Imkoniyatlar davlati O‘zbekiston: Maeda Kimiko xonim O‘zbekistonning jozibasi va imkoniyatlari haqida
Imkoniyatlar davlati O‘zbekiston: Maeda Kimiko xonim O‘zbekistonning jozibasi va imkoniyatlari haqida
Tarjimai hol
Ism sharif: Maeda Kimiko
Tug‘ilgan yili: 1997-yil, Nagasaki prefekturasi
Ta'lim: 2020-yilda APU (Ritsumeikan Osiyo Tinch okeani universiteti) bitiruvchisi
Turmush: 2022-yilda o‘zbekistonlik bilan turmush qurgan
Ish faoliyati: 2024-yilda "MAEDA JAPAN Consulting" MChJ kompaniyasini tashkil qilgan
1. O‘zingizni tanishtirsangiz.
2022-yilda APUni tamomladim va o‘zbekistonlik Hasanboy Islomov bilan turmush qurdim. 2024-yilda o‘g‘limiz Temur tug‘ildi, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda biznes imkoniyatlarini izlamoqdamiz.
2. O‘zbekistonga kelganingizda qanday taassurotlar oldingiz?
So'nggi paytlarda O'zbekistonda yoshlar ingliz tilini o'rganish va IELTS sertifikatini olish odatiy holga aylangan. Hukumat IT sohasiga katta e'tibor qaratmoqda va elektron hukumatning rivojlanishi tez sur'atlar bilan davom etmoqda. Dasturlashni biladigan yoshlar soni yil sayin oshib bormoqda. Biroq, IT texnologiyalari hali qishloq xo'jaligi va boshqa amaliy hayotda yetarlicha qo'llanilmayotganini his qilyapman. Yaponiyaning samaradorlik va ishlab chiqarishni boshqarish bo'yicha tajribasini joriy qilish orqali O'zbekistonning qishloq xo'jaligi va boshqa tarmoqlarining ham rivojlanishiga olib keladi deb o'ylayman.
3. O‘zbekistonda kompaniya tashkil etish jarayoni qanday o‘tdi?
Kompaniya tuzishning o'zi juda oson bo'ldi. Davlat xizmatlari markaziga kompaniya tuzish uchun ariza topshirib, to'lovni amalga oshirdik va 30 daqiqada jarayon yakunlandi. Yaponiya bilan solishtirganda, eng qiyin ofis ijaraga olish bo’ldi. Namanganda ofisni ijaraga olishga urinib, dastlab internetda qidirdik, lekin biz uchun mos keladigan ofisni topa olmadik. Shuningdek, Telegram yoki Instagram kabi mahalliy ravishda keng foydalaniladigan ijtimoiy tarmoqlarda ham ko’p ma’lumotlar topaolmadik. Shundan so'ng, internetda izlashni to'xtatdib, erim bilan shaharda piyoda yurib qidirdik. Ko'chada binolarda "Ijaraga beriladi" deb yozilgan e'lonni ko'rib, shu raqamga qo'ng'iroq qildik va ijara shartnomasini tuzdik. Yaponiyada ijaraga olish bo'yicha ma'lumotlarni internetda juda ko'p topish mumkin, lekin O'zbekistonda hali ham turli yo'llar orqali ma'lumot yig'ish kerak bo'lyapti.
4. O'zbekistonning qishloq joylaridagi hayot qanday?
Biz Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashaymiz. Bu O'zbekistonning chet hududi hisoblanadi. Qishloq joylarda supermarketlar va ko’p tarmoqli do’konlar kam, shuning uchun xaridlar asosan bozorlarda amalga oshiriladi. Supermarketlar kam bo'lganligi sababli, o'zbek tilini bilmasangiz, ko'p narsalar noqulay bo'lishi mumkin.
5. O‘zbekiston va Yaponiyaning oilaga bo’lgan munosabatlarining farqlari haqida gapirib bersangiz.
O'zbekistonliklar turmush qurgandan keyin ham, ota-onalarining uyida, ular birga yashashda davom etadilar. Aka-uka va opa-singillar har kuni ota-onalari uyiga yig'iladi, bu Yaponiyaning eski oilaviy munosabatlariga o'xshaydi. O'zbekistonda kenja farzand uyda ota-onasi bilan birga yashaydi, Yaponiyada bu mas’uliyat ko'pincha to'ng'ich o'g'il zimmasiga yuklanadi. Shuningdek, o'zbeklarda har kuni ota-onalari va haftasiga 2-3 marta aka-uka va opa-singillariga qo'ng'iroq qilish odatlari bor. Shu jihatdan, bu yerda oilaviy munosabatlar kuchli ekanligini his qildim.
6. Mahalliy aholi yaponiyaliklarga qanday munosabatda?
Kosonsoy kabi qishloq joylarda, ko'chada yurganingizda yaponlar hali ham kam uchraydiganligi sababli, odamlar sizga tez-tez qarashadi. Taksida esa ko'pincha "Siz koreysmisiz?" deb so'rashadi, lekin "Men yaponman" deb javob berganimda, hamma ijobiy munosabat bildiradi. Keksalar yaponlarni eshitganda, ko'pincha "Oshin" filmi haqida gapirishadi. Mahalliy aholining ko'zida yaponlar mehnatkash va texnologiyasi rivojlangan mamlakat sifatida kuchli tasavvurga ega.
7. O‘zbekistonliklarning kuchli va zaif tomonlari nimada deb o‘ylaysiz?
O'zbekistonliklarning kuchli jihatlari yaponlarga o'xshaydi, deb o'ylayman, bu esa ularning mehnatsevarligidir. Shuningdek, ular uchun sifatli o’qish imkoniyatlari yaratilib berilsa, o’rganish salohiyati ham yuqori. Zaif tomonlari esa, atrofdagilarning gaplariga tezda ergashishib ketishlari va pulni to’g’ri sarflash odati shakillanmaganligi uchun qiyinchiliklarga duch kelishadilar. Ko'pchilik qo'lidagi pulni darhol sarflashga moyil. Yaponiyadagi kabi bolalikdan cho'ntak puli (OKOZUKAI-bir oyda bir marta ota-onasi bolasiga beradigan pul) tizimini joriy qilib, rejalashtirilgan tarzda pul sarflash odatini shakllantirishni O'zbekistondagi barcha oilalarga taklif qilmoqchiman.
8. O‘zbekistonga tashrif buyuradiganlarga qanday maslahat berasiz?
Oʻzbekiston Yaponlarga nisbatan doʻstona munosabatda va yashash uchun qulay mamlakatdir. Chekka hududlarda faqat o‘zbek tilida gaplashiladi, shaharlarda esa rus tilidan ham foydalanishadi, lekin til bo’yicha noqulayliklar mavjud. Odamlar mehribon va shaharlarda hayot jo’shqin. Ko‘plab biznes imkoniyatlari bor deb o‘ylayman. Yaponiyaning xizmatlari va biznes modellarini olib kirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga hissa qo‘shmoqchiman. Narita va poytaxt Toshkent o‘rtasida haftada ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ham mavjud, shuning uchun O‘zbekiston haqida ozgina qiziqqan har bir kishini albatta bir marta bo’lsa ham tashrif buyurishga taklif qilaman.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid