Yaponiyada kvartirani ijaraga olish usuli
Yaponiyada kvartirani ijaraga olish usuli
E’tibor bermasangiz, zarar ko'rishingiz mumkin bo'lgan Yaponiyaga xos ijara qoidalari.
Majidov Temur
(1993-yilda Samarqandda tug‘ilgan)
2008-2011-yillar: Samarqand yuridik kolleji
2013-2016-yillar: TEKHNOREZKA Co. Ltd. Sotuv bo‘limida ishlagan (Moskva, Rossiya)
2017-2019-yillar: Tokio Til Akademiyasi, Yapon tili maktab
2019-2023-yillar: Chiba Savdo Universiteti, Savdo va Iqtisodiyot Fakulteti, Iqtisodiyot Bo'limi
2023-yildan: Utility House Co. Ltd. Sotuv bo‘limida ishlamoqda
1. O'zini tanishtirish
Men universitetning 4-kursidan boshlab Utility House Co. Ltd. da amaliyotchi sifatida ishlay boshladim. Bizning kompaniyamiz chet elliklar uchun ko'chmas mulk sotib olish va ijaraga olish xizmatlarini ko'rsatadi. Ish boshlaganimdan beri men 120 ta shartnoma imzolashga muvofiq bo’ldim. Mijozlarning 80% O'zbekistondan bo'lsa, qolgan 20% Rossiya, Pokiston, Nepal va boshqa davlatlardan kelganlar.
2. Yaponiyada kvartirani ijaraga olish bosqichlari
Yaponiyada kvartira ijaraga olish jarayoni boshqa mamlakatlardan sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, O'zbekiston yoki Rossiyada kvartira ijaraga olayotganda ba'zan kvartira egasi bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokara olib boriladi va shartnoma tuzilmasligi ham mumkin. Ammo Yaponiyadagi tartib qoidalar chet elliklar uchun biroz tushunish qiyin bo’lgan tomonlari ham mavjud. Yaponiyada kvartira yoki uy egasi bilan bevosita uchrashish deyarli imkonsiz va ko'pincha shartnomalar ko'chmas mulk agentliklari orqali tuziladi. Quyida kvartirani ijaraga olish jarayonining bosqichlari keltirilgan:
Ko'chmas mulk agentligida xonadon qidirish
Uyni tanlashda asosiy jihatlarni ko’rib chiqish
Uyni ko'rib chiqqandan so'ng, kerakli hujjatlar va ma'lumotlarni tayyorlab, ariza berish
Kafolat kompaniyasi, nazorat qiluvchi kompaniyasi va uy egasining tekshiruvi natijasini kutish
Tekshiruvdan o'tgach, shartnoma tuzish va kvartiraga ko'chib kirish
Har bir bosqichda ehtiyot bo'lish kerak bo'lgan asosiy jihatlar bilan tanishib chiqamiz.
Ko'chmas mulk agentligidan xonadon qidirish
Hozirgi vaqtda Yaponiyada chet ellik rezidentlarning soni oshmoqda, ammo ba'zi chet elliklarning qoida va odob-axloq qoidalariga rioya qilinmasligi tufayli, ayrim kvartiralar chet elliklarni qabul qilishni rad etmoqda yoki ko’chib kirish vaqtida yapon tilini bilish talab qilinmoqda. Hatto xonadon qidirish ilovasida topilgan uy-joylar ham ko'pincha chet elliklar qabul qilinadimi yoki yo'qmi, aniq ko'rsatilmagan bo'ladi, shuning uchun shahardagi ko'chmas mulk agentligiga murojaat qilish eng tezkor yo'ldir.
Uyni tanlashda asosiy jihatlarni ko’rib chiqish
Yaponiyada uyni borib ko‘zdan kechirmasdan ham, uyning chizmasini ko’rish orqali asosiy ma'lumotlarni bilib olish mumkin. Uy haqidagi ma'lumotnomada majburiy to'lovlar va majburiy bo’lmagan to’lovlar keltirilgan bo'ladi. Asosan majburiy to’lov ichiga kafolat kompaniyasi kafolat haqi, yong'inga qarshi sug'urta haqi, depozit, tozalash xarajatlari, vositachilik haqi, 24 soatlik favqulodda xavfsizlik xizmati va bir necha oy oldindan to'lanadigan ijara haqi kiradi. Bundan tashqari, mukofot puli, nazoratchi haqi (ko’p qavatli kvartiralarga xizmat ko’rsatish shirkati haqi) va kalitni almashtirish xarajatlari ham talab qilinishi mumkin. Agar boshlang'ich xarajatlarni kamaytirishni istasangiz, oldindan "mukofot puli bo'lmagan xonadonni tanlashni xohlayman" deb aytib qo’yish muhimdir.
Zarur hujjatlar va ma'lumotlarni tayyorlab ariza berish
Ariza topshirishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, yashash guvohnomasi)
Sog'liqni saqlash sug'urtasi guvohnomasi
Ish joyidan ma'lumotnoma, daromadi haqida hujjat, o‘qish joyidan ma'lumotnoma (talabalar uchun)
Shuningdek, favqulodda aloqaga chiqish uchun biror tanishingizni ma'lumotlari kerak bo'ladi.
Kafolat kompaniyasi, nazoratchi kompaniyasi va uy egasi tekshiruv natijasini kutish
Nazoratchi kompaniya binolar va xonalar bilan bog‘liq muammolarni hal qiluvchi kompaniya. Kafolat kompaniyasi esa, ijara to'lovlarini to'lamagan holatlarda to‘lovni amalga oshiruvchi tashkilotdir. Agar kafolat kompaniyasidan foydalanmagan taqdirda, kafillik qiluvchi shaxs talab qilinadi. Tekshiruv davomida kafolat kompaniyasi va nazoratchi kompaniyasi ijaraga oluvchi shaxsni tasdiqlaydi va shundan so'ng uy egasi tomonidan tekshiruv o‘tkaziladi. Agar tekshiruv jarayonida rad javobi olinsa, sababini aniqlab, to’g’rilash mumkin bo'lgan jihatlarni tuzatib, keyingi kvartiraga ariza topshiriladi.
Tekshiruvdan muvaffaqiyatli o'tgan bo'lsa, shartnoma tuzilib, kvartiraga ko'chib kirish
Shartnoma yapon tilida yoziladigan bo'lib, uning mazmunini ko'chmas mulk kompaniyasining mas'ul xodimi bilan birgalikda tasdiqlab borish muhimdir. Shartnoma tuzilgandan so'ng, ko'chib kirish sanasi, to'lov muddati tasdiqlanadi va belgilangan muddat ichida to'lovni amalga oshirib, kalit qabul qilib olinadi.
3. Atamalar ro'yxati:
家賃(やちん)(Ijara to'lovi): Uyda yashash uchun har oyda to'lanadigan to'lov
アパート(Kvartira): Ijara uchun beriladigan ko‘p qavatli binolarning xonadoni
マンション(Ko'p qavatli uy): Temir-beton ko'p qavatli binolar
礼金(れいきん)(Minnatdorchilik to’lovi): Qaytarib bermaslik shart bilan uy egasiga minnatdorchilik sifatida to'lanadigan to’lov.
敷金(しききん)(Depozit): Ko'chib chiqqan paytda ta'mirlash xarajatlari uchun oldindan to'lanadigan pul (agar foydalanilmasa, qaytariladi).
保証会社(ほしょうかいしゃ)(Kafolat kompaniyasi): Ijara haqini kechiktirganingizda to'lovni vaqtincha amalga oshiradigan kompaniya.
火災保険(かさいほけん) (Yong‘in sug‘urtasi): Yong‘in oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplaydigan sug‘urta
クリーニング費用(ひよう)(Tozalash to‘lovi): Ko'chib chiqqaningizda tozalash uchun sarflanadigan xarajatlar.
仲介手数料((Vositalik haqi): Ko‘chmas mulk agentligiga to‘lanadigan haqi
24時間緊急(じかんきんきゅう)サポート費用(ひよう)(24 soat davomida favqulodda xavfsizlik to‘lovi): Favqulodda vaziyatlarda ko'rsatiladigan yordam uchun to‘lov
管理用(かんりよう)(Nazoratchi haqi): Binoning yoki umumiy foydalanish qismlarini saqlash va nazorat xarajatlari.
鍵代(かぎだい)(Kalit almashish to‘lovi): Kalitni almashtirish uchun to'lanadigan mablag'
木造(もくぞう)(Yog'och binolar): Asosiy qurilish materiali yog'ochdan bo'lgan binolar
鉄筋(てっきん)(Temir-beton): Temir-betondan qurilgan binolar
新築物件(しんちくぶっけん)(Yangi binolar): Yangi qurilgan binolar
中古物件(ちゅうこぶっけん)(Eski binolar): Oldin odam yashagan binolar
4. Yaponiyaga kelayotganlar uchun maslahat
Yuqoridagi ma’lumotlar, Yaponiyada xonani ijaraga olish jarayoni va asosiy ma’lumotlar haqida. O‘zbekistonda ushbu jarayon yoki atamalar tanish bo‘lmasligi mumkin, ammo Yaponiyaga kelishdan oldin bu ma’lumotlarni bilib qo‘yish foydali bo‘ladi. Ayniqsa, agar yapon tilini bilmasangiz, tekshiruv jarayonida noqulayliklar yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun kundalik suhbat darajasida yapon tilini o‘rganishni tavsiya qilamiz. Yaponiyada yashayotgan xorijiy fuqarolar orasida ijara to‘lovlarini kechiktirish yoki chiqindilarni tashlash qoidalarini buzish holatlari ortib bormoqda, bu esa butunlay xorijiy fuqarolarning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yaponiyada yashash jarayonida qoidalarga rioya qilish va mas'uliyat bilan harakat qilish muhim ahamiyatga ega.
Izoh qoldiring
Mavzuga oid