JAPAN CAREER PORTAL - Home
Asosiy

Qishloq xo‘jaligi sohasida Kasbiy Malaka Amaliyoti(stajyor)dan Maxsus Malaka 1-darajasiga ega bo‘lish va 2-daraja sari yo’l

Qishloq xo‘jaligi sohasida Kasbiy Malaka Amaliyoti(stajyor)dan Maxsus Malaka 1-darajasiga ega bo‘lish va 2-daraja sari yo’l

Yuqoriroq darajaga erishish uchun dam olish kunlaridan samarali foydalanib, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimdir!

Daler Jurayev 

Tug’ilgan joyi: Samarqand
Yoshi: 29
Oilaviy holati: Turmush qurgan, 1 nafar farzandi bor
Ish joyi: Saitama prefekturasi qishloq xo’jaligi sohasidagi kompaniya
Ish vazifasi: Yapon kartoshkasini (Yamato Imo) yetishtirish

Stajyor bo’lishdan oldin Yaponiyada ta’lim olish

Stajyor bo’lishdan oldin Yaponiyada tahsil olganman. Samarqand chet tillari universiteti qoshidagi litseyini tamomlagach, Tokiodagi yapon tili maktabida tahsil oldim va Yapon tili darajasi imtihoni (JLPT) N3 darajasini qo‘lga kiritdim. Biroq, talabalik davrimda keragidan ortiq arubaito (soatbay ish) qilganim uchun vizani uzaytirolmadim va 2019-yilda vatanga qaytishga majbur bo‘ldim. Yaponiya menga juda yoqardi va shuning uchun yana Yaponiyaga qaytish yo‘llarini qidirdim va stajyor vizasi haqida xabar topdim. 2019-yilda yana stajor sifatida Yaponiyaga keldim.

Stajyor sifatida Yaponiyaga keldim

Internetda Yaponiyada ishlash haqida e’lonlarni ko‘rib, ariza topshirdim. Suhbat va matematikadan test topshirdim va 26 nomzod orasidan 6 kishi qabul qilindi. Ariza topshirishdan to ishga jo‘natishgacha taxminan 9 oy o‘tdi va jo‘natish agentligiga taxminan 3000 dollar to‘ladim. Parvoz chiptalari va boshqa xarajatlar Yaponiyadagi kompaniya tomonidan qoplandi.

Yaponiyaga kelish va ish tafsilotlari

2019-yil 7-noyabrda Yaponiyaga kelib, bir oy davomida o‘qidik. O‘quv dasturi asosan Yaponiyada hayot tarzi va qoidalari haqida edi. O‘qitish davrida 3 mahal ovqat berildi va taxminan 40 ming yen maosh ham oldik.

Saitama prefekturasidagi Fukaya shahriga joylashdik va tajribali o‘zbek hamkasblari ish yuritish qoidalari va yaponlar bilan muloqot qilishni o’rgatdi. Ayni vaqtdagi biz ishlaydigan hudud "dala", "issiqxona", va "qayta ishlash zavodi" kabi uch bo‘limga bo‘lingan. Men "dala" jamoasida bo‘lib, jamoamizda 3 nafar yapon, o’tgan yili ishga qabul qilingan 3 nafar stajyor va men bilan birga 7 kishilik jamoa bilan birga ishlayapmiz. Jamoa bilan birgalikda yerlarni haydash, sug‘orish va o‘g‘itlash, begona o‘tlarni tozalash kabi barcha ishlarni bajaramiz. Qishloq xo‘jaligi ob-havo va mavsumiylikka bog‘liq bo‘lgani sababli, belgilangan dam olish kunlari yo‘q. Ish jadvaliga mos ravishda dam olish kunlari belgilanadi. Traktor va boshqa texnikalardan foydalanish tufayli ish juda qiyin emas, lekin yozning issiq kunlari va qishning sovuq kunlarida ochiq havoda ishlash mashaqqati bor. Oylik maosh kuni (15-kuni) va o‘zbek hamkasblarim bilan birga ishlashdan zavq olaman.

Daromad va xarajatlar

Daromad250,000 yen

Qo’lga olinadigan maosh

240,000 yen

Soliq va ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari chiqarilgandan keyingi summa

Ijara va kommunal to‘lovlar: 10,000 yen maoshdan chiqariladi

Xarajatlar40,000 yen

Oziq-ovqat va boshqa xarajatlar

40,000 yen

Qoldiq200,000 yen

Har oyda dollarga almashtirib, ota-onamga yuboraman

  • Har olti oyda 150,000 yen bonus beriladi

  • Yuqoridagi maosh maxsus malakaga ko‘tarilgandan keyingi summadir, stajyor bo‘lgan davrdagi o‘rtacha oy daromadim taxminan 200,000 yen edi

Stajyordan “Maxsus Malaka”ga ko‘tarilish

Stajyor sifatida bir yil ishlagandan so‘ng, stajyor 1-daraja testini topshirib o‘tsa, stajyor 2-darajasiga ko‘tariladi va mehnat  shartnomasini yana ikki yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, stajyor 2-daraja testini topshirib, amaliy imtihondan o‘tsa, stajyor vaqtidagi kasb yoki vazifada ishlashda davom etsa maxsus malaka vizasiga imtihonsiz o‘tish mumkin. Maoshni oshirish uchun bu testdan o‘tib, maxsus malakaga o‘tish juda muhim. Mening vaziyatimda ishdan keyin yoki dam olish kunlari tayyorlanib o‘qirdim. Uyushma (nazorat tashkiloti) o‘quv materiallarini taqdim etish va imtihonga ariza berishga yordam beradi.

Yaponiyada ishlash orqali o‘rganganlarim

Qishloq xo‘jaligida vaqt va miqdor juda muhim. Yaxshi sabzavot yetishtirish uchun belgilangan vaqtda belgilangan miqdorda o‘g‘it berish kerak bo‘lgani kabi, to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri parvarish qilish muhimdir. Bu ish orqali yaponlarning ishni o'z vaqtida puxtalik bilan bajarish (punktuallik) mahoratini o‘rgandim. Shuningdek, ish joyidagi boshliq va hamkasblarim "hajmdan ko‘ra sifat muhim" deb ko‘p aytishadi. Yaxshi o‘stirilgan sabzavotlarni tashishda ezilib, sifati yomonlashsa, mijozlarga noqulaylik tug‘diradi va ishonchni yo‘qotamiz. Har doim bu narsalarni yodda tutib, ishlayman.

Kelajak rejalarim va Yaponiyaga kelmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga maslahatim

Hozirda, sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan maxsus malaka 2-daraja testiga tayyorlanmoqdaman. Testdan o‘tib, oilam bilan Yaponiyada yashash mening orzuyim (maxsus malaka 2-darajasiga ega bo’lsa turmush o‘rtog‘i va farzandini Yaponiyaga olib kelish mumkin). Yaponiyaga kelmoqchi bo‘lganlarga avvalo yapon tilini yaxshi o‘rganishni maslahat beraman.

Izoh qoldiring
Profile picture

Rasmiy sahifalarimiz