← Yapon kompaniyalari uchunO'zbekiston tajribasi

Yaponiyalik uch nafar kompaniya rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi — birinchi uchrashuvning o‘zidayoq ishchilarga kvota ajratildi.

O‘zbekistonning shimoli-g‘arbidagi joylashgan Qoraqalpog‘istonning sinfxonasidan Yaponiyada eng kerak bo'lgan kadrlarni tayyorlash haqida.

2026.10.15777 Ko‘rishlar
Yaponiyalik uch nafar kompaniya rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi — birinchi uchrashuvning o‘zidayoq ishchilarga kvota ajratildi.

2026-yil iyun oyida Yaponiyaning qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi uch nafar kompaniya rahbarlari O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukusga tashrif buyurdi. Ular o‘quvchilar bilan uchrashib, shu yerning o‘zida ikki nafar nomzod uchun ish o‘rni ajratishga qaror qilishdi. 2026-yil mart oyida ushbu hududda yapon tilini o‘qitish markazi — «KJC» (Qoraqalpog‘iston Yaponiya markazi)ni tashkil etgan janob Kai yosh kadrlarni tayyorlash usullari hamda ularni ishga qabul qiladigan Yaponiya kompaniyalari nimalarga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida so‘zlab beradi.

Kai Koutaro — Yaponiyaning«Orange» kompaniyasi bosh direktori. «Orange» kompaniyasi bosh direktori.

Ism-sharif

Koutaro Kai /甲斐 考太郎(かい こうたろう)

Ish joyi (tashkilot nomi) va lavozimi.

“Orange Karakalpakstan” kompaniyasining bosh direktori.

«Orange» kompaniyasi bosh direktori.

O‘zbekistondagi faoliyat davri

2025-yil oktabr〜hozirgacha(Nukus)

Asosiy mehnat faoliyati

Miyazaki prefekturasida tug‘ilgan. Waseda universitetining Siyosat va iqtisodiyot fakultetini tamomlagach, «TV Miyazaki» telekompaniyasida mehnat faoliyatini boshlagan. 2012-yilda turizm va IT sohalari bilan bog‘liq faoliyat olib boruvchi «Orange»  kompaniyasiga asos solgan. Chiba prefekturasining Narita shahrini asosiy faoliyat markazi sifatida tanlab, ish olib bormoqda.

2025-yilda O‘zbekistonda «Orange Karakalpakstan» mahalliy kompaniyasini tashkil etib, kadrlar tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.

Mutaxassislik va faoliyat yo‘nalishlari

Yapon tilini o‘qitish markazlarini tashkil etish hamda Yaponiya kompaniyalarida ishlaydigan kadrlarni tayyorlash.

① O‘zbekiston bilan ilk tanishuv va hozirgi faoliyat

«Agar ishchi kuchi ko‘proq bo‘lganida...» degan muammoning yechimini izlab

Men Miyazaki prefekturasidagi mahalliy telekompaniyada ishlaganimdan so‘ng, turizm va IT sohalarini birlashtirgan kompaniyaga asos soldim. Turizm sohasidagi faoliyatim davomida Yaponiyaning turli hududlariga borar ekanman, deyarli hamma joyda: «Agar ishchi kuchi ko‘proq bo‘lganida, sayyohlarga yanada qiziqarli va mazmunli xizmatlar taqdim etish mumkin bo‘lardi», degan gaplarni ko‘p eshitardim. Biroq Yaponiya jamiyatida aholi soni kamayib bormoqda. Uzoq vaqt davomida men ushbu muammoning yechimini topa olmadim.

2025-yil oktabr oyida men ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurdim. Bu yerda birin-ketin osmono‘par binolar qurilmoqda, aholi soni esa muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Atrof bolalar bilan gavjum, yoshlarning kuch-g‘ayrati jo‘sh urmoqda, odamlar esa kelajakka umid bilan qarab, olg‘a intilmoqda. Yaponiyaning o‘tmishini yaxshi biladigan yaponiyaliklarning aytishicha, «Bu manzara Yaponiyaning iqtisodiyoti jadal rivojlangan 20-asrning 70-80-yillarini eslatadi». O‘sha paytda men tadbirkor sifatida uzoq vaqtdan beri izlab kelgan muhit va ruhiyatni aynan shu yerda topgandek bo‘ldim. Meni ayniqsa O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘ziga jalb qildi. Qoraqalpog‘iston O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kirsa-da, avtonom respublika maqomiga ega. Hatto poytaxt Toshkentda ulg‘aygan insonlar orasida ham Qoraqalpog‘istonga borganlar kam uchraydi. Albatta, bu yerda yapon tilini o‘rganish imkoniyatlari ham mavjud emas edi. Yaponiyada ishlash imkoniyati borligini biladiganlar ham deyarli yo‘q edi. Aynan shu hududda ilgari deyarli hech kim amalga oshirmagan ishni boshlash imkoniyati menga katta ishtiyoq va motivatsiya bag‘ishladi. Shu sababli bu tashabbusni katta qiziqish va g‘ayrat bilan amalga oshirmoqdaman.

2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi (MOU) imzoladik va mahalliy kompaniyani tashkil etdik. Keyingi yil, ya’ni 2026-yil mart oyining oxirida Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida joylashgan, mintaqaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Qoraqalpog‘iston davlat universiteti bilan hamkorlikda «Qoraqalpog‘iston–Yaponiya markazi» (KJC)ni ochdik. Dastlabki o‘quvchilar guruhi taxminan 20 kishidan iborat bo‘ldi. 2026-yil sentabr oyida esa ikkinchi guruh o‘quvchilarini qabul qildik. Markazda nafaqat universitet talabalari, balki boshqa fuqarolar ham ta’lim olmoqda. Yaponiya kompaniyalarida ishlashni maqsad qilgan, asosan «Maxsus malakali ishchi» (特定技能) maqomi orqali Yaponiyaga borishni rejalashtirayotgan kadrlarni tayyorlayapmiz.

Japan Fest festivaliga tayyorgarlik jarayoni / 2026-yil iyul, Nukus shahri

② O‘zbekistonda orttirilgan tajribalar va duch kelingan qiyinchiliklar

Ilgari bunday tajriba bo‘lmagan hududda o‘quvchilar bilan birgalikda darslarni tashkil etish

Qoraqalpog‘istonda Yaponiya haqida ma’lumot olish imkoniyatlari unchalik ko‘p emas. Shu sababli biz mahalliy yoshlarning yaponlar haqidagi ilk taassuroti aynan biz orqali shakllanishini chuqur anglagan holda, o‘z zimmamizdagi mas’uliyatni his qilib faoliyat yuritmoqdamiz. Aynan shuning uchun ham biz chet elliklarni o‘qitishda ilgari qo‘llanilgan o‘quv dasturlari bilan cheklanib qolmasdan, ushbu hudud yoshlarining ehtiyojlari va xususiyatlariga mos keladigan ta’lim usullarini boshidan ishlab chiqmoqdamiz. Darslarni o‘quvchilarning fikrlarini tinglagan holda, bir nechta yaponiyalik xodimimiz bilan birgalikda ishlab chiqmoqdamiz. Bu jarayonda biz ham o‘quvchilardan O‘zbekiston haqida ko‘p narsalarni o‘rganamiz. Ya’ni, o‘qituvchi va o‘quvchilar teng huquqli hamkorlar sifatida darslarning mazmunini birgalikda takomillashtirib bormoqda.

O‘zbekistonda odatda o‘zbek tilidan foydalaniladi, biroq bu hududda qoraqalpoq tili ham mavjud. Bu yerda yashab ko‘rganimdan so‘ng, meni hayratga soladigan holatlar juda ko‘p ekanini angladim. Qoraqalpog‘istondagi kafe yoki restoranlarda to‘lov qilish uchun bank kartamni uzatsam, ba’zan kartaning PIN-kodini so‘rashadi. Dastlab bundan hayron bo‘lib, nima qilishni bilmay qoldim. Ammo keyinchalik bilsam, bu mijozni ortiqcha ovora qilmaslik uchun xodim tomonidan PIN-kodni mijozning o‘rniga kiritib berish orqali ko‘rsatiladigan hurmat ekan. Bir kuni ko‘chada yoshi katta bir erkak menga qoraqalpoq tilida astoydil nimanidir tushuntirishga urindi. Men unga «Men qoraqalpoqchani tushunmayman», deb aytsam ham, u gapirishdan to‘xtamadi. Uni tinglashda davom etarkanman, aftidan, soat necha bo‘lganini bilmoqchi ekanini tushundim. Unga vaqtni aytganimdan so‘ng, mamnun holda ketdi. Bu yerda odamlarning bir-biriga yaqin va samimiy munosabatda bo‘lishi ham ushbu hududning o‘ziga xos jozibali jihatlaridan biridir.

Shuningdek, Yaponiya haqida biladigan insonlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan tashabbuslarni ham amalga oshirmoqdamiz. 2026-yil avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk bor Yaponiya madaniyatini keng tanishtirishga qaratilgan «Japan Fest» festivalini tashkil etdik. Yaponiyada «殺陣»- TATE — sahnada qilichbozlik va jang sahnalarini ijro etish san’ati bilan shug‘ullanadigan yetti nafar universitet talabasi (biz ularni «Yetti samuray» deb ataymiz) festivalda chiqish qilish uchun Qoraqalpog‘istongacha kelishdi. Mahalliy telekompaniya vakillari ham tadbirni yoritishdi. Festival juda gavjum va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Yapon xattotlik san’atini (shodō) amalda sinab ko‘rish / 2026-yil may, Nukus shahri

③ O‘zbekistonlik kadrlarning o‘ziga xos xususiyatlari — kuchli tomonlari va rivojlantirish zarur bo‘lgan jihatlari

Kuchli tomonlari va jozibali jihatlari

Rivojlantirish zarur bo‘lgan jihatlar va e’tibor berilishi kerak bo‘lgan masalalar

・Yapon tilida eshitish va ravon gaplasha olishadi (gapirganida nutqi yaxshi chiqadi).

・Doimo xushchaqchaq, ochiqko‘ngil va ijobiy fikrlaydi.

・Yaponiya madaniyatiga qiziqishi yuqori.

・Sinf sardori yoki boshqa mas’uliyatli vazifalarni bajarish orqali sinfdoshlari bilan hamkorlikda sinf faoliyatini tashkil etish va boshqara oladi. 

・Vaqtga bo‘lgan munosabat

«Yuqori malakali» emas, balki «o‘rta darajadagi» kadrlar — Yaponiyaning ish joylarida bog‘lovchi vazifasini bajara oladigan mutaxassislar

Hozirgi vaqtda Yaponiyaning ish joylarida haqiqatan ham ehtiyoj yuqori bo‘lgan xorijlik      kadrlar, menimcha, «o‘rta darajadagi» malakaga ega kadrlar bo‘lsa kerak. «Muhandislik, gumanitar bilimlar va xalqaro xizmatlar» (技術・人文知識・国際業務, qisqacha 技人国) kabi toifalar doirasida ishlaydigan «yuqori malakali» mutaxassislar nisbatan kam uchraydi va ularni ishga qabul qilish ham oson emas. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati tomonidan belgilangan yapon tili bilim darajasi va boshqa talablarga javob berish mezonlari kelajakda yanada qat’iylashishi kutilmoqda. Shu sababli, bundan keyin aynan «o‘rta darajadagi kadrlar» muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman.

Men nazarda tutayotgan «o‘rta darajadagi kadrlar» — hozircha yuqori malaka darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, kelajakda shu darajaga erisha oladigan darajada yapon tilini biladigan, shuningdek, Yaponiya madaniyati va qadriyatlarini yetarlicha tushunadigan insonlardir. O‘zbekistonlik yoshlar aynan mana shunday vazifani bajarishga mos keladigan salohiyatga ega. Avvalo, O‘zbekistonlik kadrlarda men alohida e’tibor bergan eng muhim xususiyatlardan biri — ularning muloqot qilish qobiliyati yuqoriligidir. Ular orasida yapon tilidagi nutqni yaxshi tushunadigan, suhbatlasha oladigan va yapon tilida balki tabiiy va ravon gapiradigan insonlar ham ko‘p. Balki buning sababi O‘zbekistonning qadimdan Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim chorrahalardan biri bo‘lib kelgani va bu hudud orqali turli mamlakatlardan kelgan insonlar asrlar davomida qatnab, o‘zaro muloqot qilib kelgan tarixiy omillar bilan bog‘liqdir. Shu sababli, men bu yoshlar kelajakda Yaponiyadagi ish joylarida insonlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajara oladigan, ularni bir-biri bilan bog‘laydigan va yetakchilik qobiliyatiga ega kadrlarga aylanishiga umid qilaman. Aynan yapon tilida o‘zaro muloqot qila oladigan va Yaponiya madaniyatini tushunadigan «o‘rta darajadagi» kadrlar ish joylarida insonlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlovchi muhim vazifani bajara oladi, deb ishonaman.

Biroq ayrim muammolar ham mavjud. Ulardan biri — vaqtga rioya qilish va belgilangan muddatdagi majburiyatlarni bajarishga bo‘lgan mas’uliyat yaponiyaliklarga nisbatan sustroq ekanligidir. Bunga nisbatan boshqa bir qarash ham bor: aksincha, yaponiyaliklarning o‘zi vaqtga rioya qilish masalasida me’yordan ortiq talabchan, degan fikrlar ham mavjud. Biroq bu holat infratuzilmaning yetarlicha rivojlanmagani kabi tashqi omillar bilan ham bog‘liq. Masalan,  uchrashuv vaqti belgilangan bo‘lsa-da o’z vaqtida boshlanmasligi, avtobuslar o‘z vaqtida kelmasligi, shaharda to‘satdan elektr uzilib, svetoforlar ishlamay qolishi va katta tirbandliklar yuzaga kelishi tez-tez uchraydi. Ba’zan suv ta’minotida ham uzilishlar bo‘lib turadi. Yaponiyada yashaganda kech qolish yoki berilgan va’daga amal qilmaslikka yo‘l qo‘yilmasligini o‘quvchilarga qayta-qayta tushuntirib kelmoqdamiz.

④ Kadrlar tayyorlashdagi o‘ziga xos yondashuvlar va Yaponiyada muvaffaqiyatli ishlash uchun zarur ko‘nikmalar

Muloqot qilish qobiliyatidan samarali foydalanish orqali «o‘rta darajadagi kadrlar»ni tayyorlash

Ta’lim berish jarayonida men alohida e’tibor qaratadigan jihat — o‘quvchilarga yapon tili bilan bir qatorda, Yaponiyadagi ish joylarida amal qilinadigan odob-axloq qoidalari va kundalik hayot madaniyatini ham o‘rgatishdir. «O‘rta darajadagi kadrlar»ni tayyorlash maqsadida Qoraqalpog‘istonda ilk bor o‘tkazgan «Japan Fest» festivalimizni ham o‘quvchilar va mahalliy xodimlarning o‘zlari mustaqil ravishda rejalashtirib, tashkil etdilar va katta muvaffaqiyatga erishdilar. Bu holat xuddi maktab yoki universitetdagi madaniyat festivalining muvaffaqiyatli o‘tishini kuzatayotgandek taassurot qoldirdi va meni juda quvontirdi.

O‘quvchilarning bunday qobiliyatlari va salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida KJC (Qoraqalpog‘iston–Yaponiya markazi)dagi darslar har kuni «Radio Taisō» — yaponcha jismoniy badantarbiya mashqlari bilan boshlanadi. Yaponiyaning qurilish sohasida ham ishni ko‘pincha ertalabki badantarbiya (radio taisō) bilan boshlashadi. Shu sababli, o‘quvchilar bu odatga oldindan ko‘nikib borishlari uchun biz ham uni darslarimizga joriy etdik. Shuningdek, sinf faollari tizimi ham joriy etilgan bo‘lib, tozalik va tartib uchun mas’ul o‘quvchilar hamda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etishga mas’ul o‘quvchilar sinf faoliyatini boshqarishda ishtirok etmoqda. 

2026-yil iyun oyida qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi uch nafar kompaniya rahbarlari Nukus shahriga maxsus tashrif buyurdi. Ular o‘quvchilar bilan bevosita uchrashib, ilk uchrashuvning o‘zidayoq ikki nafar nomzod uchun ishga qabul qilish o‘rinlarini ajratib berishdi. Yapon kompaniyalari bir jihatni tushunishlarini istardim: Yaponiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar hali kam bo‘lgani sababli, ular o‘zlarini yolg‘iz va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj his qilishadi. Vetnam kabi Yaponiyaga ishchilar yuborish bo‘yicha katta tajribaga ega mamlakatlarning ko‘plab fuqarolari allaqachon Yaponiyada ishlamoqda. Shu sababli, yangi kelganlar biror qiyinchilikka duch kelsalar, tajribali vatandoshlaridan yordam so‘rashlari mumkin. Biroq o‘zbekistonliklar ko‘pincha muayyan kompaniya yoki hududda birinchilardan bo‘lib ish boshlaydilar. Shu sababli ular uchun ko‘p narsalar notanish bo‘lishi mumkin. Ularni tushunib, qo‘llab-quvvatlab, muntazam muloqot qilib tursangiz, juda minnatdor bo‘lardik. Shuningdek, imkon bo‘lsa, o‘quvchilar Yaponiyaga kelishidan oldin Qoraqalpog‘istonda ular bilan shaxsan uchrashishingiz o‘zaro munosabatni yanada mustahkamlaydi, deb o‘ylayman.

Yaponiyada xorijlik ishchilarni qabul qilishning ikkita asosiy tizimi mavjud:
・ Maxsus malakali ishchi (Tokutei Ginou) : Kasbiy malaka va yapon tili imtihonlaridan o‘tgan shaxslar ishga tayyor kadr sifatida qabul qilinadi. « Kasbiy ko’nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi (Ikusei Shourou)» tizimida malaka orttirganlar ham tegishli talablarga javob bersa, ushbu maqomga o‘tishi mumkin. Qariyalarni parvarishlash (Kaigo) sohasida qo‘shimcha yapon tili imtihoni ham talab qilinishi mumkin.
・ Kasbiy ko’nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi (Ikusei Shourou) : Ishchilar uch yil davomida ishlab, kasbiy ko‘nikmalarni egallaydi va «Tokutei Ginou 1-daraja»ga o’tishga intiladi.
Qaysi tizim mos kelishi ish sohasi va vaqtga bog‘liq. Batafsil ma’lumot uchun bizga aloqaga chiqishingiz mumkin.

Yaponiya kompaniyasi tomonidan ish faoliyati haqida ma’lumot berish / 2026-yil iyul, Nukus shahri

⑤ Yapon kompaniyalari va maqolani o‘quvchilarga murojaat

Avvalo, bir marta bo‘lsa ham Nukusdagi o‘quv markazimizga tashrif buyuring. Men uchun O‘zbekistonda tadbirkor sifatida faoliyat yuritishning eng quvonchli jihati — mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanishini bevosita his qilishdir. Bu yerda hamma kelajakka umid bilan qarab, olg‘a intilmoqda. Ana shu muhitni his qilishning o‘zi ham O‘zbekistonga kelishga arziydi. Menimcha, O‘zbekistonning kadrlar bozori hali katta rivojlanish salohiyatiga ega. Shu sababli, hozir o‘zaro raqobatlashishdan ko‘ra, hamkorlikda bozorni kengaytirish, ya’ni «birgalikda qiymat yaratish» davri deb hisoblayman.

Ushbu sohada faoliyat yuritayotgan boshqa kompaniya va tashkilotlarning murojaatlarini ham mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Ishchi kuchi yetishmovchiligidan qiynalayotgan kompaniya rahbarlarini Nukusga bir bor tashrif buyurishga taklif qilaman. Biz sizga bu yerda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, kerakli joylar bilan tanishtiramiz. Kelgusida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni rejalashtirayotganlarni ham faqat poytaxt Toshkentga emas, balki mamlakatning g‘arbida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ham e’tibor qaratishlarini xohlayman.

Murojaat uchun:“Orange” kompaniyasi(https://orangeinc.voyage/ )、
Kai X https://x.com/weloveorange 

Japan Fest festivalidan lavha / 2026-yil avgust, Nukus shahri