizimi haqiqatan yaxshi ishlab chiqilgan va bizga juda katta yordam berdi. Hozirda farzandlarimdan biri o‘rta maktabning 3-sinfida, ikkinchisi boshlang‘ich maktabning 3-sinfida, uchinchisi boshlang‘ich maktabning 1-sinfida, to‘rtinchisi esa bolalar bog‘chasiga boradi. Uchinchi farzanddan boshlab bolalar bog‘chasi tekin, shuningdek, tibbiy xizmat, dorilar va stomatologik xizmatlar ham  bolalar uchun tekin.

Xavfsiz va xotirjam kundalik hayot

Yaponiyada yashashda eng ko'p xotirjamlik beradigan narsa uning xavfsizligidir. Tokio kabi katta shaharda yashasam ham, kech bo‘lgan vaqtda ham tashqarida yurganimda deyarli hech qachon xavfni his qilmaganman. Ayniqsa, bolalar maktabga qatnayotganda ularning xavfsizligi nisbatan  xavotirsizligi, minnatdorchilik hissini uyg’otadi.

Bir kuni o‘g‘lim do‘stining uyiga o‘ynashga borganida, u yolg‘iz o‘zi poyezdda qaytadigan bo‘ldi. Dastlab, bu hol meni juda tashvishlantirdi, lekin Yaponiyada bolalarning yolg‘iz o‘zi jamoat transportidan foydalanishi odatiy hol. Poyezd stansiyasining xodimlari va atrofdagi kattalar bunday vaziyatda yordam berish odati shakillangan, shuning uchun o‘g‘lim hech qanday muammosiz uyiga qaytdi. O‘sha vaqtda, “Yaponiya, haqiqatan ham bolalarning yolg‘iz o’zi xavfsiz harakatlana olishi mumkin bo’lgan mamlakat” deb o‘yladim.

Bundan tashqari, shaharda ko‘plab kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va politsiya patruli tez-tez olib boriladi, bu esa jinoyat yoki ko’gilsizliklarni kamaytiradi va odamlar xotirjam yashashi uchun imkoniyat yaratadi. Bolalar tashqarida o‘ynab turganlarida xavotirlanmasam ham bo‘ladi. Shu jihatdan ham Yaponiyani butun oila uchun xotirjamlikda yashash mumkin bo‘lgan mamlakat deb hisoblayman.

Soatbay ishlash orqali bilimlarni oshirish

Oilaviy yashash vizasi bilan ishlash mumkinligini bilmasdan, taxminan 3 yil uyda bo‘ldim. Keyin do‘stim menga “ruxsat berilgan faoliyatdan boshqa faoliyat bilan shug’ullanish (資格外活動許可証 )ya’ni soatbay ishlash ruxsatnomasini qanday olishni o‘rgatdi va 2016-yildan boshlab konbini(mini-market) va Burger Kingda soatbay ishlashni boshladim. Yaponiyada soatbay ishga kirayotganda ham muayyan jarayonlar bor, rezyume yozish va suhbat vaqtini oldindan kelishib olish kerak. Mening yapon tilini bilish darajam yaxshi bo‘lmaganligi sababli, rezyume yozishda turmush o’rtog’im menga yordam berdi. Telefon orqali bemalol gapira olmas edim, shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘konga borib, so‘rab ko‘rardim. Yapon tilini yaxshilab o’rganib olganim sayin, mijozlar bilan ishlash vazifasini menga ishonib topshirishni boshlashdi. Men ko’proq Burger Kingdagi ishiga mos deb bilib, butun kuchimni sarflab harakat qildim. 2018-yilda esa Burger King bosh ofisidan mijozlarga xizmat ko‘rsatishga bo’lgan ko’nikmam munosib baholanib, oltin nishon bilan taqdirlandim va smena menejerligi lavozimigacha ko‘tarildim.

 

Yashash xarajatlari boshqaruvi

Yaponiyada oilaning umumiy xarajatlarini boshqarish qiyin, lekin men supermarketlarning chegirmali mahsulotlari haqida ma'lumotlarni tekshirib yuraman, bir olishda ko'p miqdorda sabzavot sotib olib, tejamkorlik qilmoqdaman. Har oygi xarajatlarimiz quyidagicha: ijara haqi 150,000 yen, oziq-ovqat xarajatlari 150,000 yen, ta'lim uchun 50,000 yen va turli xarajatlar 100,000 yen. Turmush o’rtog’im  ishda tushlik vaqti iste’mol qiladigan ovqatni(Obento) tayyorlab beraman va qaysi mahsulotlar qachon, qayerdagi supermarketda arzonlashishini oldindan bilish uchun supermarket ma'lumotlarini tekshirib, tejamkorlik qilishga harakat qilaman.

Farzandlarimning kelajagi

Farzandlarim yaxshi ta'lim olib, kelajakda ular uchun asqotadigan ko’nikmalarni egallashlarini  xohlayman. Ayniqsa, katta o‘g‘lim basketbolga qiziqib, kelajakda Amerika jamoasida o‘ynashni orzu qilmoqda. Yaponiya rivojlangan mamlakat bo‘lib, uning tibbiy va ta'lim darajasi dunyoda eng yuqori o‘rinlarda turadi. Bu haqiqatdan ham orzularni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakat. Men va turmush o’rtog’im ularni Yaponiyada yoki dunyoda muvaffaqiyatga erishishlari uchun qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz.

Yaponiyada o’rganganlarim

Yaponiyada yashash davomida insonlar bilan munosabatlar, muloqot, tejamkorlik va vaqtni boshqarishni o‘rgandim. Yapon kompaniyasida ishlash jarayonida samimiylik hamda hisobot berish, bog‘lanish va maslahatlashishning naqadar muhimligini angladim. Yaponiyadagi hayotda o‘rganganlarim mening kundalik hayotimga va bolalarni tarbiyalashga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O’zbekistondan Yaponiyaga kelmoqchi bo'lganlarga

Yaponiyadagi hayot, albatta, musofirchilik bo‘lgani uchun ba’zi qiyinchiliklar bor, lekin bor kuchingiz bilan harakat qilsangiz o‘zingizni o‘rab turgan muhitni yaxshilashingiz mumkin. Bu jarayonda yapon tilini o‘rganish juda muhim va yapon tilini rivojlantirish orqali kundalik hayotingiz yengillashadi hamda muvaffaqiyat uchun imkoniyatlar oshadi. Bolalar uchun ham yaxshi muhit yaratilgan. Tokioda diskriminatsiyani(kamsitishni) his qilmay, xotirjam yashash mumkin. Imkon bo’lganda albatta yaponiyaga kelib shu imkoniyatlardan foydalanib ko‘ring.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz